Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2020, Тошкент вақти: 13:38

FNPZ sobiq direktoriga hujum qilganlarga uzoq yillik qamoq jazolari berildi. Sudlanuvchilar hukmdan norozi.


Jur’at Meliqulov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Piskent tuman sudi besh kishini Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNPZ) sobiq direktori Jur’at Meliqulovdan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib olishga urinish va unga hujum qilishda aybdor deb topdi.

Sud Toshkent yashovchilari 46 yashar Baxtiyor Bakaevni 14 yilga, 32 yashar Zafar Ikromov, 30 yashar Muzaffar Hasanov va 30 yashar Otabek Mirahmedovni 13 yilga hamda 29 yashar Sardor Tillabaevni 5 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

2014 yilning 20 avgustida sud hukmi bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan 55 yashar Jur’at Meliqulov jazo muddatini o‘tayotgan Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 64/75 manzil koloniyasida o‘tgan yil 3 iyulda kaltaklab ketilgan edi.

Bu haqda Ozodlik 6 iyulda xabar bergan edi.

Ammo, tergov qonunchilikka xilof ravishda o‘tkazilgani va dastlabki sud hukmi ham “adolatsiz” bo‘lganini iddao qilgan Baxtiyor Bakaevning advokati Ozodlik bilan suhbatda dastlabki sud hukmi Toshkent viloyat sudida joriy hafta boshidan buyon qaytadan ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.

“Janjal”

Ozodlik qo‘lga kiritgan sud va tergov hujjatlariga ko‘ra, Baxtiyor Bakaev “tergov paytida aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxslarga katta miqdorda qarzi bo‘lgan Jur’at Meliqulovga nisbatan zo‘rlik ishlatib”, undan qarzni undirib berish evaziga Toshkent shahri yashovchilari Zafar Ikromov, Muzaffar Hasanov va Otabek Mirahmedovga 10 ming dollar “mukofot puli taklif qiladi”.

Otabek Mirahmedov o‘sha paytda Toshkent viloyatidagi 64/72 jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Sardor Tillaboevdan Jurat Meliqulovning qaerda ekanini bilib oladi.

Tergov xulosalariga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining sobiq direktori Jur’at Meliqulov 2018 yil 3 iyul kuni tonggi soat 5da jazo muddatini o‘tayotgan Piskent tumanidagi 64/75 jazoni o‘tash muassasasiga qarashli bedazor hududida uch shaxs – Zafar Ikromov, Muzaffar Hasanov va Otabek Mirahmedov tomonidan kaltaklangan va pichoqlangan.

Toshkent viloyat sud tibbiy ekspertizasi byurosining 2018 yil 31 iyulь kunidagi 376-sonli xulosasiga ko‘ra, Jur’at Meliqulovga “hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati” yetgani aniqlangan.

Uning “bosh miyasi yopiq jarohat olgan, engak sohasi yirtilgan, chap son sohasiga pichoq sanchilgan,