Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:35

Nursulton Nazarboev prezidentlikdan ketdi


Nursulton Nazarboev

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev 19 mart kuni xalqqa qilgan jonli telemurojaatida prezidentlik vakolatlariga iste’fo berganini e’lon qildi.

Qozog‘istonni 30 yil mobaynida boshqarganini ta’kidlagan 79 yashar Nazarboev bu muddatda o‘z mamlakatini vayronagarchilik va urush yoqasidan qaytarib dunyoning taraqqiy qilgan zamonaviy¸ demokratik davlatiga aylantirganini tilga oldi.

Bu muddat ichida¸ Nazarboev ta’kidicha¸ mamlakat iqtisodi 15 martaga kattalashgan¸ agrar mamlakatdan dunyoning taraqqiy qilgan davlatlari safiga qo‘shilgan¸ aholi daromadi dollar hisobida 9 barobarga oshgan.

Qozog‘istonning o‘zi yetakchilik qilgan yillarda¸ birinchi navbatda¸ SSSRdan mustaqil bo‘lgan iqtisodiy jihatdan qudratli milliy davlatga aylangani¸ qozoq davlatchiligining jahon xaritasidan o‘rin olgani¸ qozog‘istonlik yoshlarning hamma jihatdan¸ birinchi galda¸ ta’lim sohasida xalqaro maydonda bellashadigan millatlar qatoriga qo‘shilganini ta’kidladi.

7 marta prezidentlikka saylanganini buyuk xalqqa xizmat qilish baxti deb atagan Nazarboev¸ qozoq xalqiga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Nazarboev o‘zining Elboshi maqomida faoliyatini davom ettirishi¸ bundan so‘ng Nurotan partiyasi raisi¸ Konstitutsiyaviy sud rahbari va Xavfsizlik kengashi raisi sifatida qolajagini bildirdi.

Qozog‘iston konstitutsiyasiga 2018 yili kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra¸ Nursulton Nazarboev umrining oxiriga qadar Xavfsizlik kengashi raisi bo‘lib qoladi va mamlakat hayotiga oid muhim xabarlarni qabul qilish vakolatini o‘zida saqlab qoladi.

Nazarboev telemurojaati davomida millatdoshlari¸ xususan¸ qozoq yoshlarini mamlakat mustaqilligini ko‘z qorachig‘idek qo‘riqlashga chaqirdi.

Qozoq va rus tillaridagi murojaati so‘nggida Nazarboev¸ o‘zining 20 martdan boshlab prezidentlik vakolatlarini topshirishi haqidagi farmonni o‘qib¸ unga imzo chekdi.

Nazarboev prezident vakolatlarining¸ konstitutsiyaga muvofiq¸ Senat raisi Qosimjo‘mart To‘qaevga o‘tganini bildirdi va uning o‘tmishdagi siyosiy faoliyatiga yuqori baho berdi¸ uning prezident sifatida mas’uliyat bilan ishlashiga ishonch bildirdi.

Nazarboev nima uchun prezident vakolatlariga iste’fo bergani sabablariga izoh bermadi.

Nazarboev 1989 yil – Qozog‘iston hali SSSR tarkibida bo‘lgan davrdan beri mamlakatni boshqarib kelmoqda. 2015 yili Nazarboev beshinchi marta prezidentlikka saylandi va Markaziy saylov komissiyasi Nazarboevga saylovchilarning 97,75 foizi ovoz berganini bildirgan edi.

2010 yili mamlakat parlamenti Nursulton Nazarboevga Elboshi maqomi bergan va bu maqomga ko‘ra¸ Birinchi prezident daxlsizligi u prezidentlikdan ketganidan keyin ham saqlanadi. Bu haqdagi qonunga muvofiq¸ Elboshi umrining oxirigacha hibsga olinmaydi, tintuv va so‘roq qilinmaydi¸ ayni paytda uning oila a’zolari mol-mulki daxlsizligi bir umr saqlanadi.

Qozoq deputatlari qabul qilgan qonunda, Elboshi - Nursulton Nazarboev hayotiga tahdid solish terrorchilik xurujiga tenglashtirilgan¸ Nazarboev suratiga behurmatlik qilganlar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.

XS
SM
MD
LG