Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:03

OzodDayjest: Chinozdan chiqqan “yangi Ahmadboy” 350 kishini chuv tushirdi


O‘zbekistonliklar asosan nimadan o‘lim topayotgani ma’lum bo‘ldi. Chinozda yana bir “Ahmadboy” qo‘lga olindi. O‘zbek qizlari xorijliklarga turmushga chiqishiga romantik orzular sabab o‘laroq ko‘rsatildi. Joriy hafta mahalliy matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonda odamlar ko‘proq nimadan vafot etishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda qayd etilayotgan o‘lim holatlarining 63,8 foiziga qon aylanish tizimi kasalliklari sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot nashrlari orqali xabar bergan. Shuningdek, o‘simtalar (9 foiz), nafas olish a’zolari kasalliklari (5,1), baxtsiz hodisalar (4,3 foiz) hamda yuqumli kasalliklar (1,4 foiz) o‘limlarga olib kelmoqda. Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-mart oylarida mamlakatda 37,1 ming kishi vafot etgan. Bir yoshgacha vafot etgan chaqaloqlar soni 1,6 ming nafarni tashkil qilgan. Statistika idorasiga ko‘ra, mamlakat doimiy aholisi soni joriy yil 1 aprelda 33 million 375,8 ming kishiga yetgan. Shu tariqa yil boshidan buyon aholi 120,3 ming kishiga yoki 0,4 foizga o‘sgan.

Chinozdan chiqqan “yangi Ahmadboy” ham jinoiy javobgarlikka tortildi

Moliyaviy piramida tashkil qilishda ayblanib hibsga olingan chinozlik Ahmadboy Tursunboev jinoiy ishi hali yakuniga yetmay turib ushbu hududdan uning yana bir izdoshi chiqdi (“Huquq”, 2019 yil 16-son). Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chinoz tuman bo‘limi boshlig‘i Azamatxon Saydavutovga ko‘ra, yangi Ahmadboy ham fuqarolardan pul, avtomashina, qoramol va boshqa qimmatli buyumlarni ikki barobar qilib qaytarish va’dasi bilan olavergan. Ahmadboyning izdoshi shu tariqa qisqa muddatda 3 milliard 42 million 302 ming so‘m yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Yig‘ilgan mablag‘ni esa u “Samara Group” va “Elegant Stroy” shirkatlari orqali legallashtirishga uringan. Qolgan pullarga esa ko‘chmas mulk ob’ektlari xarid qilgan. Qayd etilishicha, Ahmadboyning izdoshi salkam 350 nafar shaxsdan pul va qimmatbaho buyumlar olgan. Firibgarlik, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi qator jinoyatlarda ayblangan “yangi Ahmadboy”ga nisbatan tegishli jazo tayinlangani xabar qilingan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

O‘zbek qizlari romantik orzular sabab ajnabiylarga turmushga chiqayotgani aytildi

O‘zbek qizlari xorijliklarga romantik orzular sabab turmushga chiqmoqda (“Darakchi”, 25 aprel). Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi vakili Ozoda Islomova ma’lum qilgan. “Ular chet elda yashasam, hech narsaga zoriqmayman, kinolardagidek romantik hayotga ega bo‘laman, deb o‘ylagan. Lekin real hayotda buning mutlaqo aksi bo‘lib chiqqan”, deydi O. Islomova. Qo‘mita vakili qizlarning aksari moddiy yetishmovchilik sabab ana shunday tavakkal qaror qabul qilayotgani faktiga e’tibor qaratmagan.

Qayd etilishicha, o‘zbek qizlarining Turkiya, BAA, Janubiy Koreya, Xitoy kabi mamlakatlarga turmushga chiqishi ko‘p kuzatilmoqda. Xitoy, Ozarboyjon, Rossiya kabi mamlakatlarga turmushga chiqqan o‘zbek ayollari esa jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. Ta’kidlanishicha, ajnabiylarga turmushga chiqayotganlar orasida Namangan viloyati vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi. Xotin-qizlar qo‘mitasi avvalroq chet elga kelin bo‘lib ketayotganlarning ro‘yxati tuzilishi haqida ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG