Линклар

Шошилинч хабар
17 октябр 2019, Тошкент вақти: 10:29

Andijonda uy-joyga o‘ta muhtoj ayollar ro‘yxatiga o‘ziga to‘q oilalar kiritilgani iddao qilindi


Qurilayotgan arzon uy (illyustrativ surat)

Andijon viloyat, Andijon tumanida 2019 yilda uy-joy bilan ta’minlanishi kerak bo‘lgan o‘ta muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatiga yaxshi ta’minlangan oilalardan bo‘lgan ayollar kiritilgan.

Andijon tumani hokimligining o‘rta bo‘g‘in xodimlaridan biri, o‘zini kam ta’minlangan hisoblaydigan ayol Ozodlikka shunday iddao bilan murojaat qildi.

Ammo, Andijon tumani xotin-qizlar qo‘mitasining boshlig‘i bu iddaoni rad etdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka "Andijon tumanida shakllantirilgan ro‘yxatga kam ta’minlanmagan xotin-qizlar ham kiritilganligi haqidagi murojaatlar kelib tushmagan"ini bildirar ekan, ayni paytda ro‘yxat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Ro‘yxat

Jazoga tortilishidan qo‘rqib ismini ochiqlamaslikni so‘ragan hokimlik mulozimi hokimlik vakillari tomonidan tuzilgan ro‘yxatdagi 20 ayoldan kamida 5 nafari moddiy jihatdan o‘ziga to‘q oilalardan ekanini bildirdi:

"Ulardan biri Yorboshi mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassisi, ikkinchisi uyini bog‘cha qilgan tadbirkorning qizi, uchinchisi tuman hokimligiga bosh hisobchi bo‘lgan shaxs ukasining xotini va yana biri esa qo‘sh-qo‘sh mashinasi va uylari bor qo‘shma korxonada ishlaydigan shaxsning fuqaroviy xotinidir. Bularga kam ta’minlanganlar uchun qurilayotgan uylardan kvartira beriladigan bo‘lgan. Hatto, ba’zilariga boshlang‘ich to‘lovlarini "Mahalla" jamg‘armasi hisobidan to‘lashgan".

O‘zini yordamga o‘ta muhtoj ekanini aytgan ikki farzandli yolg‘iz ona esa uch yildan buyon ro‘yxatga kira olmayotganidan shikoyat qildi:

"Ikkita mol boqib, boshlang‘ich badal pulini to‘plagan edim. Pulni bank hisobiga qo‘ydim. Lekin mana uch yil bo‘ladiki, meni ro‘yxatga kiritishgani yo‘q. Lekin, tanish-bilishi borlar, arzon uylardan olayapti, degan gaplarni eshitib xafa bo‘layapman. Tanish-bilishchilik bo‘lib ketayapti bu yog‘i".

Inkor

Andijon tumani xotin-qizlar qo‘mitasining raisi Nodira Zokirova uy-joyga muhtoj ayollar ro‘yxatini tuzishda "tanish-bilishchilik" bo‘layotgani, ro‘yxatga kam ta’minlanmagan xotin-qizlar ham kiritilayotgani haqidagi iddaolarni inkor etdi:

"Bu ayblovlar asossiz. Ro‘yxatga kiritilgan ayollarning barchasi kam ta’minlangan va bir necha farzandi bor yolg‘iz onalardir. Ro‘yxatni mahalla fuqarolar yig‘inlari tavsiyasi bilan va tekshiruvlardan keyin tuzganmiz. Ayni shu masalada bir oydan buyon tekshiruvlar ketayapti".

Prokuratura o‘rganmoqda

O‘zbekiston bosh prokuraturasi Ozodlik so‘roviga javob berarkan prokuraturaga "Andijon tumanida shakllantirilgan ro‘yxatga kam ta’minlanmagan xotin-qizlar ham kiritilganligi haqidagi murojaatlar kelib tushmagan", deya ma’lum qildi.

O‘zbekiston prezidentining ​"Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2018 yil, 2 fevralda qabul qilingan PF-5325 Farmoniga muvofiq, mamlakatda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi ishlab chiqilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati boshlang‘ich badal to‘lovlari “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi bilan tuziladigan shartnomalar asosida “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga to‘lanishi belgilanganini bildirdi.

"Hozirda, Andijon tuman hokimligi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatdagi xotin-qizlarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.04.2018 yildagi 285-sonli qaroridagi ijtimoiy mezonlarga loyiq yoki noloyiqligi hamda ro‘yxatni shakllantirishda qonunchilikda belgilangan tartibga amal qilinganligi Andijon tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda," deya ma’lum qildi Bosh prokuratura Matbuot xizmati.

XS
SM
MD
LG