Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 10:40

Tehron tahdidlari ortidan Vashington Eronga qarshi yana sanksiya joriy qildi


Eron prezidenti Hasan Ruhoniy va AQSh prezidenti Donald Tramp

Eron jahonning yetakchi davlatlari bilan erishilgan yadroviy shartnomaning ayrim shartlariga rioya qilishni to‘xtatishi mumkinligini e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib AQSh Tehronga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etdi.

Yangi sanksiyalar Eronning po‘lat, alyuminiy, mis va temir ishlab chiqarish sanoatini nishonga oladi. Sanksiyalar Erondan mamlakat iqtisodi uchun muhim bo‘lgan mazkur mahsulotlarni sotib olish va unga sotishni cheklaydi.

Oq uyning ushbu bayonotidan bir necha soat oldin Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Rossiya, Fransiya, Britaniya, Xitoy va Germaniya¸ Tehron manfaatlarini AQSh sanksiyalaridan himoya qilmasa, mamlakat uranni boyitish jarayonini qayta boshlashidan ogohlantirdi.

Ruhoniy¸ kelishuvni imzolagan davlatlar 60 kun ichida Eron neft va bank sektorini AQSh sanksiyalaridan himoyalash to‘g‘risida bir qarorga kelmasa, Tehron uranni yadroviy qurol ishlab chiqish uchun ishlatish mumkin bo‘lgan darajagacha boyitishini aytib, tahdid soldi.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington 2015 yili G‘arb davlatlari va Eron o‘rtasida tuzilgan yadroviy kelishuvdan chiqqanini e’lon qilib, Eronga qarshi sanksiyalar qayta joriy qilinishini ma’lum qilgan edi.

Eronning yangi tahdidlari Yevropa Ittifoqi rasmiylari tomonidan ham tanqid qilindi. Jumladan, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeremi Hant:

- Britaniya yadroviy shartnomani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu yadroviy qurollarni tarqatmaslik yo‘nalishidagi global miqyosdagi asosiy hujjatdir. Hujjat bizning xavfsizlik sohasidagi umumiy manfaatlarimizga javob beradi. Biroq Tehronning bugungi bayonoti haddan oshish bo‘ldi, - deb fikr bildirdi.

Kelishuvni imzolagan davlatlardan biri bo‘lgan Rossiya Eronning bu harakatlariga Vashington aybdor ekanligini ta’kidladi.

Tramp ushbu mavzuda e’lon qilgan bayonotida yangi sanksiyalar “Eronning industrial metallardan oladigan daromadi – eksportining 10 foizini mo‘ljalga oladi va boshqa davlatlarga Eron po‘lati va boshqa metallarini o‘z portlariga kiritishlariga boshqa befarq qarab o‘tirmasligimizni ko‘rsatadi”, deyiladi.

Vashington bundan avval Eron iqtisodi uchun muhim bo‘lgan neft eksportlariga cheklovlar joriy qilgan.

Ayni paytda Tramp muzokara o‘tkazishga tayyor ekanligini aytar ekan,

- Tehron o‘zini tutishni o‘zgartirmasa, yanada ko‘proq chora ko‘rilishini kutsa bo‘ladi, - dedi.

8 may kuni Ruhoniy Eron xalqiga qilgan murojaatida Tehron oz boyitilgan uran hamda yadroviy reaktorlarda ishlatiladigan og‘ir suv zahiralarini oshirishini ta’kidladi.

Ruhoniy kelishuvni imzolagan boshqa davlatlar - Germaniya, Fransiya, Britaniya, Rossiya va Xitoyga Eronning bank va neft sohalarini AQSh qayta joriy qilgan sanksiyalardan himoya qilish uchun 60 kun muddat berilishini, agar biror natija bo‘lmasa, Eron uranni kelishuvda belgilangan 3,67 foizdan ko‘proq boyitishni boshlashini aytdi.

Shunday bo‘lsa-da¸ Eron prezidenti o‘z mamlakati kelishuvni hanuz qo‘llashini qo‘shimcha qildi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington keyingi choralarni ko‘rishdan avval Eron harakatlarini kuzatishini aytdi.

Tramp o‘tgan yilda kelishuvni tanqid qilib, AQShni undan chiqarganidan beri Vashington va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar keskin taranglashdi. Tramp kelishuvda Eronning ballistik raketa dasturiga hamda Yaqin Sharqdagi faoliyatlariga cheklov qo‘ymaganini uchun uni tanqid qilib keladi.

Keyingi bir yil ichida AQSh Eronga qarshi qator sanksiyalarni joriy qildi.

Ammo Xalqaro atom energiyasi agentligining ma’lum qilishicha, AQSh harakatlariga qaramasdan, hozirgacha Tehron kelishuv shartlariga amal qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG