Линклар

Шошилинч хабар
17 июл 2019, Тошкент вақти: 22:22

Kim o‘zarga Navro‘z o‘tkazadigan chiroqchilik sinfdoshlar bu yil Chiyaliga Munisa Rizaevani olib keldi (VIDEO)


Chiyalidagi 2019 yilgi Navro‘z sayli.

Qashqadaryo viloyat, Chiroqchi tumanidagi qishloqlarda Navro‘z bayramini o‘tkazish navbati bu yil o‘rta maktabni 1985 yilda bitirganlarga keldi. Chiroqchining Chiyali qishlog‘ilik sinfdoshlar elga 2 tonna guruch damlab, osh tortdi. Bayramga Munisa Rizaevani taklif qildi.

Taniqli xonanda Munisa Rizaeva Instagram sahifasida e’lon qilgan videoda Chiroqchining Chiyali qishlog‘ida o‘tkazilgan Navro‘z saylidagi konserti aks etgan.

Videoda qo‘lida mobil telefonini ko‘tarib olgan minglab yosh yigitning sahnada ashula aytayotgan Rizaevani olqishlayotgani aks etadi. Yozgan izohida Rizaeva o‘z chiqishiga bu qadar ko‘p odam kelishini tasavvuriga ham sig‘dira olmaganini bildiradi.

Муниса Ризаева чироқсиз Чироқчини чироқсиз ёритди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:56 0:00

O‘tgan yillarda aynan Chiyalidagi Navro‘zga¸ chiroqchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistondan dong chiqargan katta san’atkorlarning ko‘pi borgan.

Munisa Rizaeva¸ qolaversa boshqa mashhur ashulachilar aynan Navro‘z kunida nega O‘zbekistonning bu chekka qishlog‘iga borib¸ yaydoq maydonda konsert beradi¸ degan savolga javob izlash jarayonida Ozodlik faqat Chiroqchigagina xos bo‘lgan Navro‘z fenomeniga duch keldi.

Bepul osh va tomoshani Azamat uyushtirdimi¸ yoki azamatlar?

Chiroqchidagi Chiyali chuvilloq qishlog‘idagi Navro‘z bayrami sohibi (aynan shunday deyilgan - tahr.) Bobomirzaev Azamat (Kostya) bo‘ladi. 2 tonna guruch damladi¸ 5 ming dollar berib Munisa Rizaevani, Dilshodni 10 millionga obkelib Chiroqchiga Navro‘z qilib berdi. Azamat (Kostya) vikupga Toshkentdan olgan Neksiyada yuradi¸ lekin Navro‘zga 250 mlndan ortiq pul sarfladi”¸ deb xabar berdi Ozodlikka shaxsini ochiqlamagan chiroqchiliklardan biri.

Ozodlik gaplashgan boshqa chiroqchiliklar¸ bu ma’lumotning qisman to‘g‘ri ekanini bildirdilar.

Chiyalidagi kechagi bayramga men ham bordim. Kamida 12 qozon osh tortildi¸ Munisa Rizaeva konsert berdi. Lekin buni Azamatning bir o‘zi qilmadi. Sinfdoshlar pul to‘plab qilishdi. Bu yil Chiyalida¸ adashmasam¸ 85-yilgilarning gali kelgan”¸ dedi ayni Navro‘z saylida qatnashganlardan biri.

Chiroqchiliklar bilan suhbatdan ayon bo‘lishicha¸ 90-yillarning oxirlaridan beri bu tumandagi qishloqlarda har yili maktabni tugatgan yiliga qarab¸ sinfdoshlarning o‘z qishlog‘ida "pul tashlashib"¸ Navro‘z sayli o‘tkazishi yozilmagan qonunga aylangan.

Bu ishga rahbarlar aralashmaydi. Galma-galdan sinfdoshlarning o‘zi qiladi. Navro‘zdan ancha oldin pul yig‘ish boshlanadi. Majburiylik yo‘q – hamma holiga qarab¸ 1 millionmi¸ 10 millionmi tashlaydi. To‘plangan pulga qarab¸ qancha guruchdan osh damlash¸ qaysi artistni olib kelishga kelishiladi. Kecha Chiyalidagilar Munisani olib kelgan bo‘lsa¸ bugun Oqto‘nli qishlog‘idagi sinfdoshlar Sherali Jo‘raevning o‘g‘lini olib kelishdi. Ertaga Tuxmorga Yulduz Usmonovaning qizi Nilufar keladi”¸ - dedi Ozodlik gaplashgan chiroqchiliklardan biri.

Kimo‘zar Navro‘z

Chiroqchi qishloqlarida yillardan beri an’anaga aylangan sinfdoshlar puliga beriladigan Navro‘z oshi va tomoshasi haqida gapirgan chiroqchiliklar¸ bugunga kelib bu bepul sayllarning qishloqlar o‘rtasidagi kimo‘zar musobaqaga aylanganini aytadilar.

O‘tgan yillarda Ortiq Otajonov¸ Gulsanam Mamazoitovalar kelgan Chiyaliga. O‘zbekistondagi manaman degan artistlarning hammasi Chiroqchi¸ Navro‘z desangiz¸ biladi. Chunki sinfdoshlar har yili o‘tgan yilgidan mashhurrog‘ini olib kelishga harakat qiladi. Sinfdoshlar Navro‘zi tonggi soat 6 lardan tarqatiladigan bepul osh bilan boshlanadi¸ keyin Toshkentdan kelgan ashulachilar konsert beradi¸ undan keyin kurash bo‘ladi. Endi ba’zilar ko‘pkarini boshlagan¸ lekin hamma qishloqda ham emas”¸ deydi chiroqchiliklardan biri.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ xalq qaysi qishloqning Navro‘zi qaysi kuni bo‘lishi¸ unga qaysi artist kelishini ovozalardan biladi va bu tadbirga yon qishloq va tumanlardan ham odamlar oqib keladi.

Birov sen kimsan¸ masalan¸ chiyalidanmisan-yo‘qmi¸ deb so‘ramaydi – bayram hammaga ochiq. Bepul osh yetganga yetadi¸ yetmagan o‘sha maydonda kechasi bilan o‘rnatilgan ko‘chma oshxona va do‘konlardan baliqmi¸ shashlikmi sotib oladi. Bepul oshga kech qolganlarga - xafa bo‘lish yo‘q”¸ deydi suhbatdoshlardan biri.

“Chiyalini hamma san’atkor biladi”

Youtube portalida “Chiroqchi¸ Navro‘z” degan so‘zlar qidiruvga berilsa¸ bu tumanning yaydoq maydonlarida o‘tkazilgan o‘nlab Navro‘z sayllari videolari chiqib keladi. Ular orasida Chiyali va Tuxmor qishlog‘idagi Navro‘z tasvirlari ko‘pni tashkil qiladi.

2018 yil Chiyali qishlog‘idagi Navro‘zda qatnashgan Ortiq Sultonov¸ oddiy chiroqchiliklarning “sinfdoshlar Navro‘zi” uyushtirishning faqat shu tuman qishloqlariga xos ana’ana ekani haqidagi gapini tasdiqlaydi.

"Ustidagi kiyimi¸ tagidagi mashinasi¸ Toshkentdagi ikki qavatli uyini aynan chiroqchiliklar puliga qilingan"ini ta’kidlagan Sultonov:

- Chiyali o‘zi chetroq bo‘lsayam¸ O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan 4-5 qishloqdan bittasi. Chiyali desa¸ lyuboy joyda¸ “bilamiz”¸ deydi. Bu yurtning yigitlari qilayotgan bunaqangi ish boshqa hech qaerda yo‘q og‘aynilar. Bu yil 84-yil ukalarimiz mani borib shartta taklif qilib keldi. Man jon-jon deb rozi bo‘ldim¸ chunki Chiyaliga kelib xizmat qilish sharaf biz san’atkorlar uchun¸ - deydi 2018 yili Chiyalida o‘tkazilgan Navro‘z sayli videosida.

Eng qoloq qishloqlarning tanti yigitlari?

Ozodlik gaplashgan ayrim chiroqchiliklar o‘z qishloqlarida yildan-yilga kuchayib borayotgan Navro‘zga kim necha qozon osh damlaydiyu¸ qaysi nom chiqargan ashulachini olib keladi¸ degan musobaqani ko‘p ham qo‘llamasliklarini bildirdilar.

Bu qishloqlardagi ahvolni ko‘rsangiz¸ xafa bo‘p ketasiz. Yo‘l yo‘q¸ suv yo‘q¸ bog‘ yoki tuzukroq dam oladigan joy yo‘q¸ maktab-kasalxonalar xarob. Sinfdoshlar to‘playdigan pulini bir kunlik chang-to‘zon ichidagi tomoshaga sarflamay¸ xalq hayotini sal yaxshilaydigan ishlarga sarflasa bo‘lmaydimi¸ deb o‘ylab qolaman. Bugungi bayramda ham oxirigacha qololmadim. Konsert tugagandan keyin¸ yosh-yosh bolalarni kurashga solishdi. Aylanib¸ odamlardan pul yig‘ishdi¸ bir ahvoldagilar ham cho‘ntagida borini tashladi. Million so‘m berganlar ham bo‘ldi. Jahlim chiqib¸ uyga qaytayapman hozir”¸ deydi Chiyalidagi tomoshaga borganlardan biri.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ Chiroqchi qishloqlaridagi har yilgi Navro‘z sayllariga pul beradiganlarning ko‘pchiligi Rossiyada ishlab yurganlardir.

Bular yillab oilasini ko‘rmay¸ Rossiyada og‘ir ishlarni qilib¸ pul topayapti. Navro‘zga sinfdoshlar pul yig‘ayapmiz¸ deb eshigiga borsa¸ oilasi yo‘q deyolmaydi. O‘zi Rossiyada bo‘lsa ham¸ bola-chaqasi Chiroqchida¸ Navro‘zga chiqib osh yeb¸ bepul tomosha ko‘radi. Yegan og‘iz uyaladi¸ bular ham beradi”¸ deydi chiroqchiliklardan yana biri.

Mahalliy hokimiyat va qishloq Navro‘zlari

Ozodlik muxbirining 22 mart kuni Chiroqchi tuman hokimligiga qilgan qo‘ng‘iroqlariga hech kim javob bermadi. Tuman ichki ishlar bo‘limining Ozodlik gaplashgan xodimi¸ Chiyali va boshqa qishloqlarda har yili sinfdoshlar to‘plagan pulga Navro‘z uyushtirish ana’asi borligi va bu tadbir xavfsizligini ta’minlashga ichki ishlar xodimlari ham qatnashishini bildirdi.

"Bugun hamma o‘sha joyda"¸ dedi Chiyalini nazarda tutgan ichki ishlar xodimi jumladan.

Ozodlik gaplashgan oddiy chiroqchiliklar esa¸ bu sayllarga hokimiyat va xavfsizlik tizimlari deyarli aralashmasligi¸ faqat sayl o‘tkazilayotgan qishloqlarga mas’ul uchastka nozirlarigina chetdan qarab turishini aytdi.

"Melisa-xavfsizlik bo‘lmasa ham shu paytgacha biror to‘polon chiqqanini bilmayman. Odamlarning o‘zi bayram buzilmasin deb¸ mast-alasi bo‘lsa ham¸ o‘zi tartibga solib kelayapti"¸ deydi chiroqchiliklardan biri.

XS
SM
MD
LG