Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2020, Тошкент вақти: 23:24

Rossiyada siyosiy mahbuslar soni oshib bormoqda


“Memorial” huquq himoyasi harakati Rossiyada siyosiy mahbuslar soni 230 dan oshganini ma’lum qildi.

Tashkilot 29 aprel kuni e’lon qilgan hisobotda hukumatning siyosiy raqiblari, fuqaroviy jamiyat faollari hamda jurnalistlar faoliyatiga borgan sari ko‘proq tahdid solinayotgani tanqid qilingan.

Shuningdek, aytilishicha¸ Rossiya hukumati ukrainalik faollar, diniy va etnik ozchiliklar hamda LGBT faollarni nishonga olmoqda; ular rasmiylarga “istagan shaxsni qo‘lga olish, ushlab turish hamda qamash imkonini beruvchi qonunlar” tufayli tazyiqlarga duchor bo‘lmoqda.

“Kremlning siyosiy mahbuslari” deb nomlangan hisobotni Rossiyaning “Memorial” huquq himoyasi harakati bilan hamkorlikda qarorgohi Vashingtonda joylashgan Crushing Dissent tashkiloti tayyorlagan.

Hisobotda Kreml hamda Rossiya parlamenti deputatlari yangi qonunlar, mavjud qonunlarga kiritilgan o‘zgarishlar hamda administrativ qonunlardagi o‘zgartishlar yordamida siyosiy raqiblarga bosim o‘tkazayotgani aytiladi.

Xususan, hisobotda 2012 yildan beri Rossiya Jinoiy kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi kiritilgan mana bu o‘zgarishlar tilga olingan:

- Ommaviy joyda to‘planib, ommaviy tartibni buzish;

- Jinoiy diffamatsiya (isnod);

- Davlat sirini noqonuniy tarzda qo‘lga kiritish;

- Dindorlar his-tuyg‘ularini haqorat qilish;

- Rossiya hududiy birligini buzishga chorlovchi ommaviy chaqiriqlar;

- SSSRning Ikkinchi jahon urushi davridagi faoliyati haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarni atayin tarqatish;

- Rossiya harbiy ramzlariga ommaviy tarzda hurmatsizlik ko‘rsatish, va

- Jamiyatga hurmatsizlik ko‘rsatuvchi yo‘l bilan Rossiyaning harbiy va bayram sanalari haqida ma’lumot tarqatish.

Hisobotda, shuningdek, 2012 yilda qabul qilingan “xorijiy agentlar” haqidagi qonunga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu qonun xorijdan mablag‘ oladigan tashkilotlarni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tishga majburlaydi.

2015 yilda esa Rossiyada “Nomaqbul tashkilotlar” haqidagi qonun qabul qilindi. U Rossiya Prokuraturasiga mamlakat mudofaasi, xavfsizligi yoki konstitutsion tizimiga tahdid soladi, deb ishonilgan tashkilotlar faoliyatini man etish huquqini beradi.

Hisobotda tilga olingan siyosiy mahbuslar orasida Mixail Xodorkosvskiyning YuKOS xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Aleksey Pichugin, terror hujumlarini uyushtirishda ayblanayotgan ukrainalik rejissyor Oleg Sensov hamda “Nomaqbul tashkilotlar” qonuni asosida ayblangan ilk shaxs Anastasiya Shevchenkolar bor.

Rossiyada 1980 yillarda asos solingan “Memorial” tashkilotiga ham tobora bosim kuchaymoqda. Keyingi yillarda tashkilotning Rossiya viloyatlaridagi bo‘limlari xorij agenti deb topilib, ularning etakchilariga siyosiy ayblovlar qo‘yildi.

25 aprel kuni “Rossiya” davlat telekanali tashkilotni keskin qoraladi. Telekanal guruhni Rossiya yoshlari orasida targ‘ibot olib borishda aybladi. Telekanal hujumiga “Memorial” o‘zining yillik insho tanloviga “Rossiya” telekanali muxbirini kiritmagani sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG