Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:14

Zo‘raki klaster va yolg‘onchi hokimlar yoki "Jarroh o‘rnidagi qassoblar"


Ozodlikka poplik fermerdan kelgan quyidagi maktub mana bunday boshlangan:

"Zo‘raki muttaham" va "Yolgonchi farishtalar" qissalari nomiga o‘xshab ketadirg‘on voqeiy, hayotiy, bugungi o‘zbek dehqoni boshidan o‘tkon va o‘tkazayotg‘on hodisotlar haqqinda poplik fermer arzi.

Poplik fermerning bitiklarini o‘qing:

Dehqon o‘tmishda ham xor bo‘lgandi, bugun ham xor bo‘lyapti

Olis o‘tmishdan to bugunga qadar doim o‘zbekning dehqoni xoru zor bo‘lgan uzoq moziyga nazar solsak Rusda krepostnoy mujik bo‘lgani kabi Markaziy Osiyoda qullar, batraklar, chorakorlar bo‘lgankim, ular doimo xonlar, amirlar, hokimlar, to‘ralar, arboblar, beklar, zodagonlar tarafidan zulm ostida qolgan .

Bugun esa Hokim, Prokuror, Militsiya, Soliq va boshqa tekshiruvchilaru vazirlar zulmi ostida qoldi . Bu sho‘rpeshona dehqonlar Ulug‘ Oktabr deb atalmish sotsialistik revolyutsiya davrida ishchini bolg‘asi yoniga o‘z o‘rog‘ini qo‘yib bosh ko‘tardi. Bir oz muddatga yerli suvli bo‘lib sal yelkasiga oftob tekkan edikim kolxoz degan balo paydo bo‘ldiyu yana rahbariyat zulmi ostida qoldi. 70 yil mobaynida ko‘zbo‘yamachi, qo‘shib yozuvchi, o‘zbeklar ishi, paxta ishi deya atalgan malomatu tuhmatlar ostida ezilgan mazlum o‘zbek dehqonini kuni mustaqil o‘zbek davlati paydo bo‘lgach fermerlik harakati boshlangach bir oz yelkasi quyosh nurlaridan bahra oldi .

2005 yillargacha betashvish ammo yer taqsimotidagi adolatsizliklar namoyon bo‘lgan behalovat kunlari boshlandi. Muttasil o‘tkaziladigan yig‘ilishlar tahqirlashlar qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun samarasiz urinishlar, tuturiqsiz maqbullashtirishlar o‘zbek dehqonini qullik zanjiriga soldi.Internet olami tahqirlangan dehqonlar va fermerlarning nolasiga to‘lib ketdi. Hatto, Afrikaning qoloq davlati yoki biror qabilasida bunday holat yo‘q. XXI asr O‘zbekistonida esa bugunga kelib ham o‘zgarishlardan feodalizmning hidi kelmokda .

Dehqon va davlatni boy qilish uchun semiz qorin va katta kalla kerak emas!

O‘tgan 2018- yilda biror joyda klaster faoliyati yaxshi samara bermadi. Agar Hukumatning to‘g‘ri tushunchasi bo‘lganida Klasterni qishloq xo‘jaligiga aralashtirmay turib, ularni mahsulotni qayta ishlovchi xaridor sifatida shakllantirish kerak edi. Bugun qishloq xo‘jaligidagi klaster faoliyati kasalxonalarda xam klaster tashkil qilinib, jarrohni o‘rniga qassobni qo‘yishga o‘xshab qoldi. Bundan tashqari bunday xaridorlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirish va dehqonlarga qulay shartlar asosida qarz berishga, umuman ham dehqonning ham davlatning hamyonini to‘ldirish uchun semiz qorin va katta bosh kerak emas.

Bugun bizga bunday soxta klasterlar emas, balki yaxshi xaridorlar kerak. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun avvalo ekin rejalarini fermerning o‘zi belgilashi va yetishtirgan mahsulotini o‘zi sotishi kerak. Fermerni daromadi oshgan sari byudjetga to‘lovlari ko‘payib boradi. Qishloq xo‘jaligini erkinlashtirishdan davlat ko‘proq manfaatdor bo‘ladi. Nima uchun qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston va dunyoni biror davlatida dehqonlar bunchalar qo‘rquv ostida qolmagan va fermer xo‘jaliklari qayta-qayta muqobillashmagan.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun chiqarilgan qaror va farmonlar keng ommani muhokamasiga qo‘yilmay chiqarilishi sabab noroziliklar ko‘payib bormoqda. Qonunchilik palatasi deputatlari avtomashinalar farasini kuyishini muhokama etmasdan dehqonning yuragini kuydirgan 14- sonli qarorni muhokama etishsa davlatga foyda bo‘larmidi. Samarasiz islohotlarning jabrini esa bechora dehqon tortmoqda. Hokim ham, klaster ham fermerning boshiga mushtlab faqat yerini olish uchun harakat qilishadi. Bechora fermer yerini saqlab qolishi uchun dayuslikni o‘ziga ravo ko‘rmayabdi xalos.

Bechora Fermer turli topshiriq va yig‘ilishlardan to‘yib ketgan . Boshni andak ko‘tarsang, bir og‘iz o‘z fikringni aytsang, tamom, yer olinadi.

Maqbullashtirish qarori hokimlar hamyoni uchun chiqarildimi yoki rivojlanish uchun?

Vazirlar Mahkamasining tuturiqsiz qarorlari o‘laroq dehqonlar tuman hokimlari changaliga tushib qolmoqda .

Ayniqsa Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligini isloh qilish maqsadidagi 2019-yil 9- yanvardagi 14- sonli qarori qishloq xo‘jaligi uchun 1905-yil 9- yanvar Rossiya imperiyasida ro‘y bergan qonli yakshanba misoli iz qoldirdi. (Rossiyada podshohga ishongan fuqarolar namoyishga chiqib qirg‘inga uchragan bo‘lsa, O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasini Qaroriga va xokimni gapiga ishonib ariza yozgan fermerlar yersiz qoldi)

Ushbu qaror sabab o‘laroq, ko‘plab fermerlarning konstitutsion huquqlari hokimlar tomonidan poymol etildi. Internetdagi xorijiy uzbek saytlari fermerlar nolasiga to‘ldi, adolatsizlik va xuquqsizlik orqasidan dehqonlar chorakor va batraklarga aylana boshladi. Yerlar xaqiqiy xalq uchun el yurt uchun yonib yashagan fidoyi insonlarga emas muttaham o‘g‘rilarga nasib etdi. To‘g‘ri, ushbu qarorni tadbiq etish kerak bo‘lgan hududlar va egasiz yerlar xam bor. Lekin aholi zich sanoati rivojlanmagan hududlar uchun ho‘l-quruq barobar yonib ko‘plab dehqonlar uchun do‘zax oloviga aylandi.

Bu feodalizm, deb baqirging keladi!

Xo‘jaligida nomiga monand biror bosh tovug‘i bo‘lmagan bu soxta zo‘raki klasterlarni daromad manbalari hanuzgacha mavhum holda. Jinoiy daromadlarini legallashtirish orqasidan qasr monand uyga ega bo‘lsada o‘sha uyga olib boruvchi xalqni mulki bo‘lgan o‘nqir-cho‘nqir asfalt yuliga bir tanga xayr etmagan insonga rayonning katta yerini topshirib qo‘yilgani va uning daromadlari qaerdan kelayotganini hisoblaydigan qonun himoyachisi bo‘lgan organlarni beparvo qiyofasini ko‘rib yashasin feodalizm deb baqirging keladi.

Prezidentning aytgan gaplariga bu kommunistik javobmi?

O‘rus mustamlaka qilgandan beri davom etayotgan bu paxta siyosati mustaqil bulgandan keyin ham davom etishi halqning sabr kosasini to‘ldirib bormoqda. Mustaqil bo‘lguncha 130 yil o‘rus zulmi ostida edik. Ikki yildan keyin mustaqillikning 30 yilligini nishonlaymiz. Qarangki, 160 yildan beri paxta siyosati ostida dehqon qul bo‘lib, rahbarlar esa paxta siyosatining manqurtiga aylanib bo‘lishdi .

Yuz minglab ishsizlar armiyasi vujudga keldi. Banklardan olinayotgan kreditlar monitoringsiz eski davrdagi holat bo‘yicha berilmoqda. Yana foizga pul aylantirish avj oldi. Kreditga berilayotgan chorva hayvonlari bozor bahosidan o‘ta qimmat bo‘lib qoramol boqish orzusidagi ishsiz bechorani 10-15 % puli banklarga in qurgan firmalar changalida qolmoqda. Pop tumanida bir-ikki firma chorva hayvonlari savdosi bilan shug‘ullanishi sababli tanlash imkoni yo‘q. Yo foizga pul aylantirasan yoki o‘sha firmalarning o‘ta qimmat chorvasini sotib olasan. Hali og‘zi sut-qatiqqa yetmay turib zararga kirmoqda. Pillachilik tarmog‘ida xam holat haminqadarki biror ishsiz odamni o‘z ixtiyoriga ko‘ra ipak qurti boqishi noyob hodisadir. Majburiy ijro byurosi va majburiy mehnat o‘rniga majburiy fermerlik joriy qilinsa bo‘ladigan holat.

Rossiyaga borgandan ona vatan bag‘rida bo‘lish ming marta yaxshiku?! 15 yildan beri chorvachilikka imtiyozli kredit beriladi, lekin qani natija? Shuncha imkoniyat bo‘lgani bilan dunyoda go‘sht mahsulotlarini O‘zbekiston emas Avstraliya eksport qilmoqdaku?!

Qishloq xo‘jaligiga ajratilgan imtiyozli va imtiyozsiz kreditlar nima maqsadda ishlatilmoqda? Hisob- kitobsiz ma’muriy byurokratik tizim sabab bir qancha yangiliklar tadbiq etilmay qolmoqda. Qalampir inqirozi, to‘qsonbosti ekinlar hosili hisob-kitobsiz va bozorlarning talabi hisobga olinmay taklif etilishi oqibatida o‘tgan 2018-yil yuz minglab tonna piyoz, sarimsoq axlatga tashlab yuborildi.

Vazirlar Mahkamasining g‘alla hosilini yig‘ib olishdagi o‘rim otryadlari to‘g‘risidagi qarori g‘alla ekib hosilini bo‘lishgan ayyor dehqon va befahm ayiq to‘g‘risidagi masalga o‘xshaydi. Avvallari boshoqqa ko‘z tikkan dehqon bugun «Dadil qadam» filmidagi yuz yil oldingi turkman dehqoni Ortiqqa o‘xshab, qolgan somonga xam shukr qilmokda. 100 yilda biz nimaga erishdik, nahot bir asrdan ko‘p vaqt ichida ham paxta siyosatidan qutila olmasak?

O‘zbekning don yetishtirgan dehqoniga bir kaft don va bir qop somon muborak!

Poplik fermer.

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG