Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 08:59

OzodDayjest: Ta’lim vazirligi aholini tabaqalashga uringanlikda ayblandi


Illyustrativ surat.

Parlament deputati R.Kusherboev Xalq ta’limi vazirligi tashabbusini uyatli holat, deb baholadi. O‘zbekiston qidiruvdagi jinoyatchilarni xorijdan ushlab kelish uchun uch yilda 30 milliard so‘m sarfladi. Filmda rol berish va’dasi bilan odamlarni chuv tushirgan rejissyor ushlandi.

_____________________________________________________________

Xalq ta’lim vazirligi aholini tabaqalashga urinishda ayblandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboev Xalq ta’limi vazirligining davlat maktablariga to‘lov joriy etish tashabbusini uyatli holat, deb baholadi. “Toshkentdagi bir qator davlat maktablariga bolalarni pullik asosda joylashtirish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi odamlarni boy va kambag‘alga ajratishning yaqqol namunasi bo‘libdi. Bunday adolatsiz taklifning kelib-kelib ziyo va ma’rifat tarqatuvchi, bolalarimizni adolat, tenglik, haqiqat hamda halollikka o‘rgatuvchi ziyolilar idorasi vakillaridan chiqqanligi... bilmadim nima deyishga tilim bormayapti, uyat xullas”, degan deputat R. Kusherboev.

Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, muayyan maktab mikrohududiga kirmaydigan joyda yashovchilar farzandini 1-sinfga topshirishni xohlasa, bir necha million so‘mlik to‘lov qilishi lozim. Bu tashabbusni jamoatchilik “Konstitutsiyada belgilangan ta’limning bepulligi tamoyili buzilishi”, “ta’limda porani legallashtirish” deb baholangan.

Vazir Sherzod Shermatov esa bu qadam tizimda korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilishini aytgan.

Og‘ir jinoyat sodir etgan qidiruvdagi shaxslar soni oshib bormoqda

Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etib, tergov va suddan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslar ko‘payib bormoqda (“Huquq”, 13 iyun). 2019 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan 7650 shaxsdan 74,2 foizi yoki 5676 nafarini og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlar tashkil qildi. Qidiruvdagilarning 50 foizi 5 yildan ortiq muddatdan beri qidirilmoqda. Ammo ularni topish ko‘rsatkichi yildan yilga kamayib bormoqda. 2015 yilda qidiruvdagi shaxslarning 47,5 foizi, 2018 yilda esa 38 foizi ushlangan. Qidiruvda shaxslarning 2226 nafari Rossiya, 1358 nafari esa arab davlatlarida ekani aniqlangan. Qayd etilishicha, 2015-2018 yillarda 1457 nafar qidiruvdagi shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish uchun davlat byudjetidan 30 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan.

Filmda rol o‘ynaysan degan va’da bilan o‘nlab vatandoshni chuv tushirgan yosh rejissyor ushlandi

Toshkentlik Ravshanbek Rahimov “filmda rol o‘ynaysan” degan yolg‘on va’da bilan Samarqanddagi o‘nlab vatandoshni chuv tushirdi (“Hurriyat”, 12 iyun). R. Rahimov “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan ikki filmda rol ijro etgan, shuningdek, Yoshlar ittifoqi Yangiyo‘l shahar kengashining “Yosh rejissyorlar” to‘garagi rahbari lavozimida ishlagan. Oson pul topishni maqsad qilgan yigit Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumaniga borib, film uchun kasting e’lon qilgan. Kinoda rol o‘ynash ishtiyoqidagi o‘nlab yigit-qizlardan 150 ming so‘mdan 4800 dollargacha pul olgan. Ularga xorijda suratga olinayotgan filmda rol va’da qilgan. Firibgar kinochi jabrdiydalarning arizasi asosida qo‘lga olingan.

XS
SM
MD
LG