Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:34

OzodDayjest: Toshkentda mehmonxona farroshlari xorijlik sayyohlarni to‘nagani fosh bo‘ldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Adabiyotshunos Ibrohim Haqqul odamlarning qon-qoniga qo‘rquv tuyg‘usi singib ketgani sababini aytdi. Toshkentdagi mehmonxonada ikki farrosh xorijlik sayyohlarning pulini o‘g‘irlagan. Samarqandda Majburiy ijro byurosi xodimi pora bilan qo‘lga olindi.

_____________________________________________________________

Taniqli olim qo‘rqoq va labbaychilar mansabga ko‘tarilayotganidan xavotir bildirdi

O‘zbek jamiyatida uzoq davrlardan beri hukm surib kelgan mash’um qo‘rquv muhiti jamiyat a’zolarini “palag‘da” qilib qo‘ydi (kun.uz, 9 mart). Bu haqda taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul bilan suhbatda so‘z borgan. Qayd etilishicha, sho‘ro davridagi qirg‘in va qatag‘onlar tufayli qo‘rquv millatning qon-qoniga singib ketgan. “Nazarimda, Gorbachyov davrida har qalay erkinlik bo‘lgandi... Bu erkinlik mustaqillikkacha ham keldi. Ya’ni, mustaqillikning dastlabki davrlarida ham ahvol boshqacha edi. Lekin 1995 yillardan keyin qo‘rquv yana qayta bosh ko‘tardi. Erkin fikrlashga bo‘lgan bir qadar taqiqlar boshlandi. Millat uchun qayg‘urgan ma’rifatparvar ziyolilarning ayrimlari jazolandi. Natijada, odamlar jasoratni emas, qullikni ifodalaydigan gaplardan ovunadigan bo‘lishdi”, deydi Ibrohim Haqqul. Uning ta’kidlashicha, bugun prezident Shavkat Mirziyoevga juda qiyin. Negaki, qo‘rqoq va labbaychi odamlar amalga ko‘tarilgan. Adabiyotshunos olim qo‘rquv haqida qo‘rqmasdan fikrlashish lozimligini ta’kidlagan.

Toshkentda xorijlik sayyohlar pulini o‘g‘irlagan mehmonxona farroshlari jazolandi

Toshkentdagi mehmonxonada ishlovchi ikki nafar farrosh ayol xorijlik sayyohlarning pulini o‘g‘irlagani fosh bo‘ldi (“Inson va qonun”, 14 mart). Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi raisi Zafar Bobonov xabar beradi. Qayd etilishicha, ismi oshkor etilmagan ayollar Toshkentdagi mehmonxonalardan birida farroshlik qilgan. Ikki ayol xonalarni tozalash chog‘ida o‘g‘rilikka qo‘l urgan. Ulardan biri xorijiy davlatdan kelgan mehmonlar xonasida yo‘q ekanidan foydalanib, jomadonlaridan pul va taqinchoqlar o‘margan. Ikkinchi farrosh esa yo‘lakda poyloqchilik qilib turgan. Qayd etilishicha, farosatsizlarcha qilingan jinoyat qisqa fursatda fosh etilgan. Sudьya Z. Bobonovga ko‘ra, boshqa jinoyat qilmaslikka so‘z bergan ayollarga yengil jazo – eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida jarima tayinlangan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Samarqandda MIB xodimi pora bilan ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Jomboy tumani bo‘limi xodimi S. N. pora bilan ushlandi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. 35 yoshli xodim Samarqandda yashovchi tanishidan Majburiy ijro byurosi tizimiga ishga joylab qo‘yish evaziga 1000 dollar pora talab qilgan. U esa MIB xodimining tamagirligi haqida huquq idoralariga xabar bergan. Byuro xodimi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchasida ko‘rsatilgan miqdordagi porani olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, 2018 yili prokuratura organlari xodimlariga 98 ta holatda 57 ming 500 AQSh dollari va 48,8 million so‘m miqdorida pora taklif etilgan, prokuratura vakillari porani rad etgan va pora taklif etgan shaxslarga qonuniy jazo tayinlangan. Ammo prokuratura matbuot xizmati ushbu muddat davomida tizim xodimlari necha marta pora bilan ushlangani hamda olingan poraning umumiy summasiga oydinlik kiritmagan.

XS
SM
MD
LG