Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:59

Buxorolik advokat IIV xodimi urib, qovurg‘asini sindirganini iddao qildi


Avdokat Maqsud Kamolov
Avdokat Maqsud Kamolov

Buxoro shahridagi “Buxoro adolati plyus” advokatlik firmasi boshlig‘i Maqsud Kamolov Ozodlikka Buxoro viloyat, G‘ijduvon tuman IIB xodimi, leytenant Tursunpo‘lat Sayidov uni urib, uchta qovurg‘asini sindirib tashlaganidan shikoyat qildi.

G‘ijduvon tuman IIBning Ozodlik suhbatlashgan navbatchisi mazkur hodisada jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun tergovoldi surishtiruv ishlari to‘xtatilganini bildirdi.

Ammo Maqsud Kamolov G‘ijduvon tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi rahbariyatini jinoyatni “yopdi-yopdi” qilayotganlikda aybladi.

Kutilmagan zarba

65 yashar advokat Maqsud Kamolov so‘zlariga ko‘ra, hodisa 2018 yilning 25 dekabrida G‘ijduvon tuman ichki ishlar bo‘limida yuz bergan.

G‘ijduvon IIB tergovchisi unga telefon qilib, o‘z himoyasi ostidagi gumondor shaxs ishi bo‘yicha ichki ishlar idorasiga yetib kelishni so‘raydi.

Maqsud Kamolov o‘z yengil avtomobilida jamoatchi yordamchisi Isoq Zoirov bilan Buxoro shahridan G‘ijduvon shahri markaziga mahalliy vaqt bilan soat 16:30 da yetib boradi.

G‘ijduvon tuman ichki ishlar bo‘limi nazorat-o‘tkazish joyida (KPP) advokatni leytenant Tursunpo‘lat Sayidov qarshi oladi va ichki ishlar idorasiga mobil telefon olib kira olmasligini aytadi.

Maqsud Kamolov so‘zlariga ko‘ra, u zobitning bu taqiqiga e’tiroz bildiradi.

- Baribir men kiradigan bo‘ldim. Kirishim shart. Tergovchi kutayotgandi ichkarida. Kiraman degan vaqtda tortishib qoldik, undan keyin itarib, ko‘chaga chiqarmoqchi bo‘ldi. Kurtkalarimdan tortdi va KPPdan ko‘chaga chiqarmoqchi bo‘ldi. Men bunga yo‘l qo‘ymadim, qo‘lim bilan siltab tashladim. Shundan so‘ng u ikki qo‘lim bilan mening kurtkamdan olib KPP xonachasiga tortib olib kirdi, - deb hikoya qildi Maqsud Kamolov.

Maqsud Kamolov iddaosicha, ichki ishlar zobiti uni urib, uchta qovurg‘asini sindirgan
Maqsud Kamolov iddaosicha, ichki ishlar zobiti uni urib, uchta qovurg‘asini sindirgan

​Advokatning iddao qilishicha, ichki ishlar zobiti KPP xonasida uni do‘pposlaydi.

- Men umuman kutmagandim, birdaniga o‘ng qo‘li mushti bilan chap biqinimga uch marta qattiq zarba berdi. Men engashib qoldim. Kutmagandim. Og‘riqdan engashganimdan keyin tizzasi bilan ayni biqinimga tepdi. Shundan so‘ng qo‘limni orqaga qayirib, meni ichki ishlar binosining ichkarisiga, uch qavatli bino ichkarisiga olib kirib ketdi, - dedi Maqsud Kamolov.

"Ichgansiz, mastsiz"

Shovqin-suronni eshitgan ichki ishlar xodimlari ikkovlon oldiga chiqadi.

Maqsud Kamolovning iddao qilishicha, kaltaklagan zobit uni ichki ishlar xodimlariga topshirib, yana o‘z xizmat joyiga qaytadi.

Ammo, advokatning shikoyat qilishicha, ichki ishlar xodimlari uning ahvoli og‘irlashayotganiga e’tibor qaratishmaydi.

- Yordam ko‘rsatishni, tez tibbiy yordam ko‘rsatishni iltimos qildim. Lekin bir soat davomida meni hech qanday sababsiz bino ichkarisidagi fuqarolarni qabul qilish xonasiga olib kirib, ushlab o‘tirishdi. Ketishgayam qo‘yishmaydi, tez yordam ham chaqirishmaydi, - deydi u.

Maqsud Kamolovning qo‘shimcha qilishicha, bir soat so‘ngra uni ichki ishlar xodimlari G‘ijduvon tuman prokuraturasiga olib ketishadi.

Advokat talabi bilan uning yoniga tuman prokurori keladi.

- Prokuror hammaning oldida "ichgansiz, mastsiz," dediyu tergovchiga qarab, "buning ichganligini aniqlash uchun narkolog tekshiruvidan o‘tkazing," dedi, - deydi Maqsud Kamolov.

Maqsud Kamolov bemorxonada
Maqsud Kamolov bemorxonada

Maqsud Kamolov o‘sha kuni mashina boshqargani va "ish vaqtida umuman" spirtli ichimliklar ichmasligini qo‘shimcha qildi.

Maqsud Kamolov mahalliy vaqt bilan 21:30 da ahvoli og‘irlashgach, prokuraturga xodimlari "Tez tibbiy yordam" chaqirishganini aytdi.

Ichki ishlar va prokuratura xodimlari uni G‘ijduvon tuman shifoxonasiga olib borishadi va u yerda ham narkolog ko‘rigidan o‘tishni talab qilishadi, biroq Maqsud Kamolov unga ilk tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qiladi.

Oradan bir soat o‘tib, soat taqriban 22:30da uyiga ketaverishi mumkinligini ma’lum qilishadi.

"7,8 va 9 qovurg‘alar yopiq singan"

Maqsud Kamolov qovurg‘asi rentgen qilingan
Maqsud Kamolov qovurg‘asi rentgen qilingan

Maqsud Kamolov jamoatchi yordamchisi Ishoq Zoyirov yordamida o‘z mashinasida Buxorodagi ish joyiga qaytadi.

- Jemperimni yechmoqchi bo‘lib, qo‘limni ko‘targanimda, chap biqinimda xuddi pichoq sanchgandek kuchli og‘riq berdi va "neproizvolno" baqirib yubordim. O‘g‘lim va yordamchim Ishoqjon meni respublika tez tibbiy yordam markazining Buxoro filialiga olib borishdi. U yerda meni navbatchi tramvatolog-xirurglar ko‘rishdi. Rentgendan o‘tdim. Shifokorlar plastinkalarni ko‘rib, "aka, 7, 8 va 9 qovurg‘alar yopiq singan," deyishdi, - deydi Maqsud Kamolov.

U ayni markazda 9 kun davolanib chiqqanini bildirdi.

Maqsud Kamolov ahvoli haqida ekspert xulosasi
Maqsud Kamolov ahvoli haqida ekspert xulosasi

Advokat hikoyasini uning yordamchisi Ishoq Zoyirov tasdiqladi va isbot sifatida rentgen surati va eskspertiza xulosasini Ozodlikka yubordi.

Prokuror qarori

Ozodlik advokat iddaolarini tekshirish uchun G‘ijduvon tuman ichki ishlar idorasiga qo‘ng‘iroq qildi.

O‘zini "Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi", deb tanishtirgan shaxs, ayni hodisa yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilgani va jinoyat tarkibi topilmagani uchun to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Ozodlik 25 dekabrda yuz bergan hodisaga G‘ijduvon tuman prokuraturasidan munosabat ololmadi.

Shu bilan birga Ozodlik G‘ijduvon tumanidagi o‘z manbasi orqali "jinoyat ishi qo‘g‘zatishni rad qilish to‘g‘risidagi qaror"i nusxasini qo‘lga kiritdi.

G‘ijduvon tumani prokurori qarori
G‘ijduvon tumani prokurori qarori

Tuman prokurori imzolagan qarorda ta’kidlanishicha, leytenant Tursunpo‘lat Sayidov "harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli" jinoyat ishi to‘xtatilgan.

Bunday xulosa chiqarilishiga, tergovoldi surishtiruvi paytida Tursunpo‘lat Sayidovning advokat Maqsud Kamolovga nisbatan "kuch ishlatmagani" aniqlangani sabab bo‘lgan.

Ammo Maqsud Kamolov G‘ijduvon tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi rahbariyatini jinoyatni “yopdi-yopdi” qilayotganlikda ayblamoqda.

XS
SM
MD
LG