Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2021, Тошкент вақти: 22:24

Shveysariya prokuraturasi Karimova pullaridan $133 millionini O‘zbekistonga qaytarishga qaror qildi


Shveysariya Bosh prokuraturasining 24 iyun kuni ma’lum qilishicha¸ Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan pullarining 133 million dollarlik qismi O‘zbekistonga qaytariladigan bo‘ldi.

«Olti yildan beri olib borilayotgan murakkab jinoyat ishi tergovining bir qismi sifatida Bosh prokuratura shirkatlar¸ xususan¸ O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi yoki faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lgan xorij shirkatlaridan katta miqdordagi pulning noqonuniy olinish sxemasini fosh qiluvchi dalillarga ega bo‘ldi. Bu sxemaning tarkibiy qismi o‘laroq¸ bu pullar xorij¸ asosan¸ Shveysariyada yuvilgan. Tergov xulosasidan kelib chiqib¸ muzlatilgan pullarning 130 million franki (133 million AQSh dollari) ni O‘zbekistonga qaytarishga oid dastlabki qarorga kelindi»¸ deyiladi Shveysariya Bosh prokuraturasi rasmiy saytida e’lon qilingan baënotda.

Hozircha Shveysariya prokuraturasi bu mablag‘ning qaysi formatda¸ aynan qaysi tizimga¸ qaysi shartlar bilan qaytarilishini ochiqlamadi.

Shveysariya federal prokuraturasi 2012 yil yozida ochgan jinoiy ish doirasida Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytilgan bank hisoblaridagi 800 million frank mablag‘ muzlatib qo‘yilgan edi.

Avvaliga Karimov hukumati¸ so‘ngra uning o‘rniga hokimiyatga kelgan Mirziyoev ma’muriyati bu pullarning O‘zbekistondan o‘g‘irlangani iddaosi bilan ularni mamlakatga qaytarish urinishini boshladi.

Ozodlik bu pullarning O‘zbekistonga qaytarilish ehtimoli kuchaygani haqida 2018 yil iyunida mazkur jarayon tafsilotlariga yaqin Shveysariya¸ Shvetsiya va Britaniya mulozimlariga tayanib xabar qilgan edi.

2017 yilning 19 oktabr kuni Shveysariyadagi Le Temps gazetasi “Shveysariyadagi korrupsiya millionlari xorijliklar hasadini qo‘zg‘amoqda” nomli maqola e’lon qilgan va unda Karimovaning hali sud hukm chiqarmagan 800 million frank muzlatilgan mablag‘i ustida bir necha davlat o‘rtasida tortishuv borayotgani¸ asosiy da’vogarlarning¸ O‘zbekiston¸ AQSh va Hollandiya hukumatlari ekani xabar qilgan edi.

Maqolada¸ bu pulni olish uchun “keskin va o‘ng‘aysiz bir parad” boshlangani va Shveytsariya hukumati bilan bu borada maxfiy so‘zlashuvlar borayotgani yozilgan edi.

Bernda hozir bu pullarni qaytarish metodi ustida jiddiy bosh qotirilmoqda. Bu jarayonga Gulnora Karimova ishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan Konfederatsiya Davlat vazirligi¸ Federal adliya boshqarmasi¸ Tashqi ishlar departamenti hamda Taraqqiët va hamkorlik departamenti jalb etilgan”¸ degan edi bu muzokaralarning o‘tgan yili oxirlaridagi holatini o‘rgangan Shveysariya nashri.

Bu xabar ortidan Ozodlik gaplashgan Yevropa mulozimlari¸ Shveysariya hukumati muzlatilgan pullarning haqiqiy egasi O‘zbekiston ekani va Toshkent hokimiyatidagi o‘zgarishlar pullarni O‘zbekistonga qaytarishga ham qonuniy¸ ham ma’naviy zamin yaratganiga ko‘proq ishonch hosil qilganini aytgan edi.

O‘zbekiston yangi prezidenti o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatmoqda. Mirziyoevning AQSh safari davomida uning islohotlari haqida Oq uy ancha yuqori fikr bildirdi. Toshkent hukumati Shveysariyada yashovchi badavlat biznesmenlarni bu jarayonda o‘ziga lobbichilik qilishga yollagan. Bularning hammasi Toshkentga Gulnoraning pullarini olishda yordam beradi”¸ deydi Ozodlik gaplashgan shveysariyalik mulozim.

Shveysariya prokuraturasining 24 iyun kungi bayonotida¸ muzlatilgan pullarning qolgan qismi taqdiri nima bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan.

Shveysariya prokuraturasining bu xabari arafasida 23 iyun kuni Gulnora Karimova Shveysariyada muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytarish borasida hukumat bilan muzokara qilayotganini bildirgan edi.

Prezident Mirziyoevga yozgan ochiq xatida Zangiota qamoqxonasida saqlanayotgan Gulnora Karimova¸ qolgan pullarning qaytarilishi jarayonida hamkorlik qilajagini bildirgan.

Bunday hamkorlik evaziga marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi o‘zining ozod etilib¸ Londonda yashayotgan bolalari oldiga borishiga izn berilishini so‘ramoqda.

"Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimova bayonotini tasdiqladi"

Londondagi Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatilgan aktivlari taqdirini yaqindan kuzatib kelmoqda.

Tahlilchining Ozodlikka aytishicha¸ 133 million dollarning O‘zbekistonga qaytarilishi Gulnora Karimvoa va uning qizi Imon Karimova ta’kidlagan O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik natijasidir.

-Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan korrupsiya emas¸ balki pul yuvish aybini qo‘ygan va ayni shu shubha asosida unga qarashli kamida 850 million dollar mablag‘ni muzlatib qo‘ygan. Ish bu pullar manbai jinoiy ekani tasdiqlangan taqdirda yopiladi. Hozirgacha Gayane Avakyan va Rustam Madumarov bu haqda iqrorlik ko‘rsatmasi bergan. So‘nggi so‘z Gulnora Karimovada qolayotgan edi. Mana endi¸ Karimova ham muzlatilgan pullarning jinoiy yo‘l bilan topilganiga oid ko‘rsatmaga qo‘l qo‘ygan shekilli¸ Shveysariya prokuraturasi bu pullarning bir qismini qaytarish haqida qaror chiqardi¸ deydi Alisher Ilhomov.

Tahlilchi suhbat davomida qolgan pullarning kimga tegishi¸ O‘zbekistonga qaytariladigan pullarning kimga va nimaga qaytarilishi¸ shuningdek¸ Gulnora Karimovaning yaqin orada amnistiya qilinish-qilinmasligi haqidagi savollarga ham javob berdi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:42 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG