Линклар

Шошилинч хабар
12 декабр 2019, Тошкент вақти: 09:27

"Tramadol" sotgani uchun sudlangan bosh hamshira lavozimida qolmoqda


DXX tarqatgan ma’lumotga ko‘ra¸O‘zbekistonda o‘tgan oylar davomida 13 ming donadan ko‘proq "Tramadol" tabletkasi musodara qilingan.

2018 yil noyabrida kasalxona hududida kuchli psixotrop moddasi – "Tramadol" dorisini noqonuniy sotayotgan paytda qo‘lga olingan Toshkent shahar 1-sonli klinikasi jarrohlik bo‘limi bosh hamshirasi¸ bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilib¸ sudlanganiga qaramay¸ o‘z lavozimida qolmoqda.

Ozodlikka bu haqda xabar bergan klinika xodimlari¸ soxta retsept asosida pachkasini aptekadan 30 ming so‘mdan olgan hamshiralar "Tramadol"ni kasalxonaning Kadrlar bo‘limi oldida 400 ming so‘mga sotayotganda ushlangani va bu jinoyat sudda o‘z tasdig‘ini topganini bildirdilar.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining mazkur ishga bevosita aloqador mulozimining Ozodlikka aytishicha, 1-instansiya sudi hukmi bilan hamshiralarning eng kam ish haqining 100 miqdori baravarida jarimaga tortgan. Shundan so‘ng apellyatsiya sudi qo‘shimcha jazo tayinlagan.

Klinika ma’muriyati esa¸ hamshiralarning ishda qolayotganini sud hukmi kutilayotgani bilan izohladi.

Sud hukmi

2019 yilning 16 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Shayxontohur tumanida joylashgan 1-sonli shahar klinikasining ikki hamshirasi ustidan berilgan apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqib¸ hukmga kichik tuzatish kiritdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi 6 fevral kuni klinikaning yiringli xirurgiya bo‘limi bosh hamshirasi J.A. va muolaja hamshirasi Sh.Sh.ni eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida jarima to‘lashga hukm qilgan. (2019 yil 1 yanvaridan O‘zbekistonda eng kam ish haqi miqdori 202 703 so‘m qilib belgilangan – tahr.)

Toshkent shahar prokuraturasi chiqarilgan hukm ustidan apellyatsiya arizasi kiritganidan so‘ng¸ shahar sudi 16 mart kuni hukmga jarimadan tashqari sudlanuvchilarning “mansabdorlik va moddiy javobgarlik bor ishlarda ishlashini ikki yilga taqiqlash” jazosini ham qo‘shdi.

Ikkala hamshira noyabr oyida kasalxona hududida bir pachka (10 ta ampula) "Tramadol" psixotrop dorisini sotaëtgan paytda Shayxontohur tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonida qo‘lga olingan.

Ushlanish

Ozodlikka o‘zini 1-sonli shahar klinikasining “bu voqealardan xavotirga tushgan xodimlari vakili” deb tanishtirgan shaxs hamshiralarning ushlanishi kasalxona xodimlari ko‘z o‘ngida sodir bo‘lganini bildirdi.

Bittasi gnoynaya xirurgiyaning bosh hamshirasi¸ ikkinchisi protsedurniy hamshira. Bular bo‘lim boshlig‘i pechatini¸ uning ruxsatisiz soxta retseptga qo‘yib¸ "Tramadol"ni markaziy aptekadan 30 ming so‘mdan olgan. Kadrlar bo‘limi oldida 10 ta ampulani bir yigitga 400 ming so‘mga sotayotganida¸ ROVD guruhi ushladi. Bu esa¸ ularning bu ishni surunkali qilib kelgani va kimdir ichki ishlarni bundan oldindan ogohlantirganini ko‘rsatadi. Jinoiy ish tergovi uch oy davom etdi. Ularga ikkita – firibgarlik va narkotiklar savdosi degan ayb qo‘yildi. Lekin qo‘lga tushganidan bugungacha J.A. haliyam bosh hamshira bo‘lib ishlayapti. Bunaqa og‘ir jinoyatda ayblangan odamning mas’uliyatli lavozimda qolishi absurd emasmi?” dedi kasalxona ma’muriyati tazyiqidan qo‘rqib shaxsi sir tutilishini istagan 1-sonli klinika xodimlaridan biri.

Ozodlik gaplashgan xodimlar¸ kuchli narkotik dorining klinika hududida sotilib kelinganiga kasalxona ma’muriyatidagilarning aloqasi borligi va shu bois ular hamshiralarning yengil jazo bilan qutulib qolishiga astoydil uringanini iddao qildi.

“Bosh hamshiraning bu voqeadan keyin ham hech narsa ko‘rmagandek ishini davom ettirayotgani¸ uning homiylari qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatadi. Klinikadagilar bu haqda Bosh prokuraturaga shikoyat qilmoqchi bo‘lganini eshitib¸ bular hammani qo‘rqitdi”¸ deydi Ozodlik gaplashgan 1-sonli klinika tibbiyotchilaridan biri.

Ma’muriyat javobi

Ozodlik Toshkent shahridagi 1-sonli klinika rahbariyati bilan bog‘lanib¸ tovlamachilik va narkotiklar savdosida ayblangan bosh hamshira va muolaja hamshirasining hozirga qadar ishlayotganiga izoh so‘radi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi ochiqlanmasligini so‘ragan ma’muriyat mulozimi¸ yiringli xirurgiya bo‘limi bosh hamshirasiga sud hukmi chiqqunga qadar biror chora ko‘rishga huquqiy asos bo‘lmaganini bildirdi.

Bular sudning yakuniy hukmi chiqqunga qadar¸ gumonlanuvchi edi. Ularni ishdan bo‘shatish yoki intizomiy chora ko‘rishga bizda huquqiy asos yo‘q edi. 16 mart kuni sud hukm chiqardi¸ lekin biz rasmiy taqdimnomani hali qo‘lga olmadik. Bizga rasman yetib kelishi bilan¸ hukmni ijro qilamiz”¸ dedi klinika ma’muriyati mutasaddisi.

Ozodlik gaplashgan huquqshunosga ko‘ra¸ O‘zbekiston protsessual qonunchiligiga muvofiq¸ “tergov vaqtida bunday shaxsni egallab turgan lavozimidan chetlashtirish protsessual majburlov chorasi qo‘llaniladi”. Ayni paytda¸ “bu muayyan jinoyat ishi holatlariga bog‘liq”¸ deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

“Klinika o‘z sha’nini himoyalash uchun bosh hamshirani vaqtincha bu maqomdan chetlatish chorasini nega qo‘llamadi”¸ degan savolga 1-sonli klinika mutasaddisi¸ buni kasalxona advokatidan so‘rash lozimligini aytish bilan javob berdi.

Sud og‘ir jinoyatda ayblanganlarga nega yengil jazo berdi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi mulozimi¸ bu savolga qisqa qilib¸ insoniylik nuqtai nazaridan, deya javob berdi.

Bu ayollarning bittasi 57 yoshda¸ allaqachon pensiyada. J.A. ham pensiya yoshiga yetib qolgan¸ 54 yashar ayol. Avval jinoyat qilmagan¸ bir pachka "Tradamol" bilan ushlangandan keyin¸ qamab yuborish qanchalik insoniylikka to‘g‘ri keladi? Bilasiz¸ prezidentimiz sudlardan insoniylikni talab qilayapti! O‘zi 20 millionlik jarimani to‘laguncha bo‘ladigan bo‘ldi bularning. Keyin¸ Shayxontohur tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi¸ ayollar yashaydigan mahalla rahbarlari bularni kafillikka oldi”¸ dedi tuman sudi mulozimi.

Bu rasmiyga ko‘ra¸ 1-instansiya sudi hamshiralarga eng kam ish haqining 100 barobari miqdorida jarima to‘lash bo‘yicha hukm chiqarganidan keyin¸ Toshkent shahar prokuraturasi bu hukm ustidan apellyatsiya arizasi kiritgan.

16 mart kunlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi¸ tuman sudi hukmini kuchda qoldirgani holda¸ unga “mansabdorlik va moddiy javobgarlik bor ishlarda 2 yilgacha ishlashni taqiqlash” jazosini ham qo‘shgan.

Hukm 18 mart kuni rasmiylashtirildi. Oraga bayram tushib¸ 1-klinika ma’muriyatiga ijro uchun yuborishga ham ulgurmadik. Bugun-erta kur’er bilan jo‘natamiz va shundan so‘ng kasalxona ma’muriyati ijroni ta’minlash uchun J.A.ni bosh hamshiralikdan chetlatishi shart”¸ dedi Toshkent sudi mulozimi.

"Tramadol" qanday dori?

Opioid vositalari sirasiga kiruvchi "Tramadol" tibbiyotda o‘ta kuchli og‘riq bilan kechuvchi kasallik va jarohatlar paytida faqat maxsus tibbiy ruxsatnoma bilan qo‘llaniladigan og‘riqni qoldiruvchi vosita hisoblanadi.

U ikki xil – tabletka va tomir orqali yuboriladigan suyuqlik shaklida ishlab chiqariladi va suyuqligi tabletkasidan ancha kuchli va tez ta’sir qiluvchi vosita hisoblanadi.

O‘zbekiston Bosh vazirining 2018 yil 27 oktabr kungi maxsus qarori bilan "Tramadol" mamlakat hududida savdo qilish taqiqlangan narkotik va psixtrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

11 mart kuni O‘zbekiston DXX mamlakat bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 13 ming donadan ko‘proq "Tramadol" tabletkasi musodara qilingani va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan qator shaxslar qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG