Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:45

"Senator-rektor konstitutsion tuzumni bekor qilishga chaqirdimi?"


24 iyun kuni Ozodlik elektron pochtasiga o‘zbekistonlik bir guruh ziyoli yoshlarning mamlakat jamoatchiligiga qarata yozgan ochiq maktubi matni yuborildi.

Ozodlik turli kasb egalari¸ xususan¸ tadbirkor¸ vrach¸ san’atkor va o‘qituvchilardan jami 58 nafari qo‘l qo‘ygan bu murojaat matnini o‘zgarishsiz taqdim qiladi.

-----------------------------------------------------------------------------

Biz, quyida imzo chekkanlar, o‘zimizning faol fuqarolik pozitsiyamizni ifoda etgan holda, jamiyat siyosiy hayotida ro‘y berayotgan voqealarga befarq qolmay, barcha o‘zbekistonliklarning e’tiborini quyidagilarga qaratmoqchimiz:


Senat a’zosi, Termizning 70-saylov okrugidan senator, Termiz davlat universiteti rektori Toshqulov Abduqodir Hamidovich «O‘zbekiston 24» telekanali tomonidan 16.06.2019 y. efirga uzatilgan «Xalqaro press klub» teleko‘rsatuvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda, telekanal subtitrlari orqali TerDU rektori va Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida tanishtirilgan holda quyidagilarni aytdi:

Termiz universiteti rektorining e’tirozga sabab bo‘layotgan bayonoti davlat telekanalida ko‘rsatilgan muloqotda qilindi.
Termiz universiteti rektorining e’tirozga sabab bo‘layotgan bayonoti davlat telekanalida ko‘rsatilgan muloqotda qilindi.


“Biz yuz yil oliy ta’limdan ham¸ ta’limdan ham Islomni sug‘urib oldik. Islom ma’naviyatini sug‘urib oldik. Halol bilan harom, to‘g‘ri yashashni sug‘urib oldik. Biz Gyoteni o‘rgatdik, lekin janob Payg‘ambarimiz hadislarini keltirishdan cho‘chidik.

Mana kecha, Yuqori palata raisi va Korrupsiyaga qarshi respublika idoralararo komissiya raisi majlisda hadisdan iqtibos keltirdilar. Jinoyat kodeksining 210 va 211- moddalari sanksiyalari ham ayni hadisdan olingan. Kodeksda ham pora bergan va olgan uchun jazo tayinlangan. Biz bularni o‘rganmadik. Islom ma’rifatini faqat imom gapirsin dedik. Dunyoviy bilim olganlar gapirsa, unga boshqacha qaradik. Nima bo‘ldi?

Korrupsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, oliy ta’limda nafaqat korrupsiyaga yo‘l qo‘yildi, balki yosh, kelajak avlodga korrupsiya o‘rgatildi. Adolatsizlik o‘rgatildi. Oliy ta’limdagi muammolar...

Mana hozir binolar ko‘rsatildi. Men kechirim so‘rayman, ajdodlarimiz yarmigacha sho‘r bosib yotgan madrasalarda Qur’onni 9 yoshgacha yodlagan. Bularni tuzatsa bo‘ladi. Agar chiroyli binolar bilan allomalar chiqadigan bo‘lsa, bilasizmi, hozir qancha Termiziylar, Buxoriylar chiqar edi?" dedi Termiz Davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov.


Biz, prezidentimiz kabi, shu narsaga aminmizki, “hozirgi kunda, aholining turmush darajasi mamlakat raqobatbardoshligining asosiy ko‘rsatkichiga aylanib borayotganida, rivojlanishning asosiy omili – ta’limning roli oshib borayapti”.

Aynan ta’lim muhim, TerDU rektori Toshqulov sha’ma qilayotgan shariat qonunlari emas.


Yurtimizda islomiy ta’lim zo‘rmi? Buyuk muftiylar, o‘ta savodli teologlar urug‘i Boboxonovlar, O‘rta Osiyo musulmonlar boshqarmasi asoschilarining vaqti allaqachon unut bo‘lib ketdi.

Yoshlarimiz masjidlardagi ma’ruzalarda buyuk islom falsafasi, buyuk islom madaniyati, buyuk islom me’morchiligi, buyuk islom matematikasi va tibbiyoti to‘g‘risida biror gap eshitadimi? Hozirgi 2 mingdan ortiq imom orasida kim o‘lkamizda yashab ijod qilgan buyuk so‘fiylar hayoti haqida gapirib bera oladi? Bundaylar sanoqli.

Haqiqatga tik boqaylik. Hozirgi kunda juma namozlariga qatnashuvchilarning yarmidan ko‘pini 18dan 21 yoshgacha bo‘lgan yigitlar tashkil qiladi. Ularning ko‘pchiligi uchun juma namozi – urf, qolganlari uchunchi? Haqiqatga tik boqishda davom etamiz – yoshlarning diniy radikalizatsiyasi, afsuski, aynan masjidlarda ro‘y beradi. Buning sababi aynan ko‘p imomlarning besavodligida. Ular bag‘rikenglik, mehr va bilimga intilish to‘g‘risida so‘zlashni unutib qo‘yishmoqda.

Hozirgi imomlar yoshlar orasida ommaboplikka intilib, ijtimoiy tarmoqlarda faollashishgan. Ko‘p hollarda ular o‘zini yo‘qotib qo‘yib, dunyoviy davlat bo‘lmish O‘zbekiston qonunlarini shariat qonunlari bilan almashtirib qo‘yishga intilishadi. Bu tasodifmi?

“Dunyoviy bilim olganlar gapirsa, unga boshqacha qaradik. Nima bo‘ldi?

Korrupsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, oliy ta’limda nafaqat korrupsiyaga yo‘l qo‘yildi, balki yosh, kelajak avlodga korrupsiya o‘rgatildi. Adolatsizlik o‘rgatildi. Oliy ta’limdagi muammolar...

Mana hozir binolar ko‘rsatildi. Men kechirim so‘rayman, ajdodlarimiz yarmigacha sho‘r bosib yotgan madrasalarda Qur’onni 9 yoshgacha yodlagan. Bularni tuzatsa bo‘ladi. Agar chiroyli binolar bilan allomalar chiqadigan bo‘lsa, bilasizmi, hozir qancha Termiziylar, Buxoriylar chiqar edi?!" deya davom qildi Toshqulov .

Biz ham tarixni eslamoqchimiz: at-Termiziy va al-Buxoriylar «yarmigacha tuz chiqqan madrasalarda 9 yillab Qur’onni yod olganligi» uchun katta olim bo‘lib ketmadi. Ularning olim bo‘lishiga asosiy sabab – yurtimizdagi madaniy va ilmiy meros. Eslatib o‘tamiz, islom zardushtiylikning teran falsafasini anglab bo‘lgan odamlar yashayotgan o‘lkaga keldi. Aynan o‘sha davrning madaniy va ilmiy merosi ko‘plab islomiy faylasuflarni yetishtirishga asos bo‘ldi.

Shuningdek, korrupsiyaning yomon diniy ta’limga bog‘liqligi bizga tushunarsiz. O‘zbekiston o‘zini huquqiy demokratik davlat deb e’lon qilganiga ancha bo‘ldi. Konstitutsiyamizning 31-moddasi vijdon erkinligi barchaga kafolatlanganini ta’kidlaydi. Har kim istagan diniga e’tiqod kilish va yoki hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarning majburiy singdirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Undan tashqari, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida» qonunning 5-moddasida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Biror bir din yoki e’tiqod uchun ustunliklar yoki cheklovlar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Eng muhimi, shu qonunning 7-moddasida O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgani aytilgan. Diniy dissiplinalarning ta’lim tizimi dasturlariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Dunyoviy ta’lim olish huquqi O‘zbekiston fuqarolariga ularning dinga munosabatidan qat’iy nazar kafolatlanadi.

Biroq janob senator hozirgi ta’limning hamma muammolari va ularni yuzaga keltiruvchi omillarni teologlar yetishmasligi va islomiy ta’lim yo‘qligiga bog‘layapti. Barcha muammolarni shunday hal qilib bo‘lsa zo‘r bo‘lardiku-ya, lekin amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hayot o‘ta serqirra, murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan narsa. Dinlarni bilish va o‘rganish, albatta, yaxshi. Biroq aynan bir teologiyaga urg‘u berish va mukkasidan ketish orqali biz jamiyatimizni ilmiy-texnik v halqaro siyosiy jihatdan bir-ikki asr orqaga uloqtiramiz. Ibodat qilish, diniy udumlarga amal qilishdan tashqari biz yuqori texnologik ishlab chiqarish uskunalari, zavodlar va fabrikalar yaratishimiz kerak – bu zamon talabi.

Biz o‘z ilmiy-texnik va muhandis-konstruktorlik poydevorimizni yangilashimiz, yuqori malakali, ishlab chiqarishni rivojlantirishga qiziquvchi kadrlarni tarbiyalashimiz va tayyor import loyihalaridan iloji boricha kamroq foydalanishimiz kerak.

Biz fan va zamonaviy ta’lim borasida ilgarilab ketgan chet davlatlarining boy malakasi va amaliyotini o‘zlashtirishimiz mumkin. Yoshlarimiz kelajakka turli radikal mafkuralar prizmasi orqali emas, o‘tkir nigoh va ishonch bilan qarashi uchun ularda mustahkam ilmiy-ma’naviy poydevor bo‘lishi kerak.

Dinlar – vijdonni tushunish va o‘zliklni anglashning yo‘llaridan biri; Inson va Yaratuvchi orasidagi o‘ta shaxsiy bir sinoat. Lekin avtokatalitik formoz reaksiya usulida formaldegiddan glyukozani sintez qilish uchun kimyo, matematika, fizika va boshqa fanlarni ham bilish kerak. Boshqachasiga hech iloji yo‘q.

Yuqoridagilar to‘g‘risida fikr yuritarkanmiz, o‘z-o‘zidan o‘ta mantiqiy savollar vujudga keladi: parlament senatori darajasidagi amaldor, Oliy Majlis qonunchilik palatasining qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq a’zosi bunday xatolikka qanday qilib yo‘l qo‘yishi mumkin? Bu nima, kasbga noloyiqlik, asosiy qonunlarni bilmaslikmi, yoki mavjud dunyoviy hayot tarzini o‘zgartirishga urinishmi?


O‘ylaymizki, Toshqulov to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda aytgan gaplarining mazmunini tushunadi. Shunday ekan, u mamlakatning asosiy va maxsus qonunlariga ochiqchasiga bee’tibor bo‘lganini qanday tushunish mumkin? Bu konstitutsion tuzumni bekor qilishga chaqiriqmi? Xalq vakili televizion mikrofon ta’sirida osonlikcha qonunlarga teskari tarzda o‘z shaxsiy xohishlarini ovoza qila olsa, bunday qonunlar o‘zi kim uchun yozilgan?

Biz javob berishdan avval yetti o‘lchash lozim bo‘lgan savollarni berdik.

Bizda shunday fikr borki, jamiyat ta’lim (shu jumladan diniy ta’lim ham) bilan bog‘liq bo‘lgan og‘riqli muammolar yuzasidan ochiq muloqot va munozarani kutayapti.

Shu sababli, barcha xohlovchilarni huquqshunoslar, teologlar va O‘zbekiston ziyolilari ishtirokidagi shunday muloqotni boshlashga chorlaymiz.

XS
SM
MD
LG