Линклар

Шошилинч хабар
16 январ 2021, Тошкент вақти: 17:34

Facebook ekstremizm¸irqchilik va nafrat g‘oyalarini tarqatgan shaxslarni taqiqladi


Payshanba kuni Facebook shirkati Aleks Jons va AQSh siyosatidagi boshqa munozarali shaxslar ijtimoiy tarmoqning “xavfli shaxslar va tashkilotlar” bo‘yicha siyosatini buzgani uchun bloklanganini ma’lum qildi.

Hisoblari o‘chirilgan shaxslarning aksari Maylo Yannopulos, Lora Lumer hamda Pol Jozef Uotson kabi radikal o‘ng qanot qarashlarga ega shaxslardir.

Shirkat, shuningdek, 2018 yilda Kongressga nomzodligini ko‘rsatgan oq tanli irqchi Pol Nexlen hamda “Islom xalqi” radikal tashkiloti yetakchisi, qora tanli irqchi Luis Farraxan sahifalari ham man etilganini bildirdi.

Facebook zo‘ravonlik yoki nafrat targ‘ib qiluvchi har qanday foydalanuvchi man etilishini aytib, yuqorida tilga olingan shaxslarga aloqador barcha hisob, sahifa, guruh va tadbirlar ham Facebookda, ham Instagramda o‘chirilishini bildirdi.

Ammo Facebook man etilgan shaxslarni targ‘ib qiluvchi yoki qo‘llovchi boshqa foydalanuvchilarni o‘z platformalarida bloklashga qaror qilgani yo‘q. Bundan avval “Islom davlati” va “Al-Qoida”ni qo‘llagan shaxslar ham bloklangan edi.

Yahudiylarni “termitlar” deb ta’riflovchi Farraxanning hisobi o‘chirilganidan keyin ham Instagramda #louisfarrakhan xeshtegi ostida unga aloqador 17 000 videoni ko‘rish mumkinligi kuzatildi.

“Sendi-Xuk” maktabidagi otishma haqida fitna nazariyalarini tarqatib kelayotgan Jons tez orada yangi hisob ochib, Facebook qarori haqida so‘zladi.

Jonsning Infowars sayti Facebook ko‘rgan chora foydalanuvchilar kontentini nazorat qilishga teng ekanligini haqida bildiruv e’lon qildi.

Ijtimoiy tarmoq shirkatlari uzoq yillardan beri ekstremist kontent bilan qanday kurashish haqida bosh qotirib keladi. Natijada bir-biriga zid holatlar kuzatildi. Masalan, o‘tgan yili Facebook Jons va uning Infowars saytiga aloqador sahifalarni o‘chirdi, ammo uning shaxsiy profilini qoldirdi.

O‘tgan yili Apple Inc, Google egasi Alphabet Inc va Twitter shirkatlari ham Infowars saytini man qilgan.

Shirkatlar konservativlar hisoblarini o‘chirgani uchun bunday qarashga ega shaxslar tomonidan keskin tanqidga uchrab keladi. Fuqaroviy huquq guruhlari esa yirik ijtimoiy tarmoqlar ekstremizm bilan yetarlicha kurashmayotganini aytib keladi.

Shu sabab Facebook o‘z qonun-qoidalarini takomillashtirishga urinib kelmoqda. O‘tgan oyda shirkat oq millatchilik va irqchilik targ‘iboti o‘z platformalarida man qilinishini e’lon qildi.

Shirkatning bloklangan shaxslar haqidagi bildiruvida “Har doim zo‘ravonlik va nafratga qo‘l urgan yoki targ‘ib qilgan shaxs va tashkilotlarni man qilib kelganmiz, ularning qarashlaridan qat’i nazar. Qoidalarimiz buzilgan holatlarni aniqlash jarayoni keng qamrovli bo‘lib, aynan shu jarayon asosida mazkur hisoblarni o‘chirishga qaror qildik”, deyiladi

O‘tgan yil avgust oyida Facebook Rossiya va Eronga aloqador 652 akkaunt va veb sahifa AQSh Kongressiga saylov arafasida siyosiy dezinformatsiya bilan shug‘ullangani uchun o‘chirilganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG