Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2020, Тошкент вақти: 04:38

Sun’iy aql asoschilari Tyuring mukofoti bilan taqdirlandi


Telefoningizning elektron maktub yozayotganda so‘zlarni taklif qilish tizimi va boshqa ko‘plab shunga o‘xshash texnologiyalar uchala olim ishlab chiqqan algoritmlar asosida ishlaydi.

2018 yilgi Tyuring mukofoti hozirgi kundagi sun’iy idrok texnologiyalari asoslarini ishlab chiqqan uch tadqiqotchiga berildi. “Informatika bo‘yicha Nobel mukofoti” o‘laroq ma’lum bo‘lgan mukofot bilan Yan Lekun, Yoshua Benjio va Jeffri Xinton taqdirlandi. Bu haqda o‘tgan haftada (27 mart) Xalqaro hisoblash texnikasi assotsiatsiyasi (ACM) ma’lum qildi.

Tadqiqotchilar sun’iy idrok fanini chuqur o‘rganish yoki chuqur neyron tarmoqlar sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 1 million dollar mukofot bilan taqdirlanadi. Mukofotni topshirish marosimi iyun oyida San-Frantsisko shahrida bo‘lib o‘tadi.

Lekun, Benjio va Xinton 1990 hamda 2000 yillarda ishlab chiqqan usullar sun’iy idrokdan foydalanadigan yangi texnologiyalar yuzaga kelishida muhim o‘rin tutgan. O‘zi yuruvchi avtomobillardan tortib avtomatik tibbiy tashxis qo‘yish va nutqni anglash kabi bugungi kunda keng tarqalgan sun’iy idrok texnologiyalari rivojlanishiga ushbu uch olim salmoqli hissa qo‘shgan.

Lekun, Benjio va Xinton ishlab chiqqan algoritmlardan kun davomida foydalangan bo‘lishingiz ehtimoldan xoli emas. Masalan, telefoningizning kishi yuzini tanlash tizimi, elektron maktub yozayotganda so‘zlarni taklif qilish tizimi va boshqa ko‘plab shunga o‘xshash texnologiyalar uchala olim ishlab chiqqan algoritmlar asosida ishlaydi.

Uch tadqiqotchi keyingi yillarda sun’iy idrok ekotizimlarida yanada ko‘zga ko‘ringan siymolarga aylandi. Xinton Google shirkatida hamda Toronto universitetida ishlaydi. Benjio Monreal universiteti professori bo‘lib, Element AI nomli sun’iy idrok shirkatiga asos solgan. Lekun esa Facebook shirkatining yetakchi sun’iy idrok bo‘yicha olimi bo‘lib, Nyu-York universitetida ham ishlaydi.

Lekun The Verge nashriga bergan intervyusida:

- Bu katta sharaf. Kompyuter ilmida bundan oshig‘i bo‘lmaydi. Do‘stlarim Yoshua hamda Jeff bilan birga taqdirlanganim esa yanada quvontiradi, - dedi.

Tyuring mukofoti 1966 yildan beri beriladi. 2014 yildan beri mukofotning asosiy homiysi Google shirkatidir.

Mukofot taniqli ingliz olimi Alan Tyuring sharafiga Xalqaro hisoblash texnikasi assotsiatsiyasi tomonidan ta’sis qilingan. Tyuring ilk elektron hisoblash mashinalari yuzaga kelishidan ancha oldin ko‘plab hisoblash algoritmlarini ishlab chiqqan.

XS
SM
MD
LG