Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:41

Xitoy Boeing 737 MAX 8 uchoqlari parvozini vaqtincha to‘xtatdi


Boeing 737 MAX 8 uchoqlari
Boeing 737 MAX 8 uchoqlari

Efiopiyada ro‘y bergan aviahalokatdan so‘ng Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati (XFAM) mamlakat aviakompaniyalariga tegishli 100 ga yaqin Boeing Co 737 MAX 8 uchog‘i parvozlarini taqiqlab qo‘ydi. Bu dunyodagi ushbu rususmdagi uchoqlar flotining chorakdan ko‘p qismini tashkil qiladi.

Ammo AQSh rasmiysi Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati qanday ma’lumotga asoslanib, bunday yo‘l tutganidan bexabar ekanini aytdi. Unga ko‘ra, ushbu rusumdagi tor fyuzelyajli reaktiv uchoqning yakshanba kuni ro‘y bergan halokati bo‘yicha tergov ishlari endigina boshlandi.

Mavzu qaltis bo‘lgani uchun ismini oshkor qilmasdan gapirgan AQSh rasmiysi “Ethiopian Airlines” aviakompaniyasi izidan borib, ayni rusmdagi uchoqlar parvozini taqiqlash rejasi bo‘lmagani, Qo‘shma Shtatlarda reaktiv uchoqning xavfsizlik darajasi hujjatlarga ko‘ra juda yuqori ekanini aytdi. "Hali Efiopiyada ro‘y bergan halokat sababi ma’lum emas", dedi u.

“Boing” kompaniyasining AQShdagi birjalar ochilishidan oldingi savdo chog‘ida aksiyalari narxi 9 foiz tushib ketdi. Kompaniya vakilining aytishicha, hali tergov dastlabki bosqichda, shu sababli aviakompaniyalar uchun uchoqdan foydalanishning yangi yo‘riqnomasini ishlab chiqishga asos yo‘q.

Osiyo-Tinch okeani aviakompaniyalari uyushmasi bosh direktori Endryu Herdman ayni rusumdagi uchoqlarda biror mexanik nosozlik yoki jihoz ishlamay qolgani aniqlanmay turib, ular parvozini taqiqlash kutilmagan hol ekanini aytdi.

Floti tarkibida Boeing 737 MAX uchoqlari bo‘lgan aviakompaniyalar ular parvozini to‘xtatmasligini va taqiqlash rejasi yo‘qligini bildirdi.

Nayrobiga yo‘l olayotgan “Ethiopian Airlines”ga tegishli 737 MAX 8 uchog‘ining yakshanba kuni parvoz qilganidan so‘ng bir necha daqiqa o‘tib qulab tushishi oqibatida 157 kishi halok bo‘ldi. Aviakompaniya ushbu rusumdagi barcha uchoqlari parvozini taqiqlab qo‘ydi.

Oktabr oyida Indoneziyaning chiptalari arzon “Lion Air” aviakompaniyasiga qarashli 737 MAX 8 uchog‘i poytaxt Jakarta aeroportidan parvoz qilgandan 13 daqiqa o‘tib, qulab tushgan va 189 kishi halok bo‘lgan edi.

Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati “Boing” kompaniyasi va AQSh federal aviatsiya ma’muriyati (FAM) bilan parvozlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan muloqot qilgandan so‘ng uchoqlar yana qachon uchishi mumkinligi haqida aviakompaniyalarni xabardor qilajagini bildirdi.

"Parvozlarni taqiqlash xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq va uning Qo‘shma Shtatlar bilan Xitoy o‘rtasida savdo-sotiq mojarosiga aloqasi yo‘q", dedi XFAM rahbari o‘rinbosari Li Jian.

Ayni damda Xitoyning “Air China”, “China Eastern Airlines”, “China Southern Airlines” va “Hainan Airlines” avikompaniyalari tasarrufida 96 ta 737 MAX 8 reaktiv uchog‘i bor.

Xabarlarga ko‘ra, dushanba kuni 29 ta xalqaro va ichki reyslar bekor qilingan, yana 256 ta boshqa reys uchoqlari almashtirilgan.

Indoneziyadagi halokat sabablari hamon tergov qilinmoqda.

“Ethiopian Airlines” aviakompaniyasi “qo‘shimcha xavfsizlik chorasi” sifatida tasarrufidagi 4 ta 737 MAX 8 uchoq parvozini to‘xtatib qo‘ydi.

“Boing” kompaniyasi yanvar oxiriga qadar mijozlarga 737 MAX oilasiga mansub 350 ta uchoq yetkazib berdi, yana 4661 ta uchoqqa buyurtma olgan.

Xitoy so‘nggi yillarda mustaqil xavfsizlik regulyatori sifatida mustaqillikka erishishga intilmoqda – Qo‘shma Shtatlar va Yevropadagi regulyatorlar bilan o‘zaro xavfsizlik me’yorlarini tan olish yuzasidan muzokara olib bormoqda. 2017 yili bu borada AQSh FAM bilan bitimga ham erishildi. Ammo masalaning boshqa bir jihati ham bor – Xitoy G‘arb aviakompaniyalariga o‘zining C919 uchog‘ini sotish taraddudida.

Xitoy aviatsiya eksperti Li Siaojinga ko‘ra, bu taqiq unchalik katta muammo emas, chunki uning aviakompaniyalari tasarrufida 100 ga yaqin 737 MAX 8 uchog‘i bor. Vaholanki, ularning aviaflotidagi uchoqlari soni 2000 dan oshadi.

XS
SM
MD
LG