Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:28

Muskullar quvvatini oshirish inson umrini uzaytirishi mumkin


Braziliyalik professor Klaudio Gil Arauxo yetakchiligida olimlar guruhi o‘tkazgan tadqiqot xulosasiga ko‘ra¸ muskullar quvvatini oshirish inson umrini uzaytirishi mumkin.

Olimlar ta’kidicha¸ muskul chidamliligi va quvvati o‘rtasida farq bo‘lib, muskul quvvati muskullar harakatini boshqarishda kuch va kuchlanish yaratish qobiliyatiga bog‘liqdir. Masalan, biror og‘ir jismni bir marta ko‘tarish uchun kuch kerak, ammo uni iloji boricha tez va bir necha marta ko‘tarish uchun quvvat kerak.

Tadqiqot 3878 nafar 41-85 yoshda bo‘lgan va professional atletika bilan shug‘ullanmagan odamlar orasida o‘tkazilgan. Har bir ishtirokchi 2001 yildan 2016 yilgacha muskul quvvatini tekshirish uchun sinovlardan o‘tgan.

Har bir qatnashuvchining maksimal muskul quvvati aniqlangan va shu asosida ular to‘rt guruhga bo‘lingan: muskul quvvati eng oz bo‘lgan shaxslar birinchi, muskul quvvati eng yuqori bo‘lganlar esa to‘rtinchi guruhga kiritilgan. Shuningdek, tadqiqot qatnashuvchilari jinsi bo‘yicha ham guruhlarga bo‘lingan.

Tadqiqot ishtirokchilari o‘rtacha 6,5 yil davomida kuzatilgan. Bu orada 247 nafar erkak va 75 ayol vafot etgan. Tadqiqotchilar muskul quvvati tegishli jins medianasidan yuqori bo‘lgan shaxslar boshqalarga solishtirganda uzoqroq yashashini aniqlagan. Xususan, eng oz quvvatli guruhga kiritilgan shaxslarning vafot etish xavfi uchinchi va to‘rtinchi guruhdagilarga solishtirganda 10-13 martaga ko‘p ekanligi kuzatilgan.

Professor Arauxo bundan avval muskul kuchi va umr uzunligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash uchun qator izlanish o‘tkazilganini, ammo uning yetakchiligidagi guruh muskul quvvati va umr uzunligi bo‘yicha ilk tadqiqotni o‘tkazganini aytdi.

- Tadqiqotimiz ko‘proq muskul quvvatiga ega shaxslar uzunroq yashashini ilk marotaba ko‘rsatib berdi, - dedi professor.

Professor Arauxo muskul quvvatini oshirishning bir-ikki yo‘liga to‘xtalib o‘tdi. Eng avvalo ko‘tarish o‘ta oson yoki o‘ta qiyin bo‘lmagan girya yoki toshni topish kerak. Toshni 6-8 marta iloji boricha tezroq ko‘tarish kerak. Shu narsani 1-3 marta takrorlash kerak. Har safar toshni ilk pozitsiyasiga sekinlik bilan qaytarish kerak.

Qolaversa, tananing ham ustki, ham pastki qismlari bilan mashq qilish zarur. Tosh yoki trenajyor qarshiligi o‘ta yuqori bo‘lsa yoki tanada kuchli og‘riq paydo bo‘lsa, takrorlashlar sonini yoki tosh og‘irligini ozaytirish kerak. Tabiiyki, har qanday mashqqa qo‘l urishdan avval shifokor yoki mutaxassis bilan maslahatlashish lozim bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG