Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:47

Qrim anneksiyasiga norozilik sifatida rossiyaliklarni mehmonxonaga qo‘ymagan tadbirkor oqlandi


Tomash Krchmarj
Tomash Krchmarj

Chexiya Konstitutsion sudi mehmonxona egasi Tomash Krchmarjning Qrim bo‘yicha rossiyaliklarga qo‘ygan talabini ma’qul deb topdi.

− Ko‘pchilik menda tarixni yaxshi o‘qimagandek taassurot qoldirdi va men ularga bilimini yangilashda yordam berdim, − deydi chexiyalik mehmonxona egasi Tomash Krchmarj.

Tomash Krchmarj o‘lim tahdidiga qaramay Moraviyadagi o‘ziga tegishli 4 qavatli mehmonxonadan Qrim Ukrainaniki ekanini tan olmagan rossiyaliklarga joy bermaganidan afsuslanmayotganini aytadi.

‒ Qrimning bosib olinishi menga yomon ta’sir qildi, ‒ dedi u Ozodlik radiosiga Rossiya Ukrainaning Qora dengizdagi yarim orolini 2014 yilda maxfiy tarzda bosib olganini nazarda tutib. ‒ Men tajovuzni inkor qilgan rossiyaliklarga mehmonxonada turishni taqiqlashga qaror qilganimda ishim bunchalik shov-shuv bo‘lishini... va bu besh yil davom etishi mumkinligini tasavvur ham qilmagan edim. Lekin bunday ziddiyat paydo bo‘lganidan xursandman.

U 2014 yili Chexiya sharqidagi Ostrava shahrining to‘rt qavatli Brioni Boutique mehmonxonasi kiraverishiga barcha rossiyaliklarning u yerda turishi taqiqlanishi to‘g‘risida bildiruv osib qo‘ydi. Chexiya Savdo inspektorligi uni kamsitishlarga qarshi kurash bo‘yicha qonunchilikka binoan 50 ming chex kronasi (2170 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortdi.

Krchmarj ushbu qarorga qarshi kurash boshladi va viloyat sudi uning dalillarini ma’qul topib, jarimani bekor qildi.

Krchmarjning rossiyaliklar mehmonxonasida turishini taqiqlovchi e’loni asosiy kirish joyiga osib qo‘yilgan edi.
Krchmarjning rossiyaliklar mehmonxonasida turishini taqiqlovchi e’loni asosiy kirish joyiga osib qo‘yilgan edi.

So‘ngra Chexiyaning Oliy ma’muriy sudi o‘sha qarorni bekor qildi va ishni Ostravadagi viloyati sudiga qaytardi. Viloyat sudi Krchmarjga qarshi qaror chiqardi, ammo jarima miqdorini 5000 krongacha qisqartirdi.

Bu Krchmarjni qanoatlantirmadi.

Men hatto bir krona to‘lasam ham jarimaga tortilishimga rozi emasman, − dedi u iDnes.cz vebsaytiga.

Hozirgi kunda Chexiya Konstitutsion sudi mehmonlarga etnik tegishliligi yoki diniga qarab mehmonxonadan joy bermaslik mamlakatning kamsitishlarga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchiligini buzadi, ammo biror mamlakat vatandoshi ekaniga qarab rad etish qonunbuzarlik emas, degan xulosaga keldi. 30 aprelda qabul qilingan qarorda aytilishicha, hatto Chexiya hukumati ham qaysi mamlakatlar vatandoshlarining mamlakatga vizasiz kirishini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilayotib, kamsitishga yo‘l qo‘yadi.

Yuqori sud vakili ham dastlabki qaror va jarima “Krchmarjning siyosiy so‘z erkinligini bo‘g‘gani”ni aytdi.

Chexiya sharqidagi Ostrava shahrida joylashgan Brioni Boutique miehmonxonasi.
Chexiya sharqidagi Ostrava shahrida joylashgan Brioni Boutique miehmonxonasi.

Nihoyat Krchmarj to‘liq oqlandi.

Men buni yutuq deb bilaman, haqiqat biz tarafda, − dedi u.

Biroq uning aytishicha, so‘nggi qaror salbiy munosabatlar to‘lqini va jiddiy shaxsiy tahdidlarga sabab bo‘lgan.

− So‘nggi kunlarda mehmonxonamizga yo‘llangan yozma munosabatlarni politsiyaga berishga majbur bo‘ldik, − dedi u. – Ular haddidan oshib ketdi. Menga o‘ldirish bilan tahdid qilishdi. Ular ruslar emas chexlar edi.

Bobolaridan biri ukrain bo‘lgan Krchmarj Rossiyaning 1968 yili Chexiyaga bostirib kirgani bilan 2014 yilda Qrimni bosib olgani o‘rtasida bog‘liqlik borligini aytadi.

− O‘xshashligi shundaki, hamisha borib aynan bir devorga boshni uraverish kerak emas, − dedi Krchmarj. − Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrimni bosib olish bilan biror yangi narsa kashf qilgani yo‘q. Ko‘pchilik tarixni yaxshi o‘rganmaganidan taajjubdaman va men ularga bilimini yangilab olishida yordam berdim.

BMT o‘sha tajovuzdan so‘ng oradan bir necha kun o‘tib, ko‘pchilik ovoz bilan “Ukrainaning hududiy yaxlitligi” va Rossiya bosqinchi kuchlari tashkil qilgan referendum noqonuniy ekani to‘g‘risida hech bir majburiyat yuklamaydigan qaror qabul qilgan edi.

Krchmarj taqiqqa oid dastlabki qarorini o‘zgartirib, rossiyaliklar Qrim Ukrainaga tegishliligi to‘g‘risidagi matnni imzolagandan so‘ng ularga mehmonxonada turishiga ruxsat beradigan bo‘ldi.

Uning hisob-kitobicha, 10 foiz rossiyalik mehmonlar talabni rad etib, mehmonxonasida turishga rozi bo‘lmadi.

Ham mehmonxona egasi, ham siyosiy faol bo‘lmish Krchmarj Putinning o‘tgan haftada ukrainaliklarga pasport berish to‘g‘risidagi qaroriga qarshi G‘arb mamlakatlari hech qanday chora ko‘rmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirmoqda.

Hammasi aniq, endi u aytgan gapini amalga oshirishga kirishdi, − dedi u. – Qo‘shni mamlakatlarning munosabati hamda Yevropa mamlakatlari va boshqalar joriy etgan sanksiyalarning, albatta, ta’siri bor. Biroq umuman olganda, vaziyat yomonlashmoqda. Rossiyaning imperiyachilik siyosati o‘zgargani yo‘q.

XS
SM
MD
LG