Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 21:45

OzodDayjest: Toshkentda bozorqo‘m xalq rizqiga ko‘z tikkani iddao qilinmoqda


Illyustrativ surat.

Matbuot banklarning prezident qarori ijrosini paysalga solayotgani haqida yozdi. Toshkentdagi Aviasozlar dehqon bozori rahbari xalq rizqiga xiyonatda ayblandi. Ikki kishi o‘limiga sabab bo‘lgan militsioner 3 yilga qamaldi.

_____________________________________________________________

Banklar prezidentning bog‘chalar to‘g‘risidagi qarori ijrosiga to‘g‘anoq bo‘lmoqda

O‘zbekiston banklari prezident 2018 yil 5 aprelida imzolagan maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga oid qaror ijrosiga to‘sqinlik qilmoqda (“XXI asr”, 11 aprel). Qarorga muvofiq, banklar maktabgacha ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davrda kredit ajratishi lozim. Ammo davlat va xususiy sherikchilikda bog‘cha tashkil etmoqchi bo‘layotgan yuzlab tadbirkor banklar kredit bermayotgani xususida arz qilgan. Birgina O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi bog‘cha qurish uchun kredit ololmayotgan 127 nafar tadbirkorni ro‘yxatga olgan. Masalan, kerakli hujjatlarni hozirlash va boshqa tayyorgarlik ishlari uchun kattagina mablag‘ sarflab ulgurgan andijonlik Dildora Madaminova bir yildan buyon “Xalq banki” kreditni ajratishini kutmoqda.

Toshkentdagi bozor rahbari arzonlashtirilgan mahsulotlardan minglab dollar noqonuniy daromad qilgani fosh etildi

Toshkentdagi Aviasozlar dehqon bozori rahbari xalq rizqiga xiyonat qilib, arzonlashtirilgan mahsulotlarni qimmatga sotayotgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura nashri xabar beradi. Qayd etilishicha, bozorqo‘m birgina go‘sht hamda tuxumdan oyiga 4500-5000 dollar noqonuniy daromad qilgan. Bozorqo‘m arzonlashtirilgan mahsulotlar savdosini nazorat qilmaslik evaziga prokuratura huzuridagi departament vakiliga har oyda daromaddan 1500 dollar ulush berib turishni taklif etgan. Xabar qilinishicha, xalq rizqiga xiyonat qilgan bozor raisiga qonuniy jazo berilgan. Vazirlar Mahkamasining maxsus bayonnomasiga ko‘ra, viloyatlardan keltirilgan go‘sht, tuxum, kartoshka, piyoz kabi mahsulotlar arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi lozim.

Ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan ichki ishlar xodimi 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori M.H. (32 yosh) 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Temurjon Yusupov “Darakchi” nashriga ma’lum qilgan. Avtohalokat 2018 yil 28 aprel kuni tongi soat 4:30 da ro‘y bergan. Ichki ishlar inspektori M.H. “Lacetti” xizmat mashinasida mansab vakolatini buzgan holda, o‘zboshimchalik bilan o‘ziga biriktirilgan hududni tark etgan va Amir Temur shohko‘chasi bo‘ylab tezlikni me’yordan oshirgan holda harakatlangan. Bog‘ishamol ko‘chasi bilan kesishgan chorrahada 56 yoshli haydovchi A.H. yo‘l qoidalarini qo‘pol ravishda buzadi va ichki ishlar inspektori mashinasi bilan to‘qnashib ketadi. Oqibatda A.H.ning mashinasidagi ikki yo‘lovchi hodisa joyida vafot etadi, haydovchi va qolgan ikki yo‘lovchi jarohatlanadi. Sud nafaqat inson o‘limiga sababchi bo‘lgan ichki ishlar inspektori, qoidani qo‘pol ravishda buzgan haydovchi A.H.ga ham ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

XS
SM
MD
LG