Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2021, Тошкент вақти: 18:32

OzodDayjest: Elektr tarmoqlari korxonasi jizzaxliklar gardaniga asossiz ravishda katta qarz yuklangani fosh etildi


Illyustrativ surat.

O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning katta qismi qayta ishlanmasdan qolmoqda. Jizzaxda aholi gardaniga elektr uchun 5 milliard so‘m qarz yuklangani fosh bo‘ldi. Samarqandda uch qizni bosib ketgan haydovchi jazoga tortildi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning qariyb 80 foizi qayta ishlanmay qolib ketmoqda

O‘zbekistonda yiliga 20 million tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda, biroq shuncha mahsulotning 70-80 foizi qayta ishlanmasdan qolmoqda (“XXI asr”, 28 mart). Pishiqchilik mavsumida meva-sabzavot narxi arzon bo‘lib ketadi, ularni saqlash esa kattagina xarajat talab qiladi. Dehqon va fermerlar qo‘lida mahsulot qolib ketayotgani nafaqat ularning oilaviy byudjeti, mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qayd etilishicha, meva-sabzavot mahsulotlarini xorijlik iste’molchiga yetkazib berish tizimi hali-hamon shakllanmagan. Bu borada Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda savdo uylari tashkil qilish lozim. Shuningdek, chet ellik xaridorlar talabiga javob beradigan sabzavot urug‘i, daraxt ko‘chati yetishtirish va uning sifatini kafolatlovchi tizim yaratish muhimligi ham ta’kidlangan.

Jizzaxda aholi gardaniga elektr uchun 5,4 mlrd so‘m qarz yuklangani fosh bo‘ldi

Jizzax shahar elektr tarmoqlari korxonasi rahbarlari aholi gardaniga 5,4 milliard so‘m asossiz qarz yuklagani fosh bo‘ldi (“Huquq”, 28 mart). Ushbu noreal qarzdorlik “Elektr hisob” dasturiga ham kiritilgan. Shu tariqa rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishdan 26 mingdan ziyod iste’molchi manfaatiga jiddiy zarar yetkazilgan. Bosh prokuratura huzuridagi MIB vakiliga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mamlakat miqyosida elektr energiyasi uchun aholi gardaniga asossiz qarz yuklash ko‘rsatkichi juda katta ekani aytiladi. Elektr energiyasi korxonalari mansabdorlari qing‘ir ishlarini yashirish maqsadida qo‘l uradigan bunday jinoyatdan millionlab aholi jabr ko‘radi.

Samarqandda uch qizni bosib ketgan haydovchiga hukm o‘qildi

Uch opa-singilni bosib ketgan haydovchiga hukm o‘qildi, deb xabar beradi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Marat Ergashev “Darakchi” nashri orqali. Fojia 2018 yil 9 oktabrda ro‘y bergan. Birovga tegishli bo‘lgan “Lasetti” avtomobilini hujjatsiz boshqarib ketayotgan 20 yoshli Iskandar Qalandarov soat 21:30 larda yo‘lning piyodalar o‘tish qismidan kesib o‘tayotgan Ozoda, Iroda va Xursandoy Ubaydullaevalarni bosib ketgan. Haydovchi soatga 80 km tezlikda harakatlangani qayd etilgan. Ozoda Ubaydallaeva jarohat oqibatida 16 oktabr kuni shifoxonada vafot etgan. Aytilishicha, aybdor tomon uzr so‘rab, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplagan. Marhumaning otasi Nasimjon Ubaydullaev ham haydovchiga da’vosi yo‘qligini bildirgan. Sud qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan I. Qalandarovni 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etib, 3 yil axloq tuzatish jazosi tayinlagan.

XS
SM
MD
LG