Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:34

AQSh besh yil ichida Oyga qaytadan fazogir yubormoqchi


O‘tgan haftada Oq uy AQSh Oyga qaytadan fazogir yuborish rejasini jadallashtirayotganini ma’lum qildi.

1972 yil parvoz qilgan ”Apollon” missiyasidan keyingi ilk ekipajli missiyani 2028 yilgacha yuborish rejalashtirilayotgan edi. Endilikda Amerika 2024 yilgacha Yer yo‘ldoshiga fazogir yubormoqchi.

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Alabama shtatining Xantsvill shahrida so‘zlagan nutqi davomida:

- Hozirgi ma’muriyat hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari keyingi besh yil ichida Oyga yana astronavt yuborishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan, - dedi.

- Shubhasiz, Oyga qadam bosgan ilk ayol ham, navbatdagi erkak ham Amerikada qurilgan raketalarda Amerika tuprog‘idan parvoz qilgan amerikaliklar bo‘ladi, - dedi Pens.

Ammo AQShning Oyga yana fazogir yuborish dasturi keyingi yillarda muammolarga duchor bo‘ldi.

Donald Tramp prezident etib saylanganidan keyin bir necha oy o‘tib, Amerika kosmos sanoatini jonlantirish niyatida ekanligini izhor qilgan edi.

2017 yilda prezident Mars missiyasini yo‘lga qo‘yishdan avval ilk qadam o‘laroq Oyga qaytadan fazogir yuborishni buyurdi. Buning ortidan NASA 2028 yilgacha Yer yo‘ldoshiga fazogir yuborish rejasini tuzdi.

O‘z nutqi davomida Pens Oyga fazogir uchirishda qo‘llanilishi rejalashtirilayotgan yangi SLS (Space Launch System) raketalar dasturidagi muammolarga byurokratiya va loqaydlik sabab bo‘lganini aytar ekan, NASAni o‘z ishiga yangicha yondashishga chorladi.

SLS raketasini Boeing shirkati tayyorlamoqda. Raketa 2020 yilda sinovdan o‘tishi rejalashtirilgan edi, ammo yaqinda NASA raketa o‘z vaqtida tayyor bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Pens NASA rejani bajara olmasa, Oq uy xususiy shirkatlar bilan ishlashi yoki boshqa hamkorlar izlashini aytib, ogohlantirdi.

NASA direktori Jim Braydenstayn Pensning gaplarini to‘liq tushunganini aytib, SLS raketasini 2020 yilgacha tayyor qilishni va’da qildi.

XS
SM
MD
LG