Qozog‘iston banki ham o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin o‘g‘irlangani gumon qilinayotgan aktivlar o‘rnini qoplash uchun borayotgan xalqaro kurashga qo‘shildi. Bank prezident Donald Tramp sobiq hamkorining Moskvadagi Tramp osmono‘par binosini qurish uchun o‘g‘irlangan mablag‘lardan ishlatganini iddao qilmoqda.
Ish 25 mart kuni Manhettendagi federal sudga oshirildi. Bir vaqtlar Qozog‘istonning eng yirik banki bo‘lgan BTA aktivlarni qaytarib olish va ayni damda qochib yurgan sobiq raisini javobgarlikka tortishni ko‘zlamoqda.
Sudga berilganlar orasida Feliks Seyter ham bor. U sudlangan jinoyatchi, Federal tergov byurosi agenti va Nyu-Yorkdagi developerlardan biri sifatida Tramp bilan o‘tmishda qurilish loyihalari bo‘yicha sheriklik qilgan shaxsdir.
Seyter 27 mart kuni Namoyandalar palatasining Razvedka ishlari bo‘yicha qo‘mitasida guvohlik bermoqchi. Bu eshituvda uning ayni ish yuzasidan so‘roq qilinishi va Trampning Moskvada osmono‘par bino qurish bo‘yicha ko‘pyillik sa’y-harakatlarini ro‘yobga chiqarishda qanday yordam berganini gapirib berishi kutilmoqda.
Sud da’vosi BTAning sobiq raisi Muxtor Ablyazovga qarshi qaratilgan. Qozog‘iston hokimiyat idoralari Ablyazovni bank sinishidan oldin undan 4 milliard dollargacha pul o‘g‘irlanganlikda ayblamoqda. Sudga berilgan shikoyatda Ablyazovning kuyovi Ilyas Xrapunovning ham bankdan o‘g‘irlangan pulning ma’lum qismini yuvishga aralashgani aytiladi.
BTA da’vo arizasida Seyterning 2011 yildan boshlab Ablyazov bilan Xrapunovga AQShdagi bir qancha moliyaviy operatsiyalar orqali 40 million dollarga yaqin pulni halollashda yordam bergani ko‘rsatilgan.
Shikoyatda o‘sha mablag‘ning ma’lum qismini Xrapunovning singlisi Manhettendagi Tramp Soho osmono‘par binosidan yashash joylari sotib olishga ishlatgani aytilmoqda.
Tramp nomi ham shikoyatda keltiriladi, ammo uning jinoiy pullarga yashash joylari sotib olinganidan xabardor bo‘lgani haqida hech narsa deyilmaydi.
“Seyter nafaqat Tramp Tauerda Xrapunov bilan o‘g‘irlangan pullarni yuvishni muhokama qilish uchun uchrashdi, qolaversa, ehtimoliy sarmoya masalasini muhokama qilishlari uchun Ilyas bilan Donald J.Trampning uchrashuvini ham tashkil qildi”, deyiladi shikoyatda.
Seyterning qaerda ekani noma’lumligi bois¸ undan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
10 yildan ko‘proq Donald Trampning shaxsiy advokati bo‘lgan Maykl Koen Kongress oldida so‘roq berayotib, BTA o‘zini Ablyazovni javobgarlikka tortish maqsadida yollaganini aytganidan so‘ng¸ Qozog‘istonning o‘tmishdagi eng yirik banki AQSh matbuotida tilga tushdi.
BTAning Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi advokati Koen aytganlarni tasdiqladi va uning 2017 yili yollangani e’tirof qildi. Ayni paytda¸ bank nomidan qilingan bayonotda Koenning “hech bir e’tiborga loyiq ish qilmagani va BTA tez orada u bilan kelishuvni bekor qilgani” aytildi.
Koen Manhettendagi federal prokurorlar va maxsus prokuror Robert Myuller qo‘ygan ayblovlarga iqror bo‘lganidan so‘ng Namoyandalar palatasi oldida so‘roq berishga majbur bo‘lgan edi.
Koen dastlabki so‘roq paytida Moskvada Tramp Tauer binosi qurilishi loyihasi haqida Rossiya hukumati vakillari bilan o‘tkazgan muzokaralari vaqti va davomiyligi haqida yolg‘on gapirganini tan oldi.
O‘sha loyiha BTAning sudga kiritgan da’vo arizasida ham tilga olinadi.