Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:13

OzodDayjest: Jizzaxlik qorovul MIB xodimiga arra bilan hamla qildi


Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda 167 ta holatda MIB xodimlariga turli darajada qarshilik ko‘rsatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda 167 ta holatda MIB xodimlariga turli darajada qarshilik ko‘rsatilgan.

19 yilga nohaq qamalgan tadbirkor adolat talab qilmoqda. Jizzaxda ijara haqi undirish uchun borgan MIB xodimi qorovul hujumiga uchradi. Qozog‘istonda bitta kinokartina uchun ajratilgan mablag‘ga O‘zbekistonda 40 ta film suratga olinayapti.

_____________________________________________________________

Samarqandlik tadbirkor nohaq qamalgani va mol-mulki tortib olinganidan arz qildi

Nohaq qamalgan samarqandlik tadbirkor Halim Murtazoev adolat qaror topishi va tortib olingan mol-mulki qaytarilishini talab qildi (“XXI asr”, 25 aprel). Qayd etilishicha, u 1990 yil 6 iyun kuni Urgut shahrida birinchilardan bo‘lib “Risola” ko‘p tarmoqli savdo, ishlab chiqarish firmasini ochgan. H. Murtazoevga tegishli 15 ta korxona makaron, muzqaymoq, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, eshik-rom, metall panjara, isitish qozoni yasash kabi faoliyat bilan shug‘ullangan. Tadbirkor 1999 yilda “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan. Ammo 2007 yilda unga tuhmat bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 19 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, mol-mulki musodara qilingan. 10 yillik umrini panjara ortida o‘tkazgan H. Murtazoev shikoyatlar yoza-yoza 2017 yil 31 mart kuni ozodlikka chiqqan. Tadbirkorga ko‘ra, mas’ullar ikki yildan buyon ishlab chiqarish korxonalarini qayta yo‘lga qo‘yishiga to‘sqinlik qilmoqda. Nohaq tortib olingan mulklari ham qaytarilmayapti. “Jinoyat kodeksining 15 ta moddasi bo‘yicha qo‘yilgan ayblarning birortasi bo‘yicha mening aybim tasdiqlansa, takroran yana 19 yilga ozodlikdan mahrum etishlariga roziman”, degan tadbirkor H. Murtazoev.

Jizzaxda qorovul MIB vakiliga hujum qildi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida MIB xodimiga benzin dvigatelli arra (motopila) bilan hujum qilindi, deb xabar beradi Bosh prokuraturaning “Huquq” nashri. Viloyat iqtisodiy sudi “Mulla” xususiy korxonasidan “Marjona Sarvinoz” MChJ foydasiga 36 million so‘m ijara haqi undirish haqida qaror chiqaradi. Mazkur qarorni ijro etish uchun borgan MIB xodimiga korxona qorovuli benzin dvigatelli arra bilan tashlanadi. MIB xodimiga qay darajada jarohat yetkazilgani ochiqlanmagan.

Buxoro viloyati Olot tumanida esa 71 yoshli M. Sobirov o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootni buzish haqidagi qarorni ijro etish uchun kelgan MIB xodimi yuziga tarsaki tortgan va ogohlantirish xatini yirtib tashlagan.

Qayd etilishicha, birgina 2018 yilda 167 ta holatda MIB xodimlariga turli darajada qarshilik ko‘rsatilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha o‘nlab jinoiy va ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

O‘zbek kinosida “kommunist qahramonlar” ko‘paygani tanqid qilindi

O‘zbekistonda tarixiy filmlarni suratga oluvchi munosib rejissyor va ssenariynavislar kam (www.minbar.uz, 24 aprel). “O‘zbekkino” milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Olimjon Davlatov bilan cuhbatda shu haqda so‘z boradi. Qayd etilishicha, tarixiy mavzuga murojaat qilayotgan ayrim qalamkash va rejissyorlar hatto “Vikipediya” darajasida ma’lumotga ega emas. “Natijada sovet zamonida targ‘ib qilinadigan kommunistlardek bizning qahramonlarimiz ham hamisha to‘g‘ri qaror chiqaradigan, har bir so‘zi ayni hikmat bo‘lgan qizil qahramonlarga aylanib qoladi”, deydi O. Davlatov. “O‘zbekkino” vakili milliy filmlar o‘rtamiyona ekanini ham tan olgan. “Futbolimiz, san’atimiz, adabiyotimiz, fanimiz, iqtisodiyotimiz, umuman ijtimoiy hayotimiz o‘rtacha bo‘lgan bir paytda qanday qilib kinoijodkorlardan “shoh asar” talab qilib bo‘ladi?!” degan u. Filmlarning saviyasi past ekaniga esa bir qator omillar, jumladan, mablag‘ yetishmasligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Muqoyasa qilinishicha, qozoqlar To‘maris haqidagi bitta filmga 5 million dollar mablag‘ sarflagan. O‘zbekistonda esa davlat mablag‘iga ishlanadigan 20 ta filmga jami 2,5 million dollar ajratiladi.

XS
SM
MD
LG