Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 04:32

Mirziyoev prokuraturaga bergan vakolatlarini qaytarib oldi. Yuzlab xodim taqdiri muallaq qoldi


O‘zbekistonning ikkala sobiq Bosh prokurori - Rashitjon Qodirov va Ixtiyor Abdullaev Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelganidan so‘ng qamoqqa olindi.

Hokimiyatga kelishidan ko‘p o‘tmay huquqni muhofaza qilish tizimlari¸ xususan¸ prokuraturani yomon ko‘rishini aytib¸ prokurorlarni “eng katta o‘g‘rilar” deb ataganiga qaramay Shavkat Mirziyoev¸ aynan prokuraturani keyingi ikki yil ichida eng vakolatli davlat organiga aylantirdi.

Ammo prezident bilan prokuraturaning “asal oyi” uzoqqa cho‘zilmadi – 2019 yilning 15 mart kuni Mirziyoev bitta farmon va bitta qaror bilan Bosh prokuraturaga bir yil oldin o‘zi bergan vakolatlarni o‘zi bekor qildi¸ prokuraturadagi ish o‘rinlarini bir kunda 1193 shtatga qisqartirdi.​

1-30 aprel oralig‘ida bu qisqartirishlarni “hazm qilishi” belgilangan prokuratura tizimi¸ Ozodlikka kelayotgan ma’lumot va shikoyatlardan anglashilishicha¸ bir oy ichida buncha kadrni qaerga¸ qanday joylashtirish kabi murakkab tanlov qarshisida qolgan.

Qisqarishga tushgan prokuratura xodimlaridan Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarda¸ bu jarayonda yana “korrupsiya va tanish-bilishchilik” belgilovchi mezon ekani iddao qilinmoqda.

Mirziyoev davrida O‘zbekistondagi matbuot uchun eng ochiq davlat organiga aylangan Bosh prokuratura Ozodlikka kelgan shikoyatlarga atroflicha munosabat bildirdi. Matbuot xizmatining borayotgan jarayonga oid rasmiy izohida¸ qisqartirishning prokuraturaga xos bo‘lmagan funksiyalarga barham berish bilan bog‘liq ekani va kimning bu tizimda qolish-qolmasligi “halollik kriteriysi” asosida belgilanayotgani ta’kidlandi.

Ozodlik jarayonga oid tafsilotlarni ikkala tomon iddao va izohlari asosida yaqindan o‘rganish va Shavkat Mirziyoevning "qonunning ustunligini har tomonlama qaror toptirishga" vakolatli davlat organi bilan murakkab munosabatlari tadrijini kuzatishga urindi.

“Prokurorlardan tovush”

Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 15 mart kungi 5690-sonli farmoni bilan 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan nazorat qilish Bosh prokuraturadan olinib¸ prezident administratsiyasida yangi tuzilgan Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga berildi.

Prezident ayni shu kuni imzolagan 4241-sonli qarori bilan o‘zi 2018 yilning 7 may kuni chiqargan 3699-sonli qarorini bekor qildi – Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan agroinspeksiyani Vazirlar Mahkamasi boshqaruviga o‘tkazdi.

Bu jarayon o‘tmishda o‘zini matbuotdan ihotalab kelgan prokuratura organlari xodimlarining Ozodlik bilan faol aloqaga chiqishiga turtki bo‘ldi.

Aprel davomida shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda turli viloyat va poytaxt Toshkentdan bog‘langan prokuratura tizimi xodimlari hisobicha¸ 5690-sonli farmon bilan tizimdagi 1193 ish o‘rni qisqargan bo‘lsa¸ 4241-sonli qaror ortidan yana “1000 ga yaqin odam ishsiz¸ ko‘chada qolgan”.

O‘zbekistonda ishsizlar sonini kamaytirish, aholi bandligini ta’minlash siyosati olib borilayotgan bir paytda shuncha odam ishsiz qolib, ularning oilalari yashash uchun kurashmoqda”¸ deyiladi Qoraqalpog‘iston prokuraturasi xodimlari nomidan Ozodlikka yuborilgan maktubda.

Agroinspeksiyaga o‘tkazilgan prokuratura xodimlarining taqdiri noma’lum. Ularni ishdan bo‘shash haqidagi ariza yozishga majbur qilishayapti. Ular dalada qoldi. Yo ishdan bo‘shagani yo‘q¸ yo ishda emas. Prikaz yo‘q. Oyligi ham yo‘q. Inspeksiya o‘rniga ochilgan Kabmin filialiga prokurorlarni olmayapti”¸ deyiladi vodiy viloyatlaridan biri prokuratura xodimlari yo‘llagan boshqa bir murojaatda.

Bugun hamma o‘zgarishlar amalga oshirildi hisob, har kim har hududga o‘tib ketdi. 1800 ta faqat prokuraturaning o‘z tizimi, shundan 1190 ta farmon bo‘yicha sokrashenie, 400 ta Agroinspeksiyadan kelganlani qisqartirib joylashtirish ishlari qilindi.

Sokrasheniega tushganlarni Davlat soliq qo‘mitasiga yo‘llanma bilan jo‘natmoqda. Ixtiyoriy-majburiy, boshqa prokuratura tizimida joy yo‘q”, deyiladi 15 aprel kuni Ozodlikka kelgan yana bir maktubda.

Qishloq xo‘jalik inspeksiyasi 6000 ta xodimi blan KabMinga o‘tkazildi. 2600 ta prokuratura xodimi bor edi¸ shundan farmon bIlan 1190 ta sokrashchenie kelgan. Bosh prokuratura markaziy apparatidan 170 nafar xodimning joyi sokrashchenie bo‘ldi. Asosan¸ korrupsiya, tergov va boshqa boshqarmalarda qisqartirish. Qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlarning huquqlari bilan ishlaydigan boshqarmalar tugatildi. Prokuratura tizimida 30 foizlik qisqartish¸ 70 foizlik rotatsiya holati bormoqda. Tizimda sog‘lom vaziyat izdan chiqdi - barcha xodimlar ertaga o‘zimni qaerda ko‘rarkanman¸ degan o‘y-xayolda o‘z ishi bilan shug‘ullanolmay qoldi”¸ deyiladi Ozodlikka Markaziy apparatda ishlovchi ayrim xodimlar nomidan kelgan boshqa bir xabarda.

“Prokuratura faoliyati optimallashtirilmoqda”

Prezidentning 15 mart kungi farmon va qaroridan so‘ng prokuratura xodimlaridan Ozodlikka kelayotgan bu shikoyatlarga Bosh prokuratura Matbuot xizmati atroflicha izoh berdi.

Prezident imzolagan hujjatlarning “prokuratura organlariga xos bo‘lmagan vazifa va funksiyalarni chiqarib tashlash yo‘li bilan ularning faoliyatini optimallashtirish maqsadida” qabul qilingani ta’kidlangan rasmiy javobda yozilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashkiliy-shtat tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritilib, prokuratura organlari bo‘yicha 1 193 ta shtat birliklari qisqartirildi. Qisqartirilgan shtat birliklaridan 87 tasi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonini, 470 tasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘linmalarini to‘ldirish uchun yo‘naltirildi.

Qisqartirilgan shtat birliklari faoliyat ko‘rsatgan xodimlarni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilib, shu kunga qadar 11 nafari Departamentga;

180 nafari Majburiy ijro byurosiga; 48 nafari boshqa organ va muassasalarga (Adliya vazirligi, IIV, DSQ va hokazo) ishga o‘tishi ta’minlangan. Qolgan xodimlar xizmatdan prokuratura organlari ixtiyorida bo‘lib, ular xizmatdan bo‘shatilmagan”.

Bosh prokuratura keltirgan raqamlardan¸ qisqartirishga tushgan shtat birliklaridan jami 796 tasi boshqa tashkilotlarga yo‘naltirilgani anglashiladi¸ ayni paytda 397 shtat birligining qaysi shaklda qisqartirilishiga aniqlanmaydi.

Og‘riqli jarayon

Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarga munosabat bildirgan Bosh prokuratura Matbuot xizmati “1193 ta xodimni qisqartirish jarayonining hech bir e’tirozsiz o‘tishi imkonsiz” ekanini e’tirof etdi; ayni paytda¸ e’tirozlarga ko‘z yumilmasligi¸ bu tizimda halol ishlayotgan professional kadrlarning “ko‘chada qolmasligi"ni ta’kidladi.

Bosh prokuror topshirig‘iga asosan, joylarda qisqartirilgan shtat birliklarida faoliyat ko‘rsatgan xodimlarning bo‘sh lavozimlarga tayinlanishi hamda ularni boshqa ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi ahvolini o‘rganish yuzasidan Bosh prokuror o‘rinbosarlari rahbarligida, Kadrlar boshqarmasi va Ichki xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlaridan iborat tarkibda Ishchi guruhlar tuzilgan”¸ deyiladi Ozodlikka kelgan shikoyatlarga bildirilgan rasmiy munosabatda.

Ozodlikka Bosh prokuraturadan berilgan ma’lumotga ko‘ra¸ aprel oyi ichida har bir hududga borib, qisqartirish va xodimlarni qayta joylash jarayonini o‘rganayotgan ishchi guruh:

1) bu jarayonning qanchalik xolis va adolatli o‘tkazilayotgani;

2) bu boradagi e’tirozlarni individual o‘rganish va noto‘g‘ri harakatlar aniqlansa, adolat o‘rnatish¸ hamda

3) bu jarayonga tushgan barcha xodimlarni joy-joyiga joylashtirish bo‘yicha tashkiliy choralar ko‘rish bilan shug‘ullanmoqda.

Rasmiy bayonotda alohida ta’kidlanishicha¸ “boshqa lavozimlarga o‘tkazilgan xodimlarga aynan e’tirozlarni o‘rganish uchun BP o‘rinbosari kelganligi haqida xabar berilganiga qaramay¸ bironta xodim kelib o‘z e’tirozini bildirmagan”.

Bunga sabab, bu jarayonning noto‘g‘ri yoki adolatsiz o‘tkazilganligi bo‘yicha aniq vajlarning yo‘qligidir”¸ deyiladi Bosh prokuratura Ozodlikka bergan rasmiy izohda.

Rasmiylarga aytilmayotgan vajlar mohiyati nimada?

Ozodlikka murojaat qilgan prokuratura xodimlari kimning organdan ketishi va kimning qaysi lavozimga o‘tkazilishini belgilashda korrupsiya va tanish-bilishchilik muhim rol o‘ynayotganini iddao qildi.

Yana shu Qodirovning guruhi¸ yana puli¸ tankasi borlar asosiy joylarga o‘tirib oldi. Bilimli¸ hech kimi yo‘qlar pastga tushib ketdi. Ayollarniyam yig‘latib¸ past lavozimga¸ uzoq hududlarga jo‘natishdi”¸ deyiladi Ozodlikka kelgan shikoyatlardan birida.

Ishdan bo‘shatish tartibi bor. Mehnat Kodeksiga rioya qilinmayapti. Kompensatsiya bermaslik uchun majburiy ariza yozdirishayapti»¸ deyiladi vodiylik prokurorlar arzida.

Kim sokrashenie va o‘zgarishdan norozilik bildirsa¸ tizimdan bo‘shatayapti. Norozi bo‘lsa¸ ODR ( (xizmat kiyimi, oyligi saqlanib boshqa tizimda ishlashi ) bermasdan chiqaradi. Kimga murojaat qilish mumkin - hammasi qaytib Bosh prokurorga keladiku murojaatlarning!” deyiladi Ozodlikka yuborilgan maktublardan yana birida.

“Jarayonda prokuratura nopok va saviyasiz xodimlardan ozod bo‘lmoqda”

Bosh prokuraturaning o‘z tarkibida borayotgan qisqartirish jarayoni va unga nisbatan e’tirozlarga bergan javobida¸ Ozodlikka yuborilgan har biz shikoyatga alohida munosabat bildirildi.

Bu jarayonda e’tirozlar bo‘lishi tabiiy, chunki tizimni noloyiq va halol bo‘lmagan xodimlardan tozalash jarayonining ham katta ta’siri bor.

Mas’uliyatli lavozimlarda xizmat qilayotgan xodimlarning yana bir bor bilim, ko‘nikma va muhimi antikorrupsiyaviy nuqtai nazardan filtrdan o‘tkazilishini barcha birdek olqishlamasligi aniqku! Masalan, qisqartirish jarayonidan tashqari, 2018 yilning o‘zida prokuratura tizimini nopok va saviyasiz xodimlardan tozalash jarayonida 47 nafar xodim lavozimidan ozod etildi, 281 nafari tizimdan bo‘shatildi, 1171 nafar xodim (prokuratura, Departament va MIB bilan birga) xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortildi. Xodimlarga baho berishda halollik - asosiy kriteriy! Agar bu jarayonda pora berilganligi borasida aniq ma’lumotlar bo‘lsa, berishsin - xizmat tekshiruvi yuli bilan¸ albatta¸ tekshiriladi”¸ deyiladi Bosh prokuratura Ozodlikka yo‘llagan rasmiy izohda.

Prokuratura boshqaruvida qodirovchilar guruhi ta’siri hamon kuchli ekani haqidagi e’tirozlarga ham alohida to‘xtalgan Matbuot xizmati “so‘nggi bir yil ichida tizimdagi barcha rahbarlik lavozimlarining 66 foizga yangilangani¸ 2016-2019 yillar ichida esa rahbar kadrlarni yangilashning 97 foizni tashkil etgani” bunday iddaoni ochiqdan-ochiq rad qilishini bildirdi.

Prokuratura Mirziyoev qahriga uchradimi?

Ozodlik bilan suhbatda xavfsizlik va butunlay ishsiz qolish bilan bog‘liq xavotirlar tufayli shaxsi sir tutilishini so‘rab gaplashgan prokuratura xodimlari¸ Shavkat Mirziyoevning prokuratura organlariga nisbatan keskin o‘zgaruvchan munosabati o‘z kasbiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Karimov prokuraturani yomon ko‘rardi va buni hamma tushunardi. Qashqadaryoda obkom bo‘lgan paytida¸ prokuraturadan qo‘rqib yashagani uchun¸ bu tizimning mustaqil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi. SNBdan chiqqan Qodirovni 15 yil Bosh prokuror qilish bilan¸ bu tizimniyam de fakto MXX nazoratiga topshirdi. Mirziyoev ham boshida prokuraturaga qattiq jahl¸ hatto nafrat bilan qaradi. Lekin MXXdagi jinoyat va xiyonatlar ko‘lami uni prokuraturaga tayanishga majbur qildi. Inoyatovning o‘rniga Bosh prokuror Abdullaevni MXXga raisi qilganidan keyin (2018 yil 31 yanvar – tahr.) Mirziyoev o‘zi ishongan¸ nihoyatda sadoqatli Otabek Murodovni Bosh prokurorlikka qo‘ydi. Murodovga ishonch – prokuraturaga ishonchga aylandi va Mirziyoev prokuraturaga¸ uning funksiyasiga kirish-kirmasligiga qaramay¸ katta vakolatlar berib tashladi¸ davlat boshqaruviga ham asosan prokuraturadan chiqqan kadrlarni qo‘ydi. Lekin bu inoyatovchilarga yoqmadi - 2019 yilga kelib¸ eski mxxchilar Mirziyoevning Murodovga ishonchini yo‘qotishga kirishdi. Xabaringiz bor¸ har xil internet nashrlarida Bosh prokurorga qarshi mish-mishlar tarqatildi¸ unga qarshi uyushtirilgan fitna boshlandi. Murodov bugun ketadi¸ ertaga ketadi¸ degan gaplar tarqab ketdi. Prezident bu kampaniyaning o‘zini qo‘rqitish va manipulyatsiya qilish o‘yini ekanini tushundi chog‘i¸ Murodovni¸ fitnachilar kutgandek¸ ishdan olmadi. Lekin prokuratura vakolatlarini qisqartirish orqali¸ nafaqat Murodov¸ balki butun tizimga qattiq ogohlantirish berdi”¸ deydi O‘zbekiston prokuraturasining Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan keksa xodimlaridan biri.

Mirziyoevning prokuratura tizimi bilan beqaror munosabatlari

Shavkat Mirziyoev 2016 yil 4 dekabr kuni prezidentlikka saylanganidan keyin kuchga kirgan ilk qonunlardan biri 19 dekabr kuni imzolangan 8 yanvarni O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilashga oid hujjat bo‘ldi.

Mirizyoev prezident sifatida alohida uchrashgan tizim ham aynan prokuratura bo‘ldi va 7 yanvar – prokuratura xodimlari kuni birinchi marta rasman nishonlanishi arafasida u prokuratura xodimlari bilan bir necha soatlik uchrashuv o‘tkazdi.

Tabrik¸ hamda prokurorlarga hurmat va ishonch bildirilgan bu uchrashuvda Mirziyoev¸ “jamiyatda adolat barqaror bo‘lishida prokuratura organlarining o‘rni katta bo‘lishi lozim”ligini ta’kidladi.

Bu uchrashuvdan ko‘p o‘tmay – 2017 yilning 18 aprel kuni Shavkat Mirziyoev “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish¸ mamlakatni modernizatsiya qilish¸ inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish to‘g‘risida” deb nomlangan 5019-sonli farmonga qo‘l qo‘ydi va nomidan ko‘rinib turganidek¸ prokuraturaga konstitutsiyada belgilanganidan ham oshig‘ich vakolatlar berdi.

2017 yilning 30 may kungi 3016-sonli qarori bilan Mirziyoev Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamentini tugatib¸ uning vakolatlarini ham Bosh prokuratura tizimida yangi tashkil etilgan Majburiy ijro byurosiga olib berdi.

Mirziyoev 2018 yilning 2 avgust kuni imzolagan 5499-sonli farmon bilan soliq va bojxona tizimlari faoliyati ustidan to‘liq ham nazorat Bosh prokuraturaga topshirildi.

Bu qaror va farmonlar bilan bir paytda¸ Mirziyoev yopiq eshiklar ortida prokuratura tizimini ayovsiz tanqid qilish¸ uning sobiq va ayrim joriy rahbarlarini og‘ir jinoyatlar¸ xususan¸ o‘g‘irliklarda ayblab keldi.

Ozodlik gaplashgan O‘zbekiston huquq tizimining ayrim sobiq va joriy amaldorlari Shavkat Mirziyoevning prokuratura bilan murakkab munosabatlari bevosita uning Bosh prokuraturani Karimov davrida uzluksiz 15 yil boshqargan Rashitjon Qodirov bilan shaxsiy munosabatlariga borib taqalishini aytadi.

Bu mulozimlar iddaosicha¸ Jizzax va Samarqand viloyatlarida hokim¸ so‘ngra esa¸ O‘zbekiston Bosh vaziri bo‘lib ishlaganida Mirziyoev¸ shaxsan Qodirov¸ qolaversa¸ bu tizim boshqa amaldorlarining bosim va tazyiqiga ko‘p yo‘liqqan.

2017 yilning 2 avgust kuni Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda qilgan keng jamoatchilikka mo‘ljallanmagan bayonotida Mirziyoev bu taxminlarda jon borligini tasdiqladi va “eski axlat tizimi”dan qolgan prokurorlarning o‘zlarini "eng katta o‘g‘ri" deb bilishini ochiqladi.

Men o‘zi prokuror degan odamni, kechirasizlaru, juda yomon ko‘raman. Buni ochiqcha aytayapman, nimaga desangiz men rayon hokimi bo‘lganman, viloyat hokimi bo‘lganman, bu noinsoflarni g‘o‘ddayishini, prokurorcha bo‘lib darrov yurishi o‘zgarib qolishini, odamni mensimasini juda yaxshi bilaman. Juda yaxshi bilaman, voy bo‘o‘o‘o‘o‘o‘o‘y....", degan edi bu majlisda¸ aftidan Toshkent viloyatining o‘shandagi prokurorini turg‘izib qo‘yib gapirgan prezident.

Шавкат Мирзиёевнинг 2 август куни Тошкент вилоятидаги йиғилишда сўзлаган нутқи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:34:15 0:00
Бевосита линк


Ayni shu yig‘inda Mirziyoev prokuratura organlaridagi qodirovchilarning 80 foizi yo‘qotilgani¸ qolganidan tez orada tozalanishini ta’kidlaydi.

