Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:20

Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlari tendersiz asl egalari offshorda bekingan kompaniyaga beriladi


Bosh qarorgohi Moskvada joylashgan «Novaport» kompaniyasining yaqin oylarda Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlari boshqaruvchisiga aylanishi kutilmoqda.

Kompaniya mutasaddilaridan biri 6 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda shunday ma’lumot berdi.

Bu haqdagi dastlabki kelishuv Dmitriy Medvedevning 30 may kuni Toshkentga qilgan safari davomida hukumatlararo so‘zlashuvlar yakunida imzolangan. Shirkat vakili Ozodlikning bu investitsion loyihaning umumiy qiymatiga oid savolini ochiq qoldirdi.

Davlatga qarashli strategik ob’ektlar boshqaruvining nega aynan Rossiyaning «Novaport» kompaniyasiga berilishi haqida O‘zbekiston hukumati hozircha jamoatchilikka lom-mim demayapti.

Hozircha mamlakat aeroportlarining egasi bo‘lib qolayotgan "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati matbuot xizmati Ozodlik savollarini javobsiz qoldirdi.

Ozodlik gaplashgan fuqarolik aviatsiyasi mutaxassislari¸ O‘zbekistondagi bir emas¸ uchta aeroport boshqaruvining imi-jimida¸ ochiq tenderlarsiz asl egasi yashirin kompaniyaga berilishi aviatsiya xavfsizligi¸ qolaversa¸ moliyaviy-iqtisodiy ochiqlik masalasida xavotirli savollarni kun tartibiga qo‘yishini aytmoqda.

Rossiya mintaqalaridagi 16 aeroport egasi O‘zbekiston aeroportlariga ko‘z tikmoqda

6 iyun kuni Ozodlik suhbatlashgan “Novaport” rasmiysi holding va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlarini modernizatsiya qilishga oid hamkorlik asoslari belgilangan kelishuvning 30 may kuni Toshkentda imzolanganini aytdi.

"Dastlabki kelishuvga holding rahbari Roman Trotsenko va O‘zbekiston Transport vazirining 1-o‘rinbosari Ilhom Mahkamov bosh vazirlar ishtirokida qo‘l qo‘yishdi. Lekin bu hali memorandum darajasidagi kelishuv¸ xolos. Hozir konsalting kompaniyalari loyihaning iqtisodiy taraflarini o‘rganib¸ xulosa beradi. Shundan keyin huquqiy majburiyat yuklatilgan yakuniy hujjat imzolanadi"¸ dedi "Novaport" mutasaddisi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi-sharifi ochiqlanmasligini so‘ragan "Novaport" rasmiysining aytishicha¸ bu hujjat imzolangandan keyin¸ uchala aeroport boshqaruvi konsessiya kelishuvi asosida uzoq muddat Rossiya holdinggiga o‘tadi.

Ozodlik suhbatdoshi¸ bu "uzoq muddat"ning aynan necha yil bo‘lishi haqidagi savolga hozircha aniq javob bera olmasligini aytdi.

O‘zbekistondagi barcha aeroportlar boshqaruvi davlatga qarashli va qarzga botgani aytib kelinayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi vakolatida.

Hukumat bu aeroportlarni xorij kompaniyalari boshqaruviga o‘tkazish rejasini ochiqlamagan¸ bu aeroportlarga da’vogarlik qilishi mumkin shirkatlar uchun ochiq tender ham o‘tkazmagan.

O‘zbekistondagi uchala aeroportning nega aynan "Novaport"ga taklif qilinganiga oid savolga shirkat vakili¸ "O‘zbekiston hukumati bilan ikki tomonlama manfaatlardan kelib chiqib shunday taklif bo‘ldi"¸ deya javob qildi.

Rossiya shirkati nega aynan Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlarini olmoqchi?

"Novaport" vakili bu uchala aeroportda yo‘lovchilar oqimini keskin ko‘paytirish potensiali borligi bois e’tibor shu uchala aeroportga qaratilganini bildirdi.

"Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2018 yilda Samarqand aeroporti 380 ming¸ Urganch 330 ming¸ Namangan esa¸ 165 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Samarqand va Urganchda turizm markaziga aylanish potensiali bo‘lsa¸ Namangan vodiydagi asosiy havo qo‘nalg‘asiga aylanishi mumkin. Shu bois¸ biz tijoriy manfaatdan kelib chiqib¸ bu aeroportlar boshqaruvini olmoqchimiz"¸ dedi Rossiya holdingi vakili.

“Investor”- boshqaruvchi kim?

2007 yili ta’sis etilgan «Novaport» kompaniyasi aksiyalarining yarmi rossiyalik oligarx Roman Trotsenko aktivlarini boshqaradigan AEON Corporation¸ qolgan yarmi esa¸ Qozog‘istondagi Meridian Capital investitsiya kompaniyasiga qarashli.

