Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:31

Tashqi ishlar vazirligining ruhiy xasta sobiq mulozimi DXX tomonidan davlatga xiyonatda ayblanmoqda


Tashqi ishlar vazirligining davlatga xoinlikda ayblanayotgan sobiq mulozimi Qodirjon Yusupov.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining yuqori lavozimli sobiq mulozimi Qodirjon Yusupov Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “davlatga xoinlik qilish”da ayblanmoqda.

Yaqinlarining aytishicha¸ uzoq yillardan beri ruhiy xastalikdan aziyat chekib kelayotgan 67 yashar Yusupov 2018 yilning 3 dekabr kuni tongda Toshkent metropolitenining Pushkin bekatida o‘zini poezd ostiga tashlagan, ammo tasodif bilan omon qolgan.

Boshidan qattiq lat y sobiq diplomat¸ oila-a’zolariga ko‘ra¸ bu voqeadan keyin tushib qolgan ruhiy trans holatida “o‘zining G‘arb davlatlarining josusi” ekani haqida aljiray boshlagan va kasalxonaga yetib kelgan DXX xodimlari ana shu “iqror” asosida unga qarshi jinoiy ish ochib¸ sobiq mulozimni Jinoyat Kodeksining 157-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblamoqda.

Yaqinlariga so‘nggi marta 9 dekabr kuni kasalxonada ko‘rsatilgan Qodirjon Yusupov¸ 10 dekabr kuni DXX tergov izolyatoriga o‘tkazilgan. Shundan beri uning salomatligi¸ qo‘yilayotgan ayblov mohiyati haqida yaqinlariga hech qanday ma’lumot berilmayotir¸ oilasi yollagan advokatning uni himoya qilishi ham rad etilgan.

Yusupov ishini tergov qilayotgan DXX tergovchisi Ozodlik bilan suhbatda bu haqda izoh berilmasligini¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi esa “ishning protsessual qonunchilikka muvofiq olib borilayotganini” bildirdi.

Suiqasd urinishi

2018 yilning 3 dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi o‘z rasmiy saytida:

Bugun, 3 dekabr kuni taxminan soat 8.45 da «Pushkin» metro bekatidagi temiryo‘l relslariga 67 yoshli kishi yiqilib tushdi. IIB xodimlari shu zahotiyoq metro elektropoezdini to‘xtatib, jabrlangan kishiga yordam ko‘rsatishdi. Yiqilgan kishi yengil tan jarohatlari olgan. Hodisaga aniqlik kiritilmoqda”¸ degan xabar e’lon qildi.

Ozodlikka bog‘langan yaqinlariga ko‘ra¸ “temiryo‘l relslariga yiqilib tushgan 67 yashar shaxs” O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining yuqori lavozimli sobiq mulozimi Qodirjon Yusupovdir.

Qodirjon Yusupov 3 dekabr kungi suiqasd urinishidan so‘ng kasalxonaga olib kelingan.
Qodirjon Yusupov 3 dekabr kungi suiqasd urinishidan so‘ng kasalxonaga olib kelingan.

Yusupov¸ O‘zbekiston respublikasining Avstriya¸ Buyuk Britaniya va yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalari¸ shuningdek mamlakatning BMT va YeXHTdagi doimiy vakolatxonasida ishlagan¸ 2002-2005 yillarda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatini boshqargan¸ 2009 yilda TIV tizimidagi faoliyati uzaytirilmagan.

3 dekabr kuni Qodirjon Yusupov¸ oilasining Ozodlikka bildirishicha¸ temir yo‘lga tasodifan yiqilib tushmagan¸ balki o‘zini o‘ldirish maqsadida o‘zini metro poezdi tagiga tashlagan.

Qodirovning Londonda yashaydigan o‘g‘li Boburning aytishicha¸ 2 dekabr kungi telefon suhbatida otasi o‘zining qattiq tushkunlikda ekani¸ bir haftadan beri uyqusizlikdan aziyat chekayotganini aytgan.

Ertalab bu voqea bo‘lgan¸ o‘zini Toshkent IIBsi xodimi deb tanishtirgan shaxs uyimizga borib¸ bir soat so‘roq-javob qilgan va faqat 12 larga yaqin otamning poezd tagidan qutqarib olinib¸ kasalxonaga yotqizilganini xabar qilgan. Kuzatuv kamerasidagi yozuvdan otamning poezd tagiga sakragani ko‘riladi. Ammo ular buni suiqasd emas¸ balki tasodifiy baxtsiz hodisa¸ deb rasmiylashtirgan”¸ deydi Bobur Yusupov.

Ruhiy xastalik

Yaqinlariga ko‘ra¸ Yusupov 1995 yildan boshlab qattiq ruhiy kasallik – shizofreniyadan aziyat chekib keladi.

Dadam O‘zbekistonning YeXHTdagi vakili sifatida 1994 yil dekabrida YeXHT sammitiga tayyorgarlik uchun mas’ul bo‘lgan. Budapesht sammitiga Karimov kelgan¸ stress juda qattiq bo‘lgan. Birinchi tutqanoq shu sammitdan ko‘p o‘tmay 1995 yilda bo‘lgan¸ o‘shanda maxsus konsilium qilinib¸ rossiyalik mutaxassis shizofreniya alomatlari borligini aytgan. Ammo ishini yo‘qotmaslik uchun oilamiz bu kasallikni yashirishga urinib kelishgan”¸ deydi Yusupovning 34 yashar o‘g‘li Bobur.

Yusupovning Toshkentdagi yaqinlari 3 dekabr kungi voqea aynan shizofreniyaning yangi tutqanog‘i turtkisida bo‘lganini aytadi.

Ukam va singlim dadamni ko‘rish uchun Toshkentdagi 4-klinikaga borishganda¸ u judayam qattiq ruhiy hayajonda bo‘lgan. Ustiga-ustak¸ relsga yiqilganida u poezd tagiga boshi bilan yiqilib¸ miyasi chayqalgan¸ yelka suyagi singan. Bir hafta umuman mijja qoqmagani¸ o‘zini poezd tagiga qanday otganini eslay olmaganini aytgan. Ukam aytilgan dorilarni olib kelish uchun chiqqanida¸ palataga ikkita DXX xodimi kelgan so‘roq-javob uchun. Dadam ularga go‘yo “men G‘arb davlatlariga josuslik qilaman¸ ular menga oyiga 1000 dollar beradi”¸ deb iqror bo‘lgan”¸ deydi Bobur Yusupov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ DXX xodimlari gallyutsinatsiya holatidagi odamning aljirashini jiddiy qabul qilgan - shundan so‘ng nafaqat Qodirjon Yusupov¸ balki uning Toshkentda yashovchi kenja o‘g‘lining barcha elektron jihozlari¸ laptop¸ telefonlari olib ketilgan va ko‘p o‘tmay sobiq diplomatga Jinoyat Kodeksining 157-moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

4 dekabr kuni 16-kasalxonaga o‘tkazilgan Qodirjon Yusupovni bu yerda operatsiya qilishgan¸ 10 dekabr kuni esa¸ DXX Tegov izolyatoriga o‘tkazishgan.

O‘shandan beri dadamga nima bo‘lgani¸ uning sog‘lig‘i qandayligini bilmaymiz. Oilamiz toshkentlik advokat Allan Pashkovskiyni yolladi. Ammo dadamga “bu advokat xizmatidan foydalanmayman” degan xatga qo‘l qo‘ydirib¸ uning xizmatiga ruxsat berishmadi. Davlat tayinlagan advokat esa¸ “hech narsa qilib bo‘lmaydi¸ otang aybdor¸ kamida 13 yilga ketadi”¸ deyishdan boshqa narsa qilmadi. Bu odam¸ xavfsizlik xizmatlarining “cho‘ntak advokati”¸ deydi Qodirjon Yusupov yaqinlaridan yana biri.

Sobiq diplomat Qodirjon Yusupovga ochilgan jinoyat ishining “uning iqrori”dan tashqari yana nimalarga asoslanganini aniqlash maqsadida Ozodlik Yusupov ishini tergov qilayotgan DXX katta tergovchisi Anton Kim bilan bog‘landi. Qisqa telefon suhbatida mulozim bu ish bo‘yicha izoh berilmasligini ta’kidlash bilan cheklandi.

Qodirjon Yusupov yaqinlarining Ozodlikka bildirgan xavotir va e’tirozlariga munosabat bildirgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi esa “Q.Yusupov tergov organiga yozma murojaat etib JPKning 52-moddasi normalariga rioya qilingan tartibda ixtiyoriy ravishda voz kechgan. Buni tasdiqlovchi protsessual hujjatlar mavjud”ligini ma’lum qildi.

Prokuratura javobida “himoya huquqidan voz kechish ham xuddi himoya huquqining o‘zi kabi ayblanuvchining protsessual huquqi” ekani aytiladi.

Yusupov oilasi¸ o‘zlari tanlagan mustaqil advokat xizmatidan voz kechish haqdagi xatga Qodirjon Yusupovning ruhiy bosim ostida qo‘l qo‘yganiga ishonishini ta’kidladi.

Irsiy kasallik

Ruhiy xastalik¸ yaqinlari e’tificha¸ Yusupovlar oilasida irsiy kasallik va Qodirjon Yusupovning akasi Botirjon Yusupov 2015 yilda shizofreniya oqibatida vafot etgan.

Qodirjon Yusupovning akasi 2015 yilda vafot etgan va o‘limga "shizofreniya asorati" sabab bo‘lgani yozilgan.
Qodirjon Yusupovning akasi 2015 yilda vafot etgan va o‘limga "shizofreniya asorati" sabab bo‘lgani yozilgan.

Yusupovlar oilasi Botirjon Yusupovning o‘limiga shizofreniya sabab bo‘lganiga oid rasmiy o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma¸ qolaversa¸ uning vrach nazoratida turgani va ruhiy xastalikdan aziyat chekib kelgani haqidagi mutaxassislar xulosani taqdim qildi.

Qodirjon Yusupovning yillardan beri ruhiy xastalikdan aziyat chekib kelganini tasdiqlovchi tibbiy xulosalardan biri nusxasi.
Qodirjon Yusupovning yillardan beri ruhiy xastalikdan aziyat chekib kelganini tasdiqlovchi tibbiy xulosalardan biri nusxasi.

Dadam 2011 yildan beri muntazam psixiatr nazoratida turadi. Muntazam ravishda Sevpram degan psixtrop dori ichadi. Yevropada bu dorining analogi Ciralex deb ataladi. Ichmasa¸ gallyutsinatsiya¸ suitsid kayfiyatiga tushadi. Shizofreniya tutqanog‘i ba’zi-ba’zida tutib turadi¸ boshqa payt asabiylik va jirrakilikni hisobga olmasa¸ normal yuradi”¸ deydi Bobur Yusupov.

Yusupov yaqinlari¸ Qodirjon Yusupovning DXX izolyatorida bu dori bilan ta’minlangan-ta’minlamaganidan bexabarligi¸ agar bu dori 1-2 kun berilmasa¸ otasining gallyutsinatsiya holatiga tushib¸ aljirashidan qattiq xavotirda ekanini aytadi.

Bunaqa aljirash paytida u G‘arb agenti u yoqda tursin¸ o‘zini Xudo yo payg‘ambar deyishdan ham toymaydi”¸ deydi Yusupov yaqinlari.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Qodirjon Yusupov¸ 2009 yili Venadagi xizmat vakolati tugab Toshkentga qaytgandan so‘ng¸ Tashqi ishlar vazirligi xizmatidan chiqarilgan va keyingi 10 yil davomida davlat siriga oid tizimlarda ishlamagan.

Dadam nihoyatda ehtiyotkor odam edi. U O‘zbekiston haqida hech qachon negativ gapirmagan¸ diplomat sifatida bilganlarini sir tutgan. 157-moddada “davlatga xoinlik qilish davlat sirlarini chet eldagilarga yetkazish yoki O‘zbekistonga ataylab dushmanlik qilish” deb tasniflangan. Dadam bunaqa sirga aloqador bo‘lmagan bo‘lsa¸ qaysi sirni kimga sotishi mumkin?” deydi Bobur Yusupov.

Ayni paytda yaqinlari¸ Yusupovning “pensiyadagi analitik” sifatida biror tahliliy maqola yozgan bo‘lish ehtimolini inkor qilmasligi¸ ammo bunday maqolani “pensioner kundaligi”dan boshqa narsa deb atash kulguli bo‘lishini ta’kidlaydi.

Vaziyat qandaydir tragikkomediyaga o‘xshaydi. Shizofreniyaga yo‘liqqan sobiq diplomat o‘zini “G‘arb shpioni” deb tanishtiradi va DXX tergovchilari “katta josus va xoinni fosh qildik” deb ochko olmoqchi¸ o‘zini zo‘r ishlayotgandek qilib ko‘rsatmoqchi. DXXda kadrlar ostin-ustun bo‘lib ketgan hozirgi davrda dadamning taqdiri ana shunday mayda ambitsiyalarga qurbon bo‘lib ketishidan xavotirdamiz”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Bobur Yusupov.

Yusupovlar oilasi Qodirjon Yusupov taqdiriga e’tibor qaratish¸ xususan¸ uning tutqunlikdagi haq-huquqlari ta’minlanishi¸ oilasi tayinlagan advokat va yaqinlari bilan ko‘rishishiga ruxsat berilishi ta’minlanishida ërdam so‘rab¸ BMT¸ YeXHT¸ YeI kabi xalqaro tizimlar va inson haqlari tashkilotlariga murojaat qilgan.

Hozircha jarayonning borishida¸ Yusupovlar ta’kidicha¸ hech qanday ijobiy o‘zgarish yo‘q – DXX tergovchisi Qodirjon Yusupovning yana kamida ikki oy hibsxonada qolishi va undan so‘ng ish sudga oshirilishini bildirgan¸ xolos.

Jinoyat Kodeksining 157-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatning sodir etilgani sudda isbotini topsa¸ sudlanuvchi “o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

XS
SM
MD
LG