Mirziyoevning bu kabi ayblovlari ortidan sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov 2018 yilning 22 fevral kuni hisbga olindi va ayni kunlarda uning ustidan mahkama davom etmoqda.

Mirziyoevning qodirovchi prokurorlarga nisbatan yozg‘irishlari¸ uning davlat boshqaruvining muhim tuzilmalariga prokuratura xodimlarini tayinlashiga to‘siq bo‘lmadi.

Xususan¸ Mirziyoev¸ 2018 yil yanvarida O‘zbekistonning eng qudratli idorasi MXX raisligiga Karimov davrida Bosh prokurorlikka tayinlangan Ixtiyor Abdullaevni qo‘ydi. Qodirov davrida Bosh prokuror o‘rinbosari¸ Buxoro va Jizzax viloyati prokurori bo‘lgan Po‘lat Bobojonovni Ichki ishlar vaziri etib tayinladi; Boj va Soliq qo‘mitalaridagi rahbarlik lavozimlari¸ turli viloyat va tuman hokimligiga ham prokuraturadan chiqqan kadrlarni qo‘ydi. Bu jarayonni sharhlagan ayrim nashrlar¸ Karimov hokimiyatining bosh tayanchi MXX bo‘lgan bo‘lsa¸ Mirziyoev bu vazifani prokuraturaga berdi¸ mamlakatni prokurorlashtirish jarayoni boshlandi¸ deb yozdi.

Ammo 2019 yil boshiga kelib¸ prezident va davlat boshqaruviga kelgan prokuror kadrlar o‘rtasidagi munosabatlarda keskin burilish yuz berdi.

DXXga aylangan sobiq MXX raisi¸ sobiq Bosh prokuror Ixtiyor Abdullaev fevral oyida ishdan olindi va uning qamoqqa olingani haqida norasmiy xabarlar tarqadi.

Shaxsi sir tutilishini so‘ragan huquq tizimlaridagi mulozimlar Ozodlikka Abdullaev bilan 200 ga yaqin odamning hibsga olingani va ular aksariyatining prokuraturaning sobiq va amaldagi amaldorlari ekanini bildirdi.

Abdullaev va uning sheriklari deb ko‘rilayotganlar¸ bu mulozimlar iddaosicha¸ Mirziyoev oila a’zolarining telefon so‘zlashmalari maxfiy tinglash va nazorat ostiga olishda ayblanishi ortidan prezidentning qattiq qahriga yo‘liqqan.

Asosan sobiq va joriy prokuratura xodimlaridan iborat katta guruhning “xiyonatda ayblanishi”¸ ayrim nashrlar iddaosicha¸ Mirziyoevning o‘zi 2018 yil yanvarida Bosh prokuror etib tayinlagan Otabek Murodovga nisbatan ishonchiga ham rahna solmay qolmagan. Internet nashrlarida¸ bu ishonchsizlik oqibatida Otabek Murodovning ishdan olingani haqida norasmiy xabarlar tarqadi¸ ammo joriy yil 6 mart kuni prokuratura Matbuot xizmati ularni "uydirma" deb rad etdi.

O‘zbekiston prokuraturasini matbuot va jamoatchilik uchun ilk marotaba ochgan liberal rahbar sifatida ko‘riladigan Otabek Murodov lavozimini saqlab qoldi. Ammo Murodovga nisbatan ishonchning susayishi¸ Ozodlik gaplashgan Toshkent boshqaruviga yaqin mulozimlar iddaosicha¸ u boshqarayotgan prokuratura tizimiga nisbatan ishonchning ham kamayishiga sabab bo‘lgan va oqibatda prokuratura mazkur maqolaga asos bo‘lgan og‘ir vaziyatga tushib qolgan.

Bu kabi taxmin va iddaolarga munosabat bildirgan Bosh prokuratura Matbuot xizmati¸ ularni “vaziyatni anglamay yozilgan mish-mish gaplar” deya baholadi.

XS
SM
MD
LG