Линклар

Шошилинч хабар
24 May 2026, Тошкент вақти: 21:05

Tojikiston “trollar fabrikasi”: asosiy shaxslar va ijrochilar

Tojikiston Ta’lim va ilm-fan vazirligi tizimida ishlaydigan kamida besh xodimning ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar ochib¸ turli saytlarni izohlar bilan to‘ldiradigan “trollar fabrikasi”da ishlagani tasdiqlandi. Biroq ta’lim muassasasidagilar “trollar fabrikasi”ni tashkil qilishda qo‘li borligini inkor etmoqda.

«Hammasi jonimga tegib ketdi… Xudoning bergan kuni ishlarimni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, u yoki bu kishiga qarshi obro‘ni to‘kadigan maqola yozishim yoki Feysbukdagi biror maqolaga “layk” bosishim, yoki izoh yozishim kerak. O‘zimga tez-tez savol beraman: nahotki bu hech qachon tugamasa?” – deydi Tojikiston oliy ta’lim muassasalaridan (OTM) birining o‘qituvchisi. Uning iddao qilishicha, Tojikiston Ta’lim va ilm-fan vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda kimnidir yomonotliq qilish yoki biror vazir bilan Tojikiston prezidentini himoyalash uchun o‘qituvchilar va talabalarga tez-tez topshiriq berib turadi.

«Trollar fabrikasi»: ommani boshqarishning yangi vositasi ortida kimlar turibdi?

«Trollar fabrikasi» ‒ ko‘pincha hukumatlar siyosiy maqsadda foydalanadigan guruhlarning shartli nomlanishi. Ushbu guruhlar mamlakati yoki tashkilotiga qarab turli nomlarga ega, masalan, Rossiyada ular «kremlebotlar», «veb-brigadalar», «brigadniklar», «trollar fabrikalari» deb ataladi. Tojikistonda esa «Fabrikai javob» («Javob fabrikasi») nomi o‘rnashib qoldi. Tojik «trollari» va «botlari» vazifasiga internet-forumlar uchun mavzu va xabarlar tayyorlash, blog va ijtimoiy tarmoqlarga post va izohlar qo‘yish, Internet axborot vositalarida ko‘pincha muxoliflarning izzat-nafsiga teguvchi izohlar qoldirish kiradi.

«Trollar»dan biri (uning kimligini aniqladik va har tomonlama o‘rgandik) «Ozodi» radiosiga yuborgan xatida tojik «trollar fabrikasi»ni mamlakatning kuchishlatar tizimlari tashkil qilgani, lekin uning ishiga Tojikiston Ta’lim va ilm-fan vazirligiga bo‘ysunuvchi muassasalar: oliy o‘quv yurtlari va umumta’lim maktablari o‘qituvchilari jalb qilinishini yozdi. Unga ko‘ra, troll qilish uchun, asosan, OTM o‘qituvchilari majburlanadi.

“Trollar” topshiriqni vazirlikdan oladi, u yerga esa Tojikiston kuchishlatar tizimlaridan tushadi, deydi suhbatdosh. So‘ngra buyruq quyi guruhlarga jo‘natiladi va unda tez orada yoki ma’lum bir kun fuqarolik jamiyati faollari yoki muxolifat tarafdorlarini badnom qilish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda kampaniya boshlash topshirig‘i bo‘ladi.

“Trollar fabrikasi”mi¸ “tahliliy axborot guruhi”mi?

«Troll»ning xatidan so‘ng «Ozodi» radiosi sayti o‘quvchilaridan biri bizga xat bilan birga tojik «trollar fabrikasi» faoliyatidan hikoya qiluvchi bir necha hujjatni jo‘natibdi. Ulardan biri Tojikiston ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari R.Mirboboevning muassasalar qoshida “tahliliy axborot guruhlari” tuzish haqidagi buyrug‘i ekan. Hujjatlarda vazirlikning boshqa mas’ul xodimi nomidan guruhlar oldiga qaysi mavzuda maqola yozish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi qaysi muhokamalarda qatnashish bo‘yicha vazifalar qo‘yiladi... Tahliliy axborot guruhlari rahbarlari oldiga yana “bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot tayyorlash” vazifasi ham yuklatilgan. Xat muallifining aytishicha, har bir guruh 10 kishidan tarkib topadi. “Ushbu guruhlarga yana ijtimoiy tarmoqlarda soxta ismlar bilan sahifalar ochgan 10 kishidan qo‘shiladi. “Tahlilchilar”ning jami miqdori – taxminan 400 kishi. Agar ulardan har birining 10 ta soxta ismi borligi hisobga olinsa, internet-forumlarda mavzu va xabarlar tayyorlash, bloglar va ijtimoiy tarmoqlarga post va izohlar yozish, internet axborot vositalaridagi sahifalarda izohlar qoldirish ishida taxminan 4000 kishi ishtirok etmoqda”, deb yozadi xat muallifi.

Ayni choqda Tojikiston ta’lim va ilm-fan vazirligi “trollar fabrikasi” tashkil etilishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini iddao qilmoqda. Ta’lim vazirligi matbuot kotibi Ehson Safarzodaning aytishicha, vazirlik faqat bir marta oliy ta’lim muassasalari (OTM) xodimlarini “Biz ekstremizmga qarshimiz” deb nomlangan aksiyada ishtirok etishga jalb qilgan. Uni “Xovar” milliy axborot agentligi tashkil etgan va xat ushbu agentlikka yuborilgan.

− Xat talabalar radikal oqimlarga kirayotgan, ayrimlari “Islom davlati” terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilayotgan kunlarda yuborilgan edi. Biz o‘sha xatda OTMlarga targ‘ibot guruhlari tashkil etib, talabalar bilan tushuntirish suhbatlari o‘tkazishni tavsiya qilganmiz, − deydi Ehson Safarzoda.

Kabiriyga hujum, vazir himoyasi va mitinglardan ogohlantirish

Biroq «Ozodi» radiosi ixtiyoridagi hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, “tahliliy axborot guruhlari” a’zolaridan Tojikiston ta’lim va ilm-fan vazirligi nomidan Feysbukda vazir Nuriddin Saidni himoya qilish so‘ralgan. Boshqa hujjatda esa “bugun soat 21:00 da foydalanuvchilar bilan navbatdagi suhbatni o‘tkazadigan” Tojikistonda faoliyati taqiqlangan Islom uyg‘onish partiyasi (TIUP) etakchisi Muhiddin Kabiriyga qarshilik ko‘rsatish so‘ralgan.

Mana bu esa yana bir xatning bo‘lagi: “Ma’lumki, ayrim manfaatdor guruhlar chet ellardagi xo‘jayinlarining ko‘rsatmasiga binoan internet tariflari oshirilishi bahonasida poytaxt aholisi, jumladan, yoshlarni poytaxtimizda norozilik namoyishlariga chiqishga da’vat qilmoqda. Xat muallifi guruhlar a’zolaridan “sergak bo‘lishga va tinchlikni buzuvchilarga zarba berishga, gumonlari haqida huquqni muhofaza etuvchi tashkilotlarga xabar qilish”ni so‘raydi.

“Tahiliy axborot makazlari”dan birining sobiq a’zosi R. M.ning (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) aytishicha, topshiriqlarni bajarmagan “trollar” qattiq jazoga tortiladi, hatto ishdan bo‘shatiladi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, muxoliflarga qarshi obro‘ni to‘kuvchi maqolalar “Alik Malik” yoki “Laku Pak” singari “bir martalik” soxta ismlar bilan e’lon qilinadi. “Aksariyat “trollar”ning jurnalistlik ko‘nikmasi yo‘q, shuning uchun ularning “insholari”da g‘ij-g‘ij uslubiy va imlo xatolarni ko‘rish mumkin. Oqibatda ularning o‘zi ko‘pincha tarmoq foydalanuvchilarii tanqidi va mazaxiga nishon bo‘lmoqda”, deydi R.Mahmadov.

Mahmadovga ko‘ra, TIUP, uning yetakchisi Muhiddin Kabiriy va Tojikistondan tashqarida yashayotgan muxolifat vakillari “trollar fabrikasi” tanqidiga uchramoqda.

‒ OTMlar va davlat muassasalarining rasmiy saytlarini ochib qarang, ulardan muxoliflarning chiqishlari yoki maqolalariga buyurtma bilan tayyorlangan “javoblar” va “fikrlar”ni topasiz. Barchasini “trollar fabrikasi” tayyorlagan, ‒ deydi suhbatdshimiz.

So‘kish va haqoratga yo‘l berilganda...

«Trollar fabrikasi» ishi bilan tanish bo‘lgan manbalarimizga ko‘ra, muxoliflar bilan munozara chog‘ida “trollar”ga barcha vositalar, jumladan, so‘kish va haqoratdan foydalanishga ruxsat etiladi.

Ular mamlakatda erishilgan muvaffaqiyatlardan hikoya qiluvchi barcha videoroliklar va fotosuratlar havolasini ulashish va izohlashga majbur.

Biroq “trollar fabrikasi” faqatgina ta’lim va ilm-fan vazirligidagina mavjud emas. Tojikiston Bojxona izmati xodimining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirib berishicha, barcha vazirliklar va davlat muassasalari bunaqa guruhlarga ega. Mamlakat OTMlaridan biri o‘qituvchisining xatida ushbu guruhlarning davlat xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat kuratorlari borligi aytiladi. “Kuratorlar vazirlik va muassasalarning boshqarma rahbarlaridan muxolifat vakillarining chiqishlariga salbiy munosabat tayyorlashni talab qiladi. Xodimning ushbu talabni bajarmasligi jamoa ko‘z o‘nida badnom bo‘lishi va ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘ladi”, deydi u.

Biroq uning fikricha, “trollar” bajarayotgan “ishi” uchun pul yoki imtiyoz oladi, degan gap mutlaqo yolg‘on.

“Ozodi” radiosi suhbatdoshlari ta’kidlashicha, radikal oqimlarga qarshi kurash g‘oyasidan boshlangan “trollar fabrikasi” bugun faqat davlat rahbarini maqtash va rejim muxoliflarini qoralash bilan ovora. “Trollar”ga berilgan so‘nggi tavsiyalardan birida aytilishicha, ular onalari Iroq qamoqxonalarida o‘tirgan ayollarning 84 nafar tojik farzandini Bag‘doddan Dushanbega qaytarish mamlakatning Quvaytdagi elchisi Zubaydzodaning emas, millat peshvosi Emomali Rahmonning xizmati ekanini ta’kidlash uchun hamma ishni qilish kerak bo‘lgan.

Suhbatdoshlarimizga ko‘ra, Agar Tojikiston hokimiyat idoralari xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyoti haqida qayg‘ursa, faqat jamiyatda nafrat o‘tini yoqib, nifoq solayotgan “trollar fabrikasi”ga umumun hojat qolmas edi.

(Bu Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tojik xizmati o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvga oid maqola tarjimasi - tahr.)

XS
SM
MD
LG