Bu ikkala ta’sischi «Novaport» holdinggiga 2005 yili Qibrisda ro‘yxatga olingan T.S. Trans Siberia Co Limited kompaniyasi orqali egalik qiladi. Bu offshor shirkatning asl egalari esa¸ sir tutiladi.

Rossiya va xalqaro aviatsiya biznesiga aloqador tadbirkorning Ozodlikka aytishicha¸ «Novaport» Kremlga aloqador oligarxlarga tegishli holding hisoblanadi.

“Novaport» egasi Roman Trotsenko¸ «Rosgazneft» boshqaruvi raisi Igor Sechinning o‘ng qo‘li - bir necha yil uning maslahatchisi bo‘lib ishlagan. Sechin esa¸ Putinning o‘z qo‘li. «Novaport» Rossiyadagi ikkinchi darajali aeroportlarni boshqaradi¸ kompaniya katta qarzga botgan.«Novaport»ning asosiy ta’sischisi Qibrisda¸ asl egasini hech kim bilmaydi¸ faqat Kremlga aloqadorligi taxmin qilinadi. O‘zbekistondagi uchta aeroport tender o‘tkazilmay turib¸ ana shu qarzdor holdingga berilayapti.

Xavotirlar nima?

O‘zbekiston jamoatchiligidan sir tutilayotgan bu kelishuvni sharhlagan aviatsiya mutaxassislari¸ bu haqda matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun¸ shaxslari sir tutilishini so‘radi.

Ozodlik bilan suhbat davomida fuqarolik aviatsiyasi boshqaruviga aloqador mutaxassislardan biri¸ birinchi xavotirning aviatsiya xavfsizligi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

«Investor¸ xayriya tashkiloti emas. U eng qisqa muddatda maksimum daromad ko‘rishga intiladi. Gap xorijiy investor haqida ketayotgan esa¸ bu manfaat yanada kengayadi. Bunday vaziyatda asosiy maqsad kommersiya bo‘ladi¸ xavfsizlik ikkinchi planga o‘tadi. Prioritetlarning bunday qo‘yilishi xavflidir».

Xalqaro aviatsiya biznesiga aloqador tadbirkor esa¸ O‘zbekistondagi uchta aeroport boshqaruvining egasi maxfiy shirkatga berilishi jiddiy moliyaviy-iqtisodiy savollarni kun tartibiga qo‘yishini aytadi.

«Birinchidan¸ uchta aeroport boshqaruvini o‘ziga olayotgan «Novaport» xorijdagi xab-raqobatchiga aloqador bo‘lishi va bu aeroportlar orqali o‘zbekistonlik passajirlarni o‘ziga tegishli aviakompaniya va aeroportlar orqali tashishdan manfaatdor bo‘ladi.

«Novaport» Rossiya mintaqalaridagi 16 aeroportni boshqaradi (Novosibirsk, Tyumen, Chelyabinsk, Perm, Volgograd, Astraxan, Mineralniye Vodi, Vladikavkaz, Tomsk, Kemerovo, Chita, Ulan-Ude, Murmansk, Kaliningrad, Barnaul i Stavropol – tahr.)

Ikkinchisi¸ aeroport boshqaruvini olgan kompaniya aeroport yig‘imlari¸ qo‘nish va uchish ¸ samolyotlarga ko‘rsatiladigan texnik va tijoriy xizmat¸ aviabenzin¸ bort ovqatlari¸ parkovka va har bir kvadrat metr uchun ijara narxini belgilash haqqiga ega bo‘ladi. Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlari boshqaruvini o‘ziga olgach¸ «Novaport» yo‘lovchi va aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish narxlarini keskin oshirishi mumkin. Oqibatda¸ bu aeroportlar orqali uchishni istovchilar keskin kamayib ketadi. Buning ortidan¸ holding¸ investitsiyasini qaytarish bahonasida Toshkent xalqaro aeroportini talab qilishi va olishi mumkin. O‘zi «Novaport»ning asl maqsadi Toshkentni olish¸ degan taxminlar bor. Bu esa¸ O‘zbekistonning birlamchi havo eshigi nazorati qo‘ldan ketdi¸ degani bo‘ladi»¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Ozodlik "Novaport" rasmiysidan bu xavotirlarga munosabat so‘radi. Suhbatdosh¸ ularni "asossiz taxminlar" deb atadi va hozircha Toshkent aeroporti boshqaruvini olish holding rejasida yo‘qligini bildirdi.

«Samarqand aeroportini modernitsaziya qilishga kamida 300 million dollar kerak…»

Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlari boshqaruvini olish haqida dastlabki kelishuv imzolangani haqida «Novaport» o‘z saytida ochiq xabar berganicha yo‘q¸ shu bois¸ kompaniyaning bu kelishuvga qancha sarmoya ajratishni rejalayotgani ham aniq emas.

Holding vakili Ozodlikning umumiy loyiha qiymati haqidagi savolini javobsiz qoldirdi. Unga ko‘ra¸ investitsiyaning so‘nggi qiymati borayotgan o‘rganishlar yakunida hal bo‘ladi.

Ozodlik gaplashgan mutaxassislar¸ O‘zbekistondagi aeroportlarni xalqaro standartlarda modernizatsiya qilishning qimmatga tushishini aytadi.

«Birinchi bo‘lib¸ Samarqand aeroporti uch yil ichida kapital ta’mirdan chiqarilishi kerak¸ chunki 2022 yili bu yerda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkaziladi. Urganch va Namangan aeroportini rekonstruksiya qilishga 5 yil berilayapti. Birgina Samarqand aeroportini modernizatsiya qilish kamida 300 million dollarga tushishi mumkin. Ochig‘i¸ «Novaport»ning buncha investitsiya yotqizishiga ko‘zim yetmayapti. Samarqand aeroportidan maksimum foydalangan taqdirda ham¸ buncha pulni yaqin kelajakda qaytarib olishning imkoni yo‘q. (Samarqand aeroporti yiliga 500 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi – tahr.) Buning orqasida juda shubhali sxema borligini taxmin qilaman¸ xolos»¸ degan aviatsiya mutaxassisi¸ bu taxminlarini hozircha ochiqlamaslikni lozim topdi.

«Novaport»ning asl maqsadi haqidagi taxminlar

Rossiya nashrlari 2018 yili «Novaport» kompaniyasi o‘z aksiyalarini qimmatbaho qog‘ozlar birjasida ochiq savdoga qo‘yishni rejalayotganini bildirgan edi.

Bu xabar bilan bir vaqtda «Rosaviatsiya» rahbari Aleksandr Neradko Irkutsk yangi aeroportini qurishga pul yo‘qligini bildirdi. Bu aeroport qurilishini esa¸ «Novaport» olgan.

Ozodlik gaplashgan mutaxassislar¸ «Novaport»ning O‘zbekiston aeroportlari boshqaruvini olayotgani xabarining bu ikkala jarayonga bevosita bog‘liqligini aytadi.

«Novaport» o‘z aksiyalarini ochiq savdoga chiqarish oldidan o‘zini strategik investor sifatida taqdim etishi kerak. Aviatsiya biznesi¸ shundoq ham turli mojarolar domida qolaëtgan hozirgi paytda bu oson ish emas. Endi siz¸ «Novaport»ning O‘zbekistondagi asosiy aeroportlar¸ ayniqsa¸ Toshkent aeroportining boshqaruvchisi bo‘lish ehtimolini inobatga oling. Masalan¸ holding aksiyalarining ehtimoliy xaridorlariga «Xitoydan Yevropaga eng qisqa havo yo‘li O‘zbekistondan o‘tadi¸ bu havo yo‘lidagi aeroportlar esa¸ bizning nazoartimizda»¸ desa buning effekti qanday bo‘lishini tushunish qiyin emas - aksiyalar narxi osmonga ko‘tariladi¸ ular millionlab dollarlik qimmatbaho qog‘oz sotib¸ chip-chiroylik daromad qiladi. Qarzlarini yopishdan tashqari¸ yana qancha daromad ham ko‘rishi mumkin»¸ deydi o‘zbekistonlik avaitsiya mutaxassisi.

Ozodlik suhbatlashgan "Novaport" rasmiysi¸ holdingning qarzi haqidagi ma’lumotlarni "asossiz" deb atadi¸ uning aksiyalarini xalqaro birjada ochiq savdoga qo‘yish jarayonining hozircha to‘xtatilgani va holding " qulay iqtisodiy vaziyat tug‘ilganda¸ bunday harakat borasida qaror berajagi"ni ta’kidladi.

"Monopoliya va yashirin kelishuvlardan voz kechib¸ "Ochiq osmon" siyosatiga o‘tish kerak!"

Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar¸ O‘zbekiston hukumatini ham aviatsiya xavfsizligi¸ ham mamlakat iqtisodi uchun shubhali bo‘lgan bunday kelishuvlar o‘rniga¸ mamlakat havo hududi siyosatini tubdan isloh qilishga chaqirdi.

«Hozir hukumatda havo hududini O‘zbekistonga uchaman¸ degan shirkatlarning hammasi uchun halol va ochiq qilish kerak. Shunda raqobat tuziladi va yo‘lovchilar oqimi keskin oshadi. Buning o‘rniga joriy hukumat yana shaffof kompaniyalarning kirishiga yo‘l bermayapti¸ turizm infrastrukturasi tug‘ilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ochiq havo siyosati boshlanmaguncha¸ O‘zbekistonga faqat «O‘zbekiston havo yo‘llari»¸ yoki asl egasi ham¸ asl maqsadi ham qorong‘u sheriklar uchadi¸ xolos»¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan ikkala mutaxassis.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG