Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:36

OzodDayjest: Hokim yordamchisi Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 8000 dollar pora oldi


Xorazmda hokimlik rasmiysi pora bilan ushlandi. 25 yoshli ayol shifokorlar aybi bilan onalik baxtidan mosuvo bo‘ldi. Ta’lim vazirining prezident maktablari haqidagi fikri tanqidga uchradi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Hokim yordamchisi Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 8000 dollar pora oldi

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimi yordamchisi 8000 dollar pora olayotganida ushlandi (“Huquq”, 14 mart). Hokimlik rasmiysi ushbu miqdordagi pulni ikki nafar vatandoshni tashqi mehnat migratsiyasi agentligidagi tanishi orqali Janubiy Koreya davlatiga ishlashga yuborish va’dasi bilan olgan. Qayd etilishicha, avvalroq Urganch tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ham turarjoyga egalik huquqini belgilash evaziga 5 million so‘m pora olgani aniqlangan va unga sud tomonidan tegishli jazo berilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, prokuratura huzuridagi departament 2018 yilda davlat idoralari vakillarining tamagirligi va korrupsiya bilan bog‘liq 94 ta holatni fosh qilgan.

Vazirning prezident maktablari haqidagi fikri tanqidiy baholandi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning prezident maktablari xususidagi posti bahsli munosabat uyg‘otdi. Jumladan, “Ishonch” gazetasida vazirga ochiq xat e’lon qilindi. Vazir ijtimoiy tarmoq orqali ota-onalarga “Farzandingiz prezident maktablarida o‘qishini istasangiz, ingliz tilini o‘rgatishni boshlang”, degan chaqiriq bilan chiqqan edi. Ochiq xat muallifi esa prezident maktablari uchun ingliz tilini bilish asosiy shart qilib qo‘yilayotganini tanqidiy baholagan. “Biz ona tilimiz, milliy-diniy qadriyat­larimiz, urf-odatlarimiz oyoqosti qilingan, xo‘rlik-sitamlarni boshidan o‘tkazgan xalqmiz. Mus­taqilligimizga 28 yil, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilganimizga 30 yilga yaqin vaqt bo‘layotgan esa-da, tilimiz hali-hamon biz istagan darajada o‘z nufuziga ega bo‘lganicha yo‘q”, deb yozadi xat muallifi. Qayd etilishicha, ingliz tilini bilish iste’dod va qobiliyatni aniqlashning asosiy barometri sanalishi noto‘g‘ridir. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham xorijiy tillarni o‘rganish muhim ekanini tan olgan holda, o‘zbek tiliga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaganlar. Ayrim foydalanuvchilar esa “prezident maktabi” tarzida tabaqaga ajratmay, barcha o‘rta ta’lim maskanlarini rivojlantirish lozimligini urg‘ulagan.

Toshkentlik ayol ham chaqalog‘idan, ham farzand ko‘rish imkonidan mahrum bo‘ldi

Toshkent shahar perinatal markazi mas’ul xodimlarining aybi bilan 25 yoshli M.I. onalik baxtidan bir umrga ajraldi (“Darakchi”, 14 mart). Turmush qurganidan 4 oy o‘tib, homilador bo‘lgan ayol oy-kuni yaqinlashganida perinatal markazga olib kelingan. Kesarevo usulida, jarrohlik yo‘li bilan tug‘dirilgan chaqaloq nobud bo‘lgan. Buning ustiga, tug‘ruqdan keyin akusherlik bo‘limiga o‘tkazilgan bemorga tibbiy yordam ko‘rsatishda shifokorlarga xatoga yo‘l qo‘ygan. Ikkinchi bor o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotida kelinchakning bachadoni uning ruxsatisiz olib tashlangan va ayol butunlay farzand ko‘rish imkonidan mahrum etilgan. Qayd etilishicha, sud jarayonida Perinatal markaz bo‘lim mudiri D.R. ham, shifokor D.R. ham aybini tan olmagan. Ammo ularning aybi dalillar bilan o‘z isbotini topgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi sudyasi Abdulla Abdulxaevga ko‘ra, shifokorlarga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ular, shuningdek, bir yil muddatga sog‘liqni saqlash tizimida ishlash huquqidan mahrum etilgan. Sud Toshkent shahar perinatal markazi xodimlari attestatsiya orqali saralanishi lozimligini ham belgilagan.

XS
SM
MD
LG