Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:58

Toshkent hokimi buzilishlar haqida xorij diplomatlari va huquq faollari o‘tkazgan tadbirga kelmadi


Gumanitar huquq markazi rahbari Shuhrat G‘aniev (markazda) 15 aprel kungi tadbirda chiqish qilmoqda.
Gumanitar huquq markazi rahbari Shuhrat G‘aniev (markazda) 15 aprel kungi tadbirda chiqish qilmoqda.

15 aprel kuni G‘arb diplomatik vakolatxonalari¸ xalqaro va mahalliy fuqarolik jamiyati vakillari¸ tadbirkor va jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda keyingi yillarda o‘zbekistonliklar orasida eng ko‘p e’tiroz va norozilikka sabab bo‘layotgan buzilish va qurilishlar jarayoni muhokama qilindi.

Ishtirokchilarga ko‘ra¸ Mirziyoev davrida Qoraqalpog‘istondan to Andijonga qadar O‘zbekiston hududi ulkan qurilish maydoniga aylangan va bugungi O‘zbekistonda inson haqlari eng ko‘p shu maydonda toptalmoqda.

Oddiy mulkdor va tadbirkorlarning noqonuniy buzilishlar¸ kompensatsiyasiz uyidan haydalishlar haqidagi shikoyatlarini hokimiyat mas’ullari bilan muhokama qilish¸ xalq noroziligiga yechim topish mexanizmlarini birgalikda izlashni maqsad qilgan bu tadbirga birorta hokimiyat vakili kelmadi.

Tashabbuschilarning Ozodlikka aytishicha¸ 15 aprel kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev va Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva nomiga yozilgan taklifnoma rasmiy yo‘l bilan topshirilgan¸ ammo ulardan biror bir shaklda javob bo‘lmagan.

Ayni paytda¸ o‘zbek rasmiylari va aksar mahalliy nashrlar kelmagan bu tadbirda AQSh va YeI diplomatlari¸ BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti namoyandasi¸ Human Rights Watch xalqaro inson haqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili va ayrim xorij matbuoti vakillari ishtirok etdi.

Toshkentdagi davra suhbari ishtirokchilari.
Toshkentdagi davra suhbari ishtirokchilari.

15 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan tadbir tashabbuschilaridan biri - Gumanitar huquq markazi rahbari Shuhrat G‘anievning aytishicha¸ o‘z tashkilotiga tadbirkor va oddiy o‘zbekistonliklardan tushayotgan shikoyatlarning qariyb 80 foizi¸ aynan buzilishlar bilan bog‘liq:

- Keyingi uch yil davomida o‘tkazgan monitoring natijasida kelgan xulosamiz shuki¸ qonun buzilish holatlarining 78 foizi aynan buzilishlar bilan bog‘liq. ”Noqonuniy buzilishlar¸ buzilayotgan mulkka mutanosib kompensatsiya to‘lamay turib¸ odamlarni uyidan chiqarib yuborishlar xalq orasida norozilikka sabab bo‘lmoqda. Biz fuqarolik jamiyati shu muammolarni hal qilish uchun mexanizm yaratish maqsadida davlat hokimiyati vakillariga muloqot taklif qildik. Lekin ular bu taklifimizni inobatga ham olmadi.

Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi tadqiqotchisi Stiv Sverdlov¸ O‘zbekistonda so‘z erkinligi maydoni kengayib borayotgan bir paytda¸ oddiy aholi¸ mulkdor va tadbirkorlar haqlarining buzilishi masalasida jiddiy gaplashish vaqti kelganini aytadi:

- Bizga kelayotgan shikoyatlarning ham aksariyati odamlar yashab turgan uy-joylarning ogohlantirishsiz¸ tegishli kompensatsiyasiz buzib tashlanayotgani haqida. Biz gaplashayotgan o‘zbekistonliklar prezidentning gaplari¸ xususan¸ mamlakatni rivojlantirish uchun xorij investitsiyalarini jalb qilish haqidagi bayonotlarini diqqat bilan eshitayotganlarini aytmoqda. Ular davlat hokimiyatidan ana shu gaplariga mas’ul bo‘lish¸ berilayotgan va’dalarini amalga oshirish¸ o‘z haqlari himoyalanishini kutmoqda. Biz bugun davlat hokimiyati¸ fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining xalq talab va istagiga e’tibor qaratishiga umid qilayapmiz. Biz bu borada muammoga echim bo‘lishi mumkin xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz.

Huquq faollari buzilishlar oqibatida mol-mulkidan ajragan oddiy aholi va tadbirkorlar soniga oid aniq raqamlarni to‘plash bilan shug‘ullanayotganlari¸ o‘z surishtiruvlari davomida bu jarayonda odamlarning yurak xuruji va insultdan vafot etganiga oid faktlarni ham o‘rganayotganini bildirdi.

15 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston bo‘ylab qizg‘in borayotgan buzish va qurish jarayonida hokimiyat nomidan yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilishlariga yorqin misol tariqasida toshkentlik investor Muhammadbobur Xo‘jaevning Toshkent shahar¸ xususan¸ Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi bilan davom etayotgan kurashi tilga olindi.

O‘z chiqishida Muhammadbobur Xo‘jaev shahar hokimligi mas’ullari bilan davom etayotgan huquqiy mojaro tafsilotlarini hikoya qildi.
O‘z chiqishida Muhammadbobur Xo‘jaev shahar hokimligi mas’ullari bilan davom etayotgan huquqiy mojaro tafsilotlarini hikoya qildi.

O‘zining "hokimiyat tomonidan uyushtirilayotgan muttasil dezinformatsiya kampaniyasi qurboniga aylanganini" ta’kidlagan Xo‘jaev¸ o‘z muammolari haqida xorij axborot vositalari¸ xususan¸ Ozodlikka gapirganidan so‘ng tazyiq va tahdidlarning kuchayganini bildirdi:

- Toshkent shahar hokimi matbuot anjumani o‘tkazib¸ Xo‘jaevni tanimayman¸ lekin u bilan alohida uchrashib¸ gaplashishga tayyorman¸ deb bayonot qilayapti. Lekin meni hokimlik eshigidan ham kiritishmaydi. Men prezidentning chaqirig‘iga ishonib¸ qonun doirasida biznes qildim¸ qonun doirasida belgilandek uy qurdim. Ammo hozir bularning hammasini har xil yolg‘on va aldovlar bilan buzdirib¸ meni qurilish biznesidan chiqarishmoqchi. Janob Ortiqxo‘jaev gaplashishga tayyor bo‘lsa¸ bir tadbirkor va investorga yordam berish niyati bo‘lsa¸ marhamat¸ men saharda bo‘ladimi¸ yarim tundami¸ gaplashishga tayyorman. Lekin ko‘rib turganingizdek¸ shu niyatda uyushtirilgan tadbirga na Ortiqxo‘jaev va na uning vakili keldi.

Toshkent tadbiri ishtirokchilari¸ Muhammadbobur Xo‘jaev kabi mahalliy investorlar sarmoyasi havoga sovurilayotganini ko‘rib¸ qaysi xorij investori O‘zbekistonga pulini olib kiradi¸ degan savolni kun tartibiga qo‘ydi.

Ayni paytda¸ huquq faollari hokimiyat oldiga aholi noroziligini to‘xtatish uchun buzilish va qurilishlar loyihasini bunday hududda yashab-ishlab kelayotgan mulkdorlar bilan oldindan muhokama qilish¸ ular fikriga quloq solish kabi takliflarni qo‘ydi¸ ammo hozircha bu takliflarga ham biror shaklda munosabat bildirilmadi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati mahalliy fuqarolik jamiyati faollari va xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirokidagi oddiy xalq va tadbirkorlarning dolzarb muammosiga bag‘ishlangan davra suhbatida nega o‘z namoyandasi qatnashmagani haqidagi Ozodlik savoliga hozircha javob qaytarmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG