Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:19

Meva eksportchisi: "O‘zavtosanoat" sobiq rahbari tufayli $2,5 mln jarimaga tortildim


Baxtiyor Barotov
Baxtiyor Barotov

Surxondaryolik tadbirkor Baxtiyor Barotovning Ozodlikka arz qilishicha, "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv kengashi raisining sobiq o‘rinbosari Tohir Jalilov nazorati ostida xorijga eksport uchun meva-sabzavot tayyorlab bergan, ammo uning shirkati kasodga uchrashi oqibatida, davlat tomonidan 2 685 011 AQSh dollari miqdorida jarimaga tortilgan.

2015 yildan boshlab uch yil davomida "Meva Sabzavot Eksport Surxon" MChJ rahbari bo‘lgan Baxtiyor Barotov 2018 yil dekabridan buyon Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167- moddasi bo‘yicha ("O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish") ayblanmoqda.

Baxtiyor Barotov ustidan qo‘zg‘atilgan ish yuzasidan Ozodlikka izoh bergan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ayni ish Bosh prokuratura yurituvida mavjudligini aytishi mumkinligini bilan cheklandi.

Ammo Baxtiyor Barotov buning uchun hozirda "O‘zbekoziqovqatxolding" kompaniyasiga rahbar bo‘lgan Tohir Jalilov javobgar degan ishonchda.

Baxtiyor Barotov ilgari surgan iddaolar bo‘yicha Ozodlik hozirda raisi bo‘lgan Tohir Jalilovdan izoh ololmadi.

"O‘zavtosanoat"chi nazorat qilgan meva-sabzabot eksporti

57 yashar Baxtiyor Barotovning aytishicha, u va Tohir Jalilov o‘rtasidagi hamkorlik 2015 yilda “Meva Sabzavot Eksport Surxon” MChJsi tashkil etilgandan so‘ng boshlangan.

Baxtiyor Barotov ushbu shirkat orqali O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tizimiga kiruvchi tashqi savdo kompaniyalarining chet ellarda ochilgan savdo uylariga konsignatsiya asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib bera boshlaydi.

(Konsignatsiya - sotuvchining xaridorga sotib bo‘lgunga qadar mahsulotga egalik huquqiga ega bo‘lishi - Ozodlik izohi)

Baxtiyor Barotov iddaosiga ko‘ra, ushbu jarayon ustidan o‘sha paytda "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik ​kompaniyasi boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari bo‘lgan Tohir Jalilov to‘liq nazorat o‘rnatgan edi.

Uning ma’lum qilishicha, “Meva Sabzavot Eksport Surxon” va Rossiya hududida Tohir Jalilov rahbarligida ta’sis etilgan "UzAgroImport" mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘rtasida 2015 yil dekabridan boshlab to 2016 yil 1-sentabriga qadar qiymati taxminan 5 million dollarga teng 27 ta eksport-import shartnomalari amalga oshiriladi.

Baxtiyor Barotov o‘z iddaosi isboti sifatida 2015 yil 23 oktabrda qaydga olingan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ishchi guruhi maxsus yig‘ilishining bayonnomasini yo‘lladi.

Mazkur davrda vazirlikni boshqargan Elyor G‘aniev imzosi bitilgan bayonnomaning ikkinchi sahifasida meva-sabzavot eksporti ustidan to‘la nazorat qilish Tohir Jalilovga yuklatilgani aytilgan.

Elyor G‘aniev imzolagan hujjatga ko‘ra, eksport ustidan nazorat Tohir Jalilov zimmasiga topshirilgan
Elyor G‘aniev imzolagan hujjatga ko‘ra, eksport ustidan nazorat Tohir Jalilov zimmasiga topshirilgan

"Zagotovshchik"

Baxtiyor Barotov uning zimmasiga O‘zbekiston janubida quruq va ho‘l meva-sabzavotlari jamlash vazifasigina yuklatilganini aytdi.

"Mahsulotlarimizning hammasi Tohir Jalilov boshchiligida Rossiya va Qozog‘istonga chiqarilgan. Biz faqat Surxondaryo viloyatida "zagotovshchik" vazifasini bajarganmiz," dedi Baxtiyor Barotov.

Barotovning aytishicha, uning shirkatiga, meva eksportini amalga oshirishi uchun, "O‘zavtosanoat"ga qarashli avtosalonlar moliyaviy yordam berib turgan.

Surxandaryolik tadbirkorga meva-sabzobot eksporti uchun imtiyozli qarzlar va moliyaviy yordamlar berilgan
Surxandaryolik tadbirkorga meva-sabzobot eksporti uchun imtiyozli qarzlar va moliyaviy yordamlar berilgan

"(Jalilov) pulning xo‘jayini menman, faqat menga Surxondaryo viloyatidan meva eksport qilib bersangiz bo‘ldi, degan. Qolgani bilan ishingiz bo‘lmasin, narxni belgilash va sotish - bu mening muammom, degan," deya Jalilov va o‘zi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatni esladi Baxtiyor Barotov.

"Kutilmagan burilish"

Baxtiyor Barotovning qayd etishicha, “Meva Sabzavot Eksport Surxon” MChJ "kutilmagan burilish"ga duch keldi va bir kunda kasod bo‘ldi.

2016 yil aprelida Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan "O‘zavtosanoat" pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanib hibsga olindi.

"Natijada Rossiyaga yo‘llangan yuzlab milliard so‘mga teng mahsulot mablag‘i O‘zbekistonga qaytmadi va bizning shirkat jarimaga tortildi",- deydi Baxtiyor Barotov.

Surxondaryo viloyat sudi qarori
Surxondaryo viloyat sudi qarori

Nusxasi Ozodlikka kelib tushgan Surxondaryo viloyat Xo‘jalik sudining 2017 yilning 24 fevralida olgan qaroriga muvofiq, 27 ta eksport-import shartnomalari bo‘yicha "jami 2 685 011 AQSh dollari miqdoridagi muddati o‘tgan debitorlik qarzdorlikka yo‘l qo‘yilganligi holati aniqlangan".

(Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 29 iyundagi "Birjadan tashqari valyuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 245-sonli qarorining 4- bandgiga asosan belgilangan muddat o‘tganidan keyin xorijiy valyuta tushishi bir yildan ortiq muddatga kechikkanda qo‘shimcha ravishda tushmagan valyuta mablag‘lari summasining 70 foizga teng miqdorda respublika byudjeti daromadiga jarima to‘lash belgilangan - Ozodlik izohi)

"Jalilovning qaytishi"

Tohir Jalilov
Tohir Jalilov

Tohirjon Jalilov ayblovlardan forig‘ bo‘lishi O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimov o‘limidan so‘ng amalga oshdi.

2017 yil fevralida 50 yashar Jalilov yana “O‘zavtosanoat” boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga qaytarildi.

Ayni yilning iyun oyi oxirida esa "O‘zbekoziqovqatxolding" shirkatiga rahbar etib tayinlandi. 27 iyun kuni Mirziyoev eksport sohasidagi kamchiliklar uchun “O‘zbekoziqovqatxolding” rahbari Odilxon Rustamov va ushbu xolding tarkibida bir yil avval tuzilgan "O‘zagroeksport" maxsus tashqi savdo kompaniyasi direktori Jamshid Xolmuhammedovni “o‘z lavozimiga noloyiq” deya vazifasidan ozod etgandi.

Ammo Baxtiyor Barotov Ozodlik bilan suhbatda uning shirkatiga qo‘yilgan jarima hamon olib tashlanmaganini aytdi.

Uning iddao qilishicha, Tohirjon Jalilov yuzaga kelgan vaziyat uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan bosh tortmoqda:

"Mahsulot ketgan. Jalilov qamalib chiqdi. Hozirgacha ikki uch marta uchrashdim u odam bilan. "Men senga yordam qilaman deb, bugungi kunga kelganda "bor o‘zing bilasan, men bilmayman deyapti."

Ozodlikning surxondaryolik tadbirkor iddaolari yuzasidan Tohirjon Jalilovdan izoh olish urinishlari natija bermadi.

Baxtiyor Barotov ustidan qo‘zg‘atilgan ish yuzasidan Ozodlikka izoh bergan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ayni ish Bosh prokuratura yurituvida mavjudligini aytishi mumkinligini bilan cheklandi.

XS
SM
MD
LG