Линклар

Шошилинч хабар
18 июн 2019, Тошкент вақти: 18:30

OzodDayjest: MB rasmiysi so‘m denominatsiyasi muqarrar ekanini aytdi


Illyustrativ surat.

“Lobbizm anqib turgan qaror” loyihasi tanqidga uchradi. Andijonlik ayol chaqalog‘ini hojatxonaga tashlab o‘ldirdi. Markaziy bank rasmiysi pul almashishi haqidagi gap-so‘zlarga aniqlik kiritdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Prezidentning poyabzal korxonalariga imtiyoz berish haqidagi qarori loyihasi keskin tanqidga uchradi

O‘zbekiston prezidentining poyabzal va teridan mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qaror loyihasi ijtimoiy tarmoqdagi mashhur blogerlarning keskin tanqidiga uchradi. Hukumat portalida muhokamaga qo‘yilgan loyihani “lobbizm anqib turgan qaror”, deb atadi Davletov.uz.

“Qonunchilikni juda o‘yinchoq qilib yuborishdi bu lobbistlar… Endi ayollar oyoq kiyimiga ham davlat bojini oshirishmoqchi. Ichkaridagi ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berishmoqchi… O‘zbekistonga kiradigan ayollar oyoq kiyimi oqimi qora yo‘llarga o‘tib ketadi. Ichkarida narx ko‘tariladi”, deb yozdi bloger Nozim Safarov.

“Hurmatli ayollar! Sifatli tuflilar, lodochkalar, bosonojkalar – xullas, yaxshi poyabzal kiyish huquqimizga zarba berishmoqchi! Qachongacha bir yilga yetmay poshnasi uzilib, og‘zi ochiladigan oyoq kiyimlarda yuramiz? Qachongacha lobbistlar foydasiga xalq pul to‘layveradi?”, deb yozdi bloger Shahnoza Soatova.

Bloger Aziza Umarovaga ko‘ra esa, yangi boj imtiyozlarisiz ham Markaziy Osiyo bo‘yicha O‘zbekistonda poyabzal juda qimmat bo‘lib qolmoqda.

Markaziy bank rasmiysi pul almashishi haqidagi ovozalarga aniqlik kiritdi

O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov pul almashishi haqidagi ovozalarga aniqlik kiritdi (“XXI asr”, 13 iyun). “Pulning qadrsizlanish darajasi, nollarning soni ko‘payib borayotgani bunday savollarni keltirib chiqarishi aniq. Biz birinchi navbatda transportirovka, hisob-kitob xarajatlarini kamaytirish va qulaylashtirish maqsadida 50 000 va 100 000 so‘mlik pul chiqardik. Denominatsiyani amalga oshirishdan maqsad – nollarning sonini kamaytirish. Ya’ni 10 ming so‘m o‘rniga 10 so‘m yoki 100 so‘m chiqariladi. Qachondir denominatsiya bo‘ladi. Ammo aniq vaqtini ayta olmayman. Balki besh yildan so‘ng bo‘lar, balki 10 yildan so‘ng”, degan Markaziy bank rasmiysi.

Chaqalog‘ini hojatxonaga tashlagan ayolga hukm o‘qildi

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida mudhish holat ro‘y berdi: ayol yangi tug‘ilgan farzandini hojatxonaga tashlab yubordi (“Darakchi”, 13 iyun). 3 farzandning onasi bo‘lgan 38 yoshli ayol to‘rtinchi bor homilador bo‘lganini yon-atrofdagilardan yashirib yuradi. 2019 yil yanvar oyida to‘lg‘oq kelgan paytda esa tug‘ruqxonaga borish yoki doyalarni yordamga chaqirish o‘rniga uyidagi hojatxonaga kiradi. O‘sha yerda qiz farzand dunyoga keltiradi, so‘ng uni sellofanga o‘rab, hojatxonaga tashlab yuboradi. So‘ng eri bilan Surxondaryo viloyatiga ketadi. Huquq idoralari jinoyatni qisqa fursatda fosh qilgan. Ayolning ismi va uning nega bu mudhish ishga qo‘l urgani sababi ochiqlanmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tuman sudi raisi Muhayyoxon Turdievaga ko‘ra, JKning 99-moddasi (onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirishi) bo‘yicha ayblangan ayolga 1 yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG