Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi 8 fermer nomidan bog‘langan Ulug‘bek Sultonov ularni 416 yarim million so‘mga tushirishdi, deb shikoyat qildi.
Uning da’vo qilishicha, Namangandan borganini aytgan 3 shaxs mahalliy 8 fermerni paxta va g‘allaga beriladigan kimyoviy o‘g‘it o‘rniga qum va tuproq sotib, aldagan.
OzodMikrofon rukniga bog‘langan Sultonov vaziyatdan mahalliy hokimiyat, prokuratura va prezident devoniga arz qilgani, ammo hanuz natija bo‘lmayotganini da’vo qildi.
- 3 yanvar kuni Namangandan 3 yigit kelib, hokimiyatga borgan, shu karbomid olib kelib beramiz, deb. Biz endi hokimiyat orqali kelganidan keyin ishondik va 8 fermer 416 yarim million so‘mga shartnoma imzolab, pulni ular bergan bank hisobiga o‘tkazib berdik. Keyin 8ta furada (yuk mashinasi – tahr.) dori keldi. Qarasak, 160 qopiga maskirovka uchun dori solishgan, qolganini qum-tuproq bilan to‘ldirishibdi. Darhol prokuratura, hokimiyatni chaqirib, xabar berdik. Kelib, videoga olishdi, - deb da’vo qildi Ulug‘bek Sultonov.
Quyida Sultonov bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.
Xo‘jaylilik fermer tahririyatga yuborgan videoda mahalliy fermerlar va hokimiyat, huquq-tartibot idoralari xodimlaridan iborat 50ga yaqin kishining kimyoviy o‘g‘it va tuproq ortilgan yuk mashinalarini ko‘zdan kechirayotgani aks etgan.
* * * * * * * * * * * * * * * * *
OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!