Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:47

OzodDayjest: Ozodbek Nazarbekovdan daromadlarini ochiqlash so‘raldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Parlament Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbariyatini xalqni aldashda aybladi. Nazarbekovdan daromadi haqida deklaratsiya, Ortiqxo‘jaevdan esa biznesini lobbi qilmaslik talab etildi. Chirchiq daryosi ekologik fojia yoqasiga kelib qolgan. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Oliy Majlis deputati Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbariyatini almisoqdan qolgan tartibda ishlashda aybladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mamlakatda avtomobil yo‘llari ahvolini keskin tanqidiy baholadi (“Darakchi”, 11 aprel). Palatada o‘tgan muhokamada Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi 1-o‘rinbosari Shuhrat Nazarov deputatlarga hisobot bergan. Deputat Qutlimurod Babashevga ko‘ra, “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha qurilgan yo‘llar qoniqarli ahvolda emas. Deputat Sattor Rahmatov esa Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbariyatini almisoqdan qolgan ish tartibida ishlash, xalqni aldashda ayblagan. “Birgina Chiroqchi tumanining jami 3 ming kilometr yo‘li bo‘lsa, shundan 2600 kilometri ichki qishloq xo‘jaligi yo‘llari hisoblanadi. Ularning 40 foizi tuproq, 20 foizi tosh, 20 foizi asfalt bo‘lib, qisqasi tamom bo‘lgan yo‘llar... Biz xalqni aldayapmiz, xalqimizning asosiy qismi qishloqda yashaydi. Bir inson tug‘ilib o‘lib ketadiki, u yuradigan tuproq ko‘cha tosh yo‘lga aylanmaydi”, degan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati S. Rahmatov.

Davlat amaldorlari va ularning oila a’zolari daromadi haqida jamoatchilikka ma’lumot berishi shart

Davlat nomenklaturasida turgan rahbarlarning barchasi va ularning oila a’zolari soliq deklaratsiyasi to‘ldirishi, topayotgan daromadi haqida jamoatchilikka ma’lumot taqdim etishi shart (www.xabar.uz, 8 aprel). Bu haqda Axborot texnologiyalari vazirligining “Xabar” nashri onlayn versiyasida chop etilgan maqolada so‘z boradi. Deklaratsiya hujjati hukumat portali, soliq qo‘mitasi yoki rasmiy axborot saytlarida berib borilishi lozim.

Qayd etilishicha, sakkiz joyda dars o‘tayotgan va har yili o‘nlab kitob yozib, yaxshigina qalam haqi olayotgan vazir maqomidagi Akmal Saidov, hukumatdagi yumushlardan ortib, to‘yu tomoshalarda xizmat qilib, daromad qilayotgan Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov hamda daromadli korxona yoki baquvvat bank aksiyasiga ega bo‘lib, mo‘may dividend olayotgan amaldorlar tushumini ochiq ma’lum kilishi shart. Deklaratsiya to‘ldirish tashabbusini o‘rnak sifatida Davlat soliq qo‘mitasi rahbari boshlab berishi tavsiya etilgan.

So‘nggi paytlarda Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev poytaxtga rahbar bo‘lgunga qadar yirik kompaniya egasi bo‘lgani, ammo avvalgi biznesidan to‘liq uzilmay, ikkinchi muhim lavozimni birgalikda olib ketayotgani bo‘yicha ayblovlar yangramoqda. Shunga ko‘ra, maqolada davlat ishi va biznesni tartibga soluvchi, lobbizmni tartibga soluvchi qonun qabul qilish lozimligi aytilgan.

Chirchiq daryosi ekologik fojia yoqasiga kelib qolgani haqida bong urildi

Toshkent mintaqasidagi o‘nlab korxona chiqindi suvlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Chirchiq daryosiga oqizmoqda (“Huquq”, 11 aprel). Masalan, “Intersok” MChJ ishlab chiqarishdan chiqayotgan maishiy oqova suvlarini kimyoviy zararsizlantirmasdan daryoga yo‘naltirib qo‘ygan. Platmassa mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Toshkent plast polimer” MChJda oqova suv tarkibidagi kimyoviy moddalar ushlab qolinmasdan daryoga oqiziladi. Shuningdek, Bektemir tumanida faoliyat yurituvchi yana o‘nlab korxonadan chiqayotgan maishiy oqova suvlari daryoga qo‘shilib ketmoqda. Qayd etilishicha, keyingi yillarda Chirchiq daryosida baliqlar miqdori keskin kamaygan. Sohilbo‘yida qushlar ham siyraklashgan. Ahvol shunday davom etsa, bir necha yildan keyin Chirchiq daryosidan faqat chiqindi suv oqadi, deya bong uradi gazeta.

XS
SM
MD
LG