Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:57

HRW Germaniya prezidentini O‘zbekistonning demokratiyalashuviga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi


Shavkat Mirziyoev Frank-Valter Shtaynmayer bilan Berlinda uchrashgan edi. 2019, 21 yanvar.
Shavkat Mirziyoev Frank-Valter Shtaynmayer bilan Berlinda uchrashgan edi. 2019, 21 yanvar.

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 27-29 may kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, prezidentlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni muhokama qiladilar.

Tahlilchilar Shtaynmayer tashrifi Shavkat Mirziyoev hokimiyat tepasiga kelganidan beri O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan islohotlarga qo‘llov bildirib, mamlakatda demokratiyalashish jarayonini jadallatishga undash uchun qulay imkon o‘laroq baholamoqda.

Shtaynmayer tashrifi arafasida Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Germaniya prezidentini O‘zbekistonda sodir bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlar “olis yo‘ldagi kichik qadamlar ekanligiga” urg‘u berishga chorladi. Tashkilot bildiruvida sezilarli siljishlar mavjudligiga qaramay, “O‘zbekiston hokimiyati hanuz avtoritarligicha qolmoqda. (Davlat) xavfsizlik xizmatlari vakolatlari kengligicha qolmoqda, o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olishlar, hibsda ushlash davomida qiynoq va shafqatsiz munosabatda bo‘lishning boshqa turlari qo‘llanilayotganiga oid xabarlar juda ko‘p”, deyiladi.

Mirziyoev joriy yilning yanvar oyida Germaniyaga qilgan tashrifi davomida Germaniya bilan aloqalarni “yangi, yuqoriroq darajaga ko‘tarishni” istashini izhor qilgan edi. Germaniya kantsleri Angela Merkel esa, o‘z navbatida, Germaniya O‘zbekiston “ishonchli hamkorga” aylantirish tarafdori ekanligini ta’kidladi.

O‘z tashrifi davomida Shtaynmayer Toshkentda Mirziyoev bilan uchrashadi. Bundan tashqari, Germaniya prezidentining rasmiy saytida yozilishicha, u tadbirkorlar bilan ham uchrashadi va fuqaroviy jamiyat vakillari bilan O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni muhokama qiladi.

Shtaynmayer, shuningdek, Urganch davlat universiteti talabalari bilan uchrashadi, qadimiy Xiva shahriga boradi.

HRW tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson hamda tashkilotning mintaqa bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov 23 may kuni e’lon qilingan maqolada O‘zbekiston hukumati hanuz avtoritar ekanligi haqida yozishdi.

“Kuchga kirgan qator yangi qonun va farmonlar hamda xalqaro tinglovchilar uchun mo‘ljallangan ko‘tarinki ruhdagi nutqlar fuqarolar kundalik hayotlarida his qiladigan haqiqiy o‘zgarishlarga aylanishi kerak”, deb yozdi Uilyamson bilan Sverdlov.

Xususan, ikki muallif O‘zbekiston hukumatini “mahalliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritishi, jurnalistlar erkin xabar berishi, dindorlar tinchgina o‘z dinlariga amal qilishi, sudyalar mustaqil hukm chiqarishi hamda sobiq siyosiy mahbuslar adolatga erishishiga yo‘l ochib berishga” chorladi.

Uilyamson va Sverdlov O‘zbekiston rasmiylari Shtaynmayer tashrifi oldidan O‘zbekistonda bir necha bloklangan sayt, jumladan, Germaniyaning Deutsche Welle teleradiokompaniyasi sayti qayta ishlay boshlaganini, ammo Ozodlik hanuz blokda ekanligini aytib o‘tishdi.

“Hukumatning Shtaynmayer tashrifi arafasida ijobiy muhit yaratishga qaratilgan urinishlari fuqarolarga Internetdan hech bir cheklovsiz foydalanish imkoni berilganida ishonchliroq bo‘lardi”, deya qo‘shimcha qildi maqola mualliflari.

XS
SM
MD
LG