Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 03:37

Hukumat "vahobiylar rahnamosi" deb atagan Ruhiddin Faxriddinov qamoqdan manzil koloniyasiga o‘tkazildi


Sobiq imom Ruhiddin Faxriddinov. (Surat "O‘zbekiston" telekanalida tayyorlangan ko‘rsatuvdan olindi)

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan qattiq rejimli 13-jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan Toshkentdagi “Xo‘ja Nuriddin” masjidining sobiq imomi Ruhiddin Faxriddinov Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 14-sonli manzil koloniyaga o‘tkazildi.

52 yashar Ruhiddin Faxriddinov 2006 yil yozida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 158 (“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish”), 159 (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 242 (“Jinoiy uyushma tashkil etish”) va 244 (“Ommaviy tartibsizliklar”) kabi qator og‘ir moddalarida ayblanib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Manzil koloniyasi

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, Ruhiddin Faxriddinov 13 aprel kuni Toshturmaga keltirilgan va u yerdan 16 aprel kuni Zangiota tumanidagi manzil koloniyasiga o‘tkazilgan.

Mahkumning turmush o‘rtog‘i Rahima Ahmadalieva 17 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda yaqinlari uning butunlay ozod etilishini kutgani¸ Faxriddinovning manzil koloniyasiga o‘tkazilganidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi.

- Ular manzil koloniyasiga o‘tkazilishni umuman qabul qilolganlari yo‘q. Allohning kadarida bor ekan, deb o‘zlariga taskin berdilar. Boshqa iloji yo‘q, - dedi Rahima Ahmadalieva.

U turmush o‘rtog‘ining butunlay ozod etilishiga yana 4,5 yil qolganini aytarkan, sobiq imomga nisbatan 13,5 yil ichida biror marta afv qo‘llanilmaganidan shikoyat qildi.

Ozodlik suhbatlashgan huquq faollari Toshkentning Shayxontohur tumanida joylashgan "Xo‘ja Nuriddin" masjidi sobiq imomining hozirga qadar ozodlikka chiqmaganini unga nisbatan qo‘llanilgan jazoning og‘irligi bilan izohlashdi.

"Vahobiylar rahnamosi"

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Ruhiddin Faxriddinov 90-yillar o‘rtalaridan O‘zbekistonda "islomiy davlat qurish yo‘lini tanlagan turli ekstremist oqimlar", jumladan, vahobiylar oqimi rahnamolaridan biriga aylangan.

Taniqli imomning nomi O‘zbekistonda 90-yillar o‘rtalaridan keyingi noqonuniy diniy tashkilotlarga aloqadorlik ayblovlari ilgari surilgan ko‘plab mahkamada tilga olingan.

Mahkamalarda Faxriddinov "Vahobiylik" oqimining ruhoniy rahbarlaridan biri sifatida taqdim qilindi.

Ammo yaqinlari Ruhiddin Faxriddinovning esktremistik oqimlarga aloqasi borligi haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.

Sovet Ittifoqi davridagi O‘zbekiston SSR O‘rmon xo‘jaligi vaziri Fazliddin Faxriddinovning farzandi bo‘lgan Ruhiddin Faxriddinov Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti arab tili bo‘limini tugatgan.

Sharqshunoslik institutida ta’lim olish jarayonida Faxriddinov 1989-90 yillarda sobiq Sovet Ittifoqining talabalar almashinuvi dasturi doirasida Quvaytda ta’lim olgan.

1992 yildan besh yil davomida Toshkentdagi "Xo‘ja Nuriddin" masjidi imom-xatibi bo‘lgan.

Tanishlari va oila a’zolariga ko‘ra, aynan bu davr ichida Ruhiddin Faxriddinov hukumat bosimlariga uchray boshlagan va 1997 yilda vazifasidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan.

Iste’fosidan ko‘p o‘tmay Qozog‘istonga chiqib ketgan Faxriddinov 1998 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berilgan.

Hibs va jazo

Qidiruvga berilganidan 7 yil o‘tib¸ 2005 yilning 24 noyabrida Ruhiddin Faxriddinov, “To‘xtaboy” masjidining sobiq muazzini Abdurahmon Ibrohimov va masjid ish yurituvchisi Abdurauf Xolmurodov kabi o‘zi doxil 9 dindor bilan birga Qozog‘iston va O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari Chimkentda o‘tkazgan qo‘shma amaliyot chog‘ida hibsga olingan.

Ruhiddin Faxriddinov 2006 yil yozida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qator, jumladan 158 (“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish”), 159 (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 242 (“Jinoiy uyushma tashkil etish”) va 244 (“Ommaviy tartibsizliklar”) kabi qator og‘ir moddalarda ayblanib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari Ruhiddin Faxriddinovni e’tiqod mahkumlari ro‘yxatiga kiritgan.

XS
SM
MD
LG