Линклар

Шошилинч хабар
14 май 2021, Тошкент вақти: 08:47

Parij dizel avtobuslarini elektrobuslarga almashtirishni boshladi


Parij rasmiylari shahar havosini chang-tutundan tozalashga qaror qildi

Parij shahri rasmiylari seshanba kuni 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari arafasida poytaxt havosini tozalash maqsadida 800 dizel dvigatelli avtobusni elektr avtobuslar bilan almashtirish rejasini e’lon qildi.

Parij transport xizmati - RATPning ma’lum qilishicha, shaharni bunday avtobuslar bilan ta’minlash tenderini uch mahalliy shirkat yutgan.

RATP ​o‘tkazilgan tender Yevropadagi bunday yirik ilk tanlov ekanligini aytar ekan, boshida 150 avtobus xarid qilinishini ma’lum qildi. Avtobuslarning ilk partiyasi 2020-2022 yillarda yo‘lga qo‘yiladi.

Parij rasmiylari 2025 yilgacha shaharda faqatgina atrof-muhitni zaharlamaydigan avtobuslarni qoldirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun nafaqat elektr avtobuslar, balki bioyonilg‘ida yuradigan avtobuslar ham xarid qilinadi.

Parijdagi 341- avtobus yo‘nalishida anchadan beri faqat elektr avtobuslar yuradi. Ammo 4700 ta avtobusning hammasini birdaniga almashtirish oson bo‘lmaydi.

RATP ​hozirda 950 gibrid, 140 bioyonilg‘ida yuruvchi hamda 83 elektr avtobusga ega.

Keyingi yillarda elektr avtobuslardan foydalanish jahon bo‘ylab oshib bormoqda. Bu sohada shaharlarini chang-tutundan tozalashga harakat qilayotgan Xitoyda yirik o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.

Bundan tashqari, Yevropa shaharlarida, xususan, Amsterdam va Rotterdamda keyingi yillarda elektr avtobuslar soni sezilarli darajada ko‘paydi.

Parij meri Ann Idalgo shaharni chang-tutundan tozalash uchun kurashib keladi. Shuningdek, mer ommaviy transportni bepul qilish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda.

XS
SM
MD
LG