Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 20:58

NASAning Marsdagi InSight robotini chang bosib qoldi


Mars sathi quruq va chang bo‘lib, kuchli shamollar ko‘targan to‘zon sayyorada quyoshni bir necha kunga yoki oyga to‘sib qo‘yishi mumkin. NASAning Opportunity ​marsyurari kuchli chang to‘foni ortidan quyosh panellari to‘silib qolib, o‘z energiya manbasidan ajralgani uchun ishdan chiqqan edi.

Marsga endigina yetib borgan InSight ​roboti olgan suratda uning sathini chang bosib qolganini ko‘rish mumkin. Ammo olimlarni bu holat xavotirga solgani yo‘q. Hatto ular chang qatlami Mars iqlimi haqida ko‘proq bilib olishga ko‘maklashishini aytishmoqda.

Marsda bosilgan chang bir joyda uzoq muddat turmaydi. Uni kuchli shamollar tez orada uchirib ketadi. Mars havosini o‘rganish uchun muhim asboblar o‘rnatilgan InSight ​roboti chang tushishi va uchib ketishini kuzatib, shamollar shiddatini o‘rganishimizga yordam bera oladi.

“1 fevral kuni, missiyaning 65-Mars kunida InSight​ o‘tkinchi shamol girdobini aniqladi. O‘sha paytda robotning ikki yirik quyosh panelida quvvat ozgina oshgani​ – bir panelda 0,7 foizga, ikkinchisida 2,7 foizga ko‘tarilgani kuzatildi. Bu esa panellardan ozgina chang ko‘tarilganini anglatadi”, deyiladi NASA bayonnomasida.

InSight​ sayyoraga yetib borganida olingan va yaqinda olingan suratlarni solishtirib, robotni chang bosganini aniq ko‘rishingiz mumkin.

Ammo robot chang tufayli o‘z quvvat manbasidan ajralish xavfi ostida emas.

InSight​ ilmiy guruhi a’zosi Ralf Lorens:

- Robotni chang bosgani energiya ishlab chiqarilishiga katta ta’sir ko‘rsatmadi. Bu holat shamol sayyora sathida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘layotganini anglab olishimizga yordam beradi. Hali-hanuz Marsda chang ko‘tarish uchun qancha shamol kerakligini bilmaymiz, - dedi.

XS
SM
MD
LG