Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2020, Тошкент вақти: 23:09

Otabek Murodovdan adliy rutba va barcha davlat mukofotlari olib qo‘yilgani iddao qilinmoqda


O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Otabek Murodov

20 iyun kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi binosida prokuratura rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan majlisda mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov vazifasidan bo‘shatilgan bosh prokuror Otabek Murodovni adliy rutba va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etdi.

Bu haqda Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda Bosh prokuraturadagi ikki xodim ma’lum qildi.

Prokuratura binosida bo‘lib o‘tgan majlisda ishtirok etgan prokuratura xodimlarining qo‘shimcha qilishicha, 44 yashar Otabek Murodov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210- moddasi (Pora olish) va 211-moddasi (Pora berish) da ayblanmoqda.

21 iyun kuni O‘zbekiston Senatining 20-yalpi majlisida chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoev 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Otabek Murodovga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoev sobiq bosh prokuror uning ishonchini oqlamaganini aytdi.

"Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman. Men Murodovga ishonch bildirgandim," dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezident ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan rahbarlarning barchasi jazolanishini aytdi.

"Prokuraturada korrupsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da! Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullaev bo‘ladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi", dedi Shavkat Mirziyoev.

Sobiq bosh prokurorni poraxo‘rlikda ayblagan Shavkat Mirziyoev yangi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga prokuratura tizimini isloh qilish uchun olti oy muhlat berganini aytdi:

Bunaqa ketishda bo‘lsa, prokuratura tizimini mutlaqo qisqartirib yuboraman, ko‘proq vakolatni Adliya tizimiga beraman. Nig‘matilla Yo‘ldoshev olti oydan keyin kelib, nimani o‘zgartirganini aytishini, tizimni tozalashini, yaxshi takliflar berishini kutaman”, deb aytdi prezident Shavkat Mirziyoev.

Otabek Murodovning ishdan olinishi so‘nggi 4 yil davomida to‘rtinchi marta O‘zbekiston bosh prokurori o‘zgarishi bo‘ldi.

2000 yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2015 yilning aprelida lavozimini tark etgan va uning o‘rnini Ixtiyor Abdullaev egallagan edi.

Abdullaev 2018 yil 31 yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati (sobiq MXX) rahbari lavozimini egallagach, uning o‘rnida Otabek Murodov ish boshlagan edi.

Ayni vaqtda ikki sobiq bosh prokuror - Rashidjon Qodirov va Ixtiyor Abdullaevga qarshi jinoyat ishi ochilgan.

25 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida "Sud-huquq sohasidagi islohotlar" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazgan O‘zbekiston Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov ustidan sud ishi kollegiya maslahatida ko‘rilayotganini aytdi.

"Toshkent shahar sudida Rashidjon Qodirov ishi doirasida 13 kishi ishi ko‘rilyapti. Hozirda ish kollegiya maslahatida. Yaqin orada e’lon qilamiz", dedi Xolmo‘min Yodgorov.

2000 yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2015 yilning aprelida lavozimini tark etdi va uning o‘rnini Ixtiyor Abdullaev egalladi.

Abdullaev 2017 yil yanvarida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini egallagach, uning o‘rnida Otabek Murodov ish boshladi.

XS
SM
MD
LG