Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:35

Peterburgda o‘zbekistonlik ayol va uning 12 yashar qizi zo‘rlangani yuzasidan tergov boshlandi


Sankt-Peterburgda 12 yashar qizi bilan birga o‘zbekistonlik ayolni o‘g‘irlab ketib, zo‘rlagan ikki shaxsdan biri qo‘lga olindi.

Ozodlik bilan suhbatda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 33 yashar ayol hozirda tergovchilar ikki farzandini tortib olib qo‘ygani va ularning qaerda saqlayotganini bilmasligini aytdi.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘zbekistonlik 33 yashar toshkentlik N. ismli o‘zbekistonlik ayol va uning 12 yashar qizini erkinlikdan mahrum etganlik va zo‘rlaganlikda ayblanayotgan shaxs hibsga olindi.

Mahalliy nashrlar tergovchilarga tayanib hibsga olingan shaxsning 47 yashar tojikistonlik ekanini xabar qildi. Shahar Tergov qo‘mitasi 25 may kuni bu shaxsga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 131 (zo‘rlash) va 127 (ozodlikdan noqonuniy tarzda mahrum etish)- moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atganini xabar qildi mahalliy “Piter.tv” telekanali.

Shu yilning may oyida sodir bo‘lgan bu hodisa borasida Tergov qo‘mitasigaxabar bergan Moskvadagi “Vatandosh” o‘zbeklar mintaqaviy tashkiloti rahbari Usmon Baratovning Ozodlikka bildirishicha, ismi tergov tugaguncha sir tutilayotgan ayolning bolalari bilan uzoq vaqt davomida majburan ushlab turilgan va muttasil zo‘rlangan.

- 18 may kuni ular menga Odnoklassniki orqali chiqishdi shunaqa hodisa bo‘ldi, deb. Dushanba kuni ularni tanish odam yordamida olib keldik, Tergov qo‘mitasida ariza berdik, biz ham intervyu oldik. Bu ayolning gapiga qaraganda, ular 12 yashar qizi va 7 yashar o‘g‘ilchasi bilan yashashgan ekan. Qo‘shni xonada tojikistonlik bir yigit 2 ayol bilan yasharkan. Shu odam oldiga 17 yashar U. ismli yigit kelib yasharkan. Shu bola hamma ishda bo‘lganida kunduzi shu 12 yashar qizini buzib qo‘yibdi. U 2 hafta davomida shu ishni qilib yurarkan.

7 may kuni shu ma’lum bo‘lib qolibdi – onasiga aytib beribdi. Onasi yig‘lab janjal ko‘targan ekan, u yigitning amakisi bu ayolni qo‘shni xonaga olib kirib, urib, jinsiy zo‘ravonlik qilibdi va ularning hammasini 2 kunga qamab qo‘yibdi. 9 may kuni bular qandaydir eshikni ochib, qochib ketishibdi. Moskva vokzaliga kelib politsiyaga murojaat qilishibdi. Biz mana shu politsiya ustidan ham ariza beramiz, chunki ular yordam berishdan bosh tortib, ayolni bolalari bilan chiqarib yuboribdi¸ dedi Usmon Baratov.

Politsiya tomonidan zo‘rlashda ayblanib, hibsga olingan shaxs
Politsiya tomonidan zo‘rlashda ayblanib, hibsga olingan shaxs

Ma’lum bo‘lishicha, ijaraga olingan kvartira Peterburgning Dachnaya prospekti 24-uyda joylashgan bo‘lib, U.ning amakisi deb aytilayotgan 47 yashar shaxs Peterburgda mashina savdosi bilan shug‘ullangan va Rossiyada noqonuniy yashab kelgan. U va jinoyatga aloqador boshqa shaxslar qidirilayotgani aytildi.

Moskvaga kelib, ariza yozib ketganidan keyin Peterburgga qaytib borgan o‘zbekistonlik bu ayol migratsiya qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikka tortilgani, u sudda yurgan vaqt orasida ikki farzandi bolalar muassasasiga olib ketilgani aniqlandi.

Ozodlik bilan suhbatda 33 yashar N. hozirda farzandlari qaerda ekanini bilmayotgani, unga tergovchilar tomonidan bosim bo‘layotganini bildirdi.

- Aka, hozir bolalarim yo‘q – olib qo‘ygan, topolmayapman. Meni ikki kun sudda olib o‘tirdi, uyga qaytib kelsam bolalarim yo‘q. “Mening guvohim – ikkita bolam, boshqa guvohim yo‘q”, dedim. Mana haligacha yo‘q – bolalarim kerak menga! Men el qatori ular bilan yashaganman kvartirada ijarada. Ular ikki kishi edi. Ko‘zimning oldida qizimni buzib tashladi! deya yig‘ladi jabrlanuvchi ayol.

Jabrlangan ayolning farzandlari hozirda maxsus muassasaga joylashtirildi
Jabrlangan ayolning farzandlari hozirda maxsus muassasaga joylashtirildi

Ozodlik tahririyatiga taqdim etilgan audioyozuvlardan jabrlanuvchi ayol farzandlarining Tergov Qo‘mitasi xodimi tomonidan tortib olingani anglashiladi.

“Vatandosh” o‘zbeklar jamiyati tashkiloti raisi Usmon Baratov yuzaga kelgan vaziyatda bolalarning davlat nazoratiga olinganida qonun buzilish holati yo‘qligini aytadi:

- Men ham bu ayolni birinchi ko‘rib turibman. Ammo bolalarini olib qo‘ygani bu qonuniy! Chunki uning yashash joyi noaniq, o‘g‘ilchasi va 12 yashar qizchasini olib yurmaganda... Bu bolalarga psixologik va tibbiy yordam kerak! Onasini 7 yashar bolacha ko‘z oldida urgan ekan. Onasining aybi – bir yil oldin 6 sinfda o‘qiyotgan qizchani o‘qishdan olib kelib, bir yil mana shu yerda sarson qilgan. Bu ayolning aytishiga ko‘ra, u O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib ko‘rgan ekan, ular inobatga olmabdi murojaatini. Har holda, 12 yashar bolachaga qilingan zo‘ravonlik masalasida tergov olib borilishi kerak, dedi Usmon Baratov.

Tergov qo‘mitasi rasmiy saytida ham o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq bu hodisa tafsilotlari ochiqlanmagan.

Tergov qo‘mitasi rasmiylaridan jarayonga oid qo‘shimcha ma’lumot olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG