Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2020, Тошкент вақти: 15:51

“Bank xodimlari dam olish kunlari ham mahallama-mahalla kezishga majburlandi”


“Bank tizimi xodimlarini majburiy ishlatish, ish tartibidagi adolatsizliklar hamon davom etmoqda. 7 mart, ish kuni tugashi arafasida oldindagi bayram kunlari haqida shirin xayollarga berilib turgandik. Kayfiyatimizni xufton qilib, dam olish kunlarida qilishimiz kerak bo‘lgan topshiriqlarni berishdi".

Ozodlikka kelgan xatlardan biri shunday boshlangan. Maktubning davomini o‘qing:

"Mana, o‘sha topshiriqlarning ayrimlari:

Bugungi o‘tkazilgan selektordan kelib chiqib, tuman hokimi o‘rinbosarlari bilan kelishib, namunaviy ikkitadan mahalla tanlab olinadi. Ularda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Markaziy bank raisi o‘rinbosari keladi.

Hududlarga chiqib namunaviy mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar tanishtiriladi. MFYlarga biriktirilgan mas’ul xodimlarga qilinayotgan ishlarning mazmun-mohiyati, kredit ajratish tartibini to‘liq tushuntirish kerak. Bundan tashqari, namunaviy mahallalarda amalga oshiriladigan loyihalarning (issiqxona, parranda, baliqchilik, asalarichilik, tikuvchilik yo‘nalishlarida) taxminiy xarajatlari, ta’minotchilar ro‘yxati, xarajatlar va daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar buklet shaklida tarqatilishi kerak.

9 mart kuni ertalabdan Respublika ishchi guruhi a’zolari belgilangan grafik bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtiriladi. Fuqarolar bilan suhbatlashib, loyiha bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar batafsil so‘raladi. Tumandagi mavjud ta’minotchilar ro‘yxati, zaruriy xomashyo (masalan, parranda yemi va qafasini qaerdan olish) to‘g‘risidagi ma’lumotlar mas’ul xodimlar va boshqaruvchilarda bo‘lishi zarur.

Namunaviy mahallalarda ko‘proq ixtisoslashuvga e’tibor berilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, tumandagi mavjud mahallalar hamda bandlik markazi tomonidan berilgan kam ta’minlangan oilalar soni, o‘rganishlar davomida nima ishlar qilinayotganligi bo‘yicha xodimlarga yana bir bor tushuntirishlar berish vazifasi yuklatiladi. Namunaviy mahalla hududida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha ish jarayoni (issiqxona qurish, quyon qafasi, parranda va h.k) ko‘rsatiladi. Amalga oshiriladigan loyihalarning taxminiy xarajatlari (kredit to‘lovlari bo‘yicha hisob-kitob) va amalga oshiriladigan loyihalarning daromadlari to‘g‘risidagi tarqatma materiallar (yunalishlar bo‘yicha) barcha biriktirilgan xodimlarda va mahallada ko‘rinadigan joylarda bo‘lishi lozim.

Shuningdek, barcha biriktirilgan xodimlarni ishga jalb etib, xatlov ishlarini davom ettirish, xatlov davomida aniqlangan kredit talabgorlari hujjatlarini tayyorlab (asalarichilik yo‘nalishiga alohida e’tibor berish lozim) dushanba 11 mart kuni kredit chiqarishga tayyor holatga keltirish vazifasi topshirildi.

Ushbu topshiriqlarni boshqa davlatlardagi bank xodimlari umuman tushunmasa kerak. Axir, bular bank sohasi vakillarining bevosita majburiyatiga kirmaydigan ishlar-da!

9-10 mart kunlari qonunchilikda belgilangandek barcha uchun dam olish kuni hisoblanadi. Ammo shu kunlarda oila a’zolari diydoriga to‘yish, bayramni yaxshi o‘tkazish, bahor kelib tomorqalardagi yig‘ilib yotgan ishlarga oz-moz qarashishni niyat qilgan bank xodimi qattiq adashadi.

Dam olish kunisiz ishlash unumdorlik va mehnat muhitiga salbiy ta’sir etadi. Topshiriqlar ham ijro etilmaydi. Bank xodim majburiyatidan tashqaridagi ishlarni qo‘l uchida qiladi-da. O‘rtada faqat besamar ketgan kun uvol bo‘ladi. Biz tinimsiz ishlash haqida balandparvoz gaplar aytyapmiz, xolos. Aslida esa bu hol taraqqiyotga emas, turg‘unlikka olib keladi”.

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Ozodlik bu mulohazalar uchun mas’ul emas.​

XS
SM
MD
LG