Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:45

"O‘zmetkombinat ishi": Bosh prokuraturaning sobiq ikki xodimi o‘nlab tadbirkordan pora undirishda ayblanmoqda


O‘zbek metallurgiya kombinati rasmiy vebsahifasi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari M. O‘. va ayni boshqarmaning sobiq tergovchisi S. F. "O‘zmetkombinat ishi" doirasida ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan o‘nlab tadbirkordan yirik miqdorda pora undirganlikda ayblanib, aprel oyi boshida hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi tergov guruhiga yaqin mas’ul xodim ma’lum qildi.

2017 yil oktabrida Bekoboddagi "O‘zbekiston Metallurgiya kombinati" ("O‘zmetkombinat") Aksionerlik jamiyati bilan hamkorlik qilgan 49 ta shirkatning 80 ga yaqin xodimi qamoqqa olingandi.

Mazkur tergov ishi sud-adliya tizimi xodimlari orasida "O‘zmetkombinat ishi" nomini oldi.

Tergov ishiga aloqador prokuratura xodimining ma’lum qilishicha, tergov jarayonida dastlab qamoqqa olingan 80 nafarga yaqin gumonlanuvchining aksari "jinoyat alomati bo‘lmagani uchun" keyinchalik qo‘yib yuborilgan.​

Tergov ishi deyarli bir yarim yil davom etdi va 2019 yilning 14 fevralida ​Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi "O‘zmetkombinat" bilan hamkorlik qilgan 23 shaxs ustidan sud jarayoni boshlandi.

Qamoq tahdidi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining sobiq ikki mulozimi M. O‘. va S. F. mamlakat jinoyat kodeksining 205- ("Hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish") va 210- ("Pora olish") moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. ​

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi tergov guruhiga yaqin mas’ul xodimning aytishicha, M. O‘. va S. F.ning hibsga olinishiga ularga pora berishga majbur bo‘lgan o‘ndan ziyod tadbirkorning mart oyi davomida Davlat xavfsizlik xizmatiga yozgan arizalari asos bo‘lgan.

Arizachilarning iddao qilishicha, qamoqdan qo‘yib yuborish va jinoyat ishini yopish va’dasi bilan M. O‘. va S. F. ularning har biridan o‘nlab ming dollar pora olgan.

"M.O‘. va S.F. ishni to‘xtatish evaziga o‘nlab odamdan 40 mingdan 60 ming dollarga qadar pora olishgan. Aks holda qamoqda chiritish bilan tahdid qilishgan",- dedi tergov guruhiga yaqin mas’ul.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Bosh prokuraturaning hozirda Toshkentdagi DXX tergov izolyatorida saqlanayotgan ikki sobiq mulozimi, shuningdek, "O‘zmetkombinat ishi"ga guvoh sifatida jalb etilgan "tadbirkorlarni aldab, millionlab dollarni" Bosh prokuratura depozit hisobiga noqonuniy tushirganlar.

"M.O‘. va S.F. ularni haqoratlab, ovqatsiz va suvsiz Bosh prokuratura binosida kechasi ikkigacha saqlab o‘tirib, qamash bilan qo‘rqitib, go‘yoki ular boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan metall mahsulotlarini sotib olishga huquqlari bo‘lmaganini bildirib, ular sotib olgan metall mahsulotlari bilan birja bahosi o‘rtasidagi tafovutni asossiz hisoblab chiqarib, ulardan millionlab dollarni Bosh prokuratura depozit hisobiga noqonuniy tushirishgan", - dedi tergov guruhiga yaqin mas’ul.

Tadbirkorlar sudi

Ayni paytda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Bekoboddagi "O‘zbekiston Metallurgiya kombinati" ("O‘zmetkombinat") Aksionerlik jamiyati bilan hamkorlik qilgan shirkatlar egalari va xodimlari ustidan sud nihoyalab bormoqda.

23 nafar sudlanuvchining hammasi O‘zbekiston JKning 167- ("O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish") va 209- ("Mansab soxtakorligi") moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanmoqda.

Bosh prokuratura mas’ul xodimining aytishicha, qamoqqa olingan shaxslar yuritgan shirkatlar "O‘zmetkombinat" rahbariyati bilan kelishib, kombinatga shartnoma asosida boshqa yuridik shaxslar nomidan metallolom topshirganlar va "qayta ishlangan metallolomni "qonunga xilof ravishda" sotganlar.

5 ayol va 18 erkakning barchasi "davlat va jamiyatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga" taxminan 800 milliard so‘m (salkam 100 million AQSh dollari) miqdorida "iqtisodiy zarar" etkazishda ayblanmoqda.

Sudlanuvchilarning ba’zilari sud jarayonida tergovning dastlabki kunlarida qiynoqqa tutilganliklarini iddao qilganlar.

Hissadorlarning o‘zgarishi

2017 yil iyul oyida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining qariyb yigirma nafar xodimi Bekoboddagi metallurgiya kombinatida ikki oy davomida kompleks tekshiruv o‘tkazgani ortidan bir necha amaldor ishdan bo‘shatilgan edi.

Shu yil O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi yagona metallurgiya kombinati bo‘lgan “O‘zmetkombinat” Aksionerlik jamiyatidagi ulushni SFI Management Group xorij shirkatiga ishonchli boshqaruv uchun o‘tkazib bergan edi.

SFI Management Group asli o‘zbekistonlik milliarder Patox Shodievga tegishli shirkatlardan biridir.

XS
SM
MD
LG