Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:42

Ukrainaliklar qiziqchi va shoumen Zelenskiyni prezident etib saylashga tayyormi?


Zelenskiy TV seriyada prezident rolini ijro etmoqda
Zelenskiy TV seriyada prezident rolini ijro etmoqda

Ukraina prezidenti saylovining birinchi davrasida eng ko‘p ovoz to‘plagan qiziqchi va shoumen Vladimir Zelenskiy o‘z saylovoldi kampaniyasida muayyan va’dalarni qilmay kelmoqda.

Ammo bu ukrainaliklar uni prezident etib saylamaydi, degani emas.

Ukrainaliklar uchun joriy prezident, Zelenskiyning raqibi Petro Poroshenko oligarxlar ramziga aylangan.

Zelenskiy esa, Poroshenkoning dushmani oligarx Kolomoyskiyga aloqador bo‘lishiga qaramasdan, o‘zini oligarxlardan uzoq, “xalq nomzodi” o‘laroq ko‘rsatib keladi.

Isroilda yashashi aytiladigan Kolomoyskiy Zelenskiyning hajviya ko‘rsatuvlarini efirga uzatuvchi telekanalning egasi bo‘lib, Zelenskiyni saylov kampaniyasi davomida tansoqchilar, huquqshunoslar hamda avtomobillar bilan ta’minlab keladi.

Ammo bugunga qadar Zelenskiyning Kolomoyskiy bilan aloqasi uning nomzodligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

Agar saylovoldi so‘rovlar to‘g‘ri chiqsa, ikkinchi turda Zelenskiy g‘alaba qozonishi mumkin.

Quvnoq va zukko Zelenskiy chuqur o‘rnashib olgan siyosatchilardan charchagan ukrainaliklar nazarida yangi chehradir.

Shu sababdan u “Meni kim desangiz, o‘shaman” qabilidagi kampaniyani
o‘tkazib kelmoqda.

Londonda faoliyat yuritayotgan tahlilchi Aleks Kokcharovning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy ko‘proq saylovchi mehrini qozonish maqsadida atayin mujmal kampaniya olib bormoqda.

Kokcharov Zelenskiy saylovda g‘alaba qozonsa, o‘zgaruvchan siyosat olib borishini bashorat qildi.

Tahlilchilar esa yirik diplomatik va iqtisodiy muammolarga duchor bo‘lib kelayotgan Ukraina uchun o‘zgaruvchan siyosat muammoli bo‘lishini aytmoqda.

Xizmat faoliyatini shokolad sanoatida boshlagan Poroshenko esa o‘zini katta siyosiy tajribaga ega matonatli yetakchi o‘laroq ko‘rsatib keladi.

O‘tgan haftada siyosatga endi kirib kelayotgan shaxsni prezident etib saylashdan hadiksirayotgan ukrainaliklarni tinchlantirish maqsadi Zelenskiy saylov kampaniyasi o‘z dasturini e’lon qildi.

Ammo Zelenskiy platformasida muayyan siyosatlar o‘rniga nomzodning qadriyatlari haqida ko‘proq yozilgan.

Shunga qaramasdan, Zelensiy saylov kampaniyasi davomida ayrim muhim
masalalarda o‘z qarashlarini ma’lum qilgan.

Zelenskiy saylov kampaniyasi maslahatchilaridan biri, Korrupsiya oldini olish milliy agentlik sobiq xodimi Ruslan Riaboshapka Zeleksnkiy g‘alaba qozonsa, faoliyatini eng avvalo chuqur ildiz otgan korrupsiyaga qarshi kurashdan boshlashini ta’kidladi.

Zelenskiy, shuningdek, Ukraina sharqida Rossiya dastaklab kelayotgan ayirmachilarga qarshi urushni to‘xtatish uchun shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara olib borishni va’da qilgan.

Ammo yaqinda bergan intervyularidan birida u Ukrainaning hududi yoki
fuqarolarini qurbon qilishga rozi bo‘lmasligini ta’kidladi.

Poroshenko esa Zelenskiy Ukrainani Rossiyadan himoya qila olmasligini aytib keladi.

Yaqinda Zelenskiy G‘arb vositachiligida Kiev va Moskva o‘rtasida imzolangan Minsk kelishuvini qo‘llashini izhor qildi.

Poroshenkodan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqi bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish masalasida Zelenskiy ehtiyotkorlik bilan so‘zlab keladi.

Xususan, nomzod Yevropa bilan integratsiya masalasini referendumlar orqali Ukraina xalqi hal qilishi kerakligini aytib keladi.

Bundan tashqari, rus va ukrain tillarida so‘zlashuvchi Zelenskiy Poroshenko hukumati rus tiliga qo‘ygan cheklovlarni tanqid qilib keladi.

Ammo bularning barchasi mujmal va’dalargina bo‘lib, mutaxassislarni xavotirga solmoqda.

XS
SM
MD
LG