Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2019, Тошкент вақти: 22:44

Tuman "Mahalla" jamg‘armasi rahbari mashinada o‘spirinni urib ketdi. Uning mast holda bo‘lgani iddao qilinmoqda


Murodjon G‘ulomov

“Mahalla” jamg‘armasining Andijon viloyat, Marhamat tuman bo‘limi rais o‘rinbosari Adham Qo‘chqorov mashinasida 15 yashar o‘spirinni urib yubordi.

Bir necha joyidan lat yegan 9-sinf o‘quvchisi Murodjon G‘ulomov mahalliy shifoxonaga yotqizildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, "haydovchining tibbiy ko‘rikdan o‘tgani, mast bo‘lmaganligi aniqlangan".

Marhamat tuman YHX xodimining aytishicha, Adham Qo‘chqorov ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan ikki guvoh haydovchi o‘spirinni mashinasida urib ketishdan oldin spirtli ichimlik iste’mol qilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi.

Aroqxo‘rlik iddaosi

Guvohlardan birining aytishicha, 2 iyun kuni 21:30 larda Marhamat tumani "Mahalla" jamg‘armasi raisining o‘rinbosari, IIB sobiq podpolkovnigi Adham Qo‘chqorov o‘zining "Lasetti" mashinasida tumandagi 39-maktabning 9-sinf o‘quvchisi, 15 yashar Murodjon G‘ulomovni "kayf holda" urib yuborgan:

"Qo‘chqorov kayf holda velosiped ruliga 20 metrlik kabel o‘ramini ilib ketayotgan bolakayni orqadan borib urdi. Bola uchib ketdi. Qo‘chqorov buni sezgani ham yo‘q. Mashina velosipedni kabeli bilan Marhamat-Asaka yo‘lidagi kollejgacha sudrab ketdi. Keyin bilsak, qarama-qarshi yo‘lda kelayotgan odamlar, bir amallab Qo‘chqorovni to‘xtatishgan".

Bu gapni aytgan guvoh boshqalarning aytganiga tayanib Adham Qo‘chqorov voqea joyidan qochib ketganini aytdi.

Ozodlik so‘roviga javob bergan Bosh prokuratura matbuot xizmati" haydovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgani, mast bo‘lmaganligi aniqlangan"ini ma’lum qildi:

"Bu borada tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Haydovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, mast bo‘lmaganligi aniqlangan. Holat IIBdan ro‘yxatdan o‘tgan, tuman IIB DAN xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda".

Biroq, Ozodlik suhbatlashgan ikki guvoh Adham Qo‘chqorovning hodisa yuz berishidan bir soatcha oldin noma’lum bir shaxs bilan Marhamat shahri markaziga yaqin "Ko‘hi Nur" oshxonasi yonidagi aroq do‘koni yonida ichib turganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishganini aytdi.

- Iftor payti edi. Oshxona yonida tursak, bizdan bir 20 metr narida vino-vodochniy magazinning oldida ichib turishovdi. Ikki kishi edi ular. Lekin ikkinchisini tanimadim men, - dedi guvohlardan biri.

Uning bu so‘zlarini tasdiqlagan ikkinchi guvoh esa oradan bir soat o‘tib transport hodisasi yuz berganidan xabar topganini bildirdi:

- U odamni (Adham Qo‘chqorovni - Ozodlik izohi) hamma taniydi. Ichib turganini ko‘rib: "Shu ulug‘ ayyom kunlarida ichib turgani yomon bo‘libdi" degan gapni ko‘nglimdan o‘tkazib o‘tib ketdim. O‘ta og‘ir ahvolda edi ichganida. Keyin menga bir soat o‘tib bir tanishim kelib "Adham bir bolakayni urib ketdi. Keyin domning bo‘yida qopqog‘i ochiq lyukning ichigayam kirib ketdi," dedi.

O‘zini Avazbek deb tanishtirgan Marhamat tumani DAN xodimi yo‘l harakati hodisasi oradan bir kun o‘tib ro‘yxatga olinganini ma’lum qildi:

- Men o‘sha kuni dam olgandim. Ertasi kuni topdik, tekshirdik. Ichmagan bo‘layapti. O‘sha kuni qayd qilganmiz hodisani, ammo uni (Adham Qo‘chqorovni) umuman topib bo‘lmagan.

Mashina urib yuborishi oqibatida bir necha joyidan lat yegan 9-sinf o‘quvchisi Murodjon G‘ulomovning otasi O‘ktam G‘ulomov hodisa yuz bergan kuni hech kimni topib bo‘lmaganini aytdi.

- O‘sha kuni inson zoti kelmadi. Na uchastkovoy va na GAI, na oformlenie. Hech balo yo‘q. Og‘aynim bor edi telefon qildi GAIga. Keyin bitta-bitta bo‘lib kelishdi, - dedi O‘ktam G‘ulomov.

Ma’muriy ish

Murodjonning otasi O‘ktam G‘ulomov Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘liga hozirda tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini bildirdi.

Uning aytishicha, "Mahalla" jamg‘armasi raisining muovini Adham Qo‘chqorov o‘g‘liga zarur bo‘lgan barcha tibbiy xarajatlarni qoplayotir.

- Men aytdim o‘ziga: Qara, bolani davola. Hammasi yaxshi. Qarashayapti, davolayapti. Apteka dorining chekini berayapti, shu pulini to‘layapti, - dedi O‘ktam G‘ulomov.

Adham Qo‘chqorov Ozodlik bilan suhbatlashishni istamadi.

DAN xodimi haydovchi qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasligi, ish ma’muriy jazo bilan berkitilishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG