Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2020, Тошкент вақти: 17:06

Rembrand asarini Bosh prokuratura Madaniyat vazirligiga topshirdi


Bosh prokuratura rasmiy vakili Surayyo Rahmonova Rembrand asarini Madaniyat vazirligi mulozimiga topshirmoqda. Toshkent, 2019, 13 mart.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limining 13 martdagi xatiga asosan, rassom Rembrandt Van Reynning mualliflik asari maxsus komissiya a’zolari ishtirokida tegishli protsessual tartibda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining mas’ul xodimlariga topshirildi. Bu haqda Ozodlikka Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura tomonidan 2014 yilning 27 mayida Yakkasaroy tumani IIB TB tomonidan K.Y. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 170-moddasi (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgan.

Tergov 2008 yilning 28 avgustida fuqaro A.P. o‘z tanishi bo‘lgan K.Y.ga rassom Rembrandt Van Reynning muallifligidagi asarni 50 ming AQSh dollariga sotganini va u o‘z navbatida tanishi bo‘lgan R.F. orqali asarni respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketganini aniqlagan.

2014-2018 yillar davomida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi va javobgarlikka tortish muddati tugaganligi sabali jinoyat ishi bir necha marta to‘xtatilgan va tugatilgan.

Shundan keyin, fuqaro A.P. qabul qilingan qarorlardan noroziligi xaqida Bosh prokuror nomiga ariza bilan murojaat qilgan.

"Bosh prokuror topshirig‘ig‘a asosan ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar IIB Tergov bo‘limidan talab qilib olindi va 04.06.2018 yili Bosh prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasining ish yurituviga berildi", deyiladi BP matbuot xizmati xabarida.

O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan 2018 yilning 14 iyunida o‘tkazilgan tezkor-tergov tadbirlar natijasida ushbu jinoyat ishi fosh etilib, Rembrandtning mualliflik asari topilgan.

Tergov natijalariga ko‘ra, K.Y. va R.F. Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) va 238-moddasining 2-qismi (yolg‘on guvohlik berish) bilan ayblanuvchi sifatida jalb qilingan va 2018 yilning 14 sentabrida jinoyat ishi ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborilgan, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining 2018 yil, 21 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, K.Y. va R.F. aybdor deb topilgan, asar esa davlat daromadiga o‘tkazilgan.

Sud hukmining ijrosini ta’minlash maqsadida yilning 8 fevralida Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Bu ish bilan bog‘liq Ozodlik yoritgan bir necha materialni shu sahifadagi "Aloqador" ruknida o‘qishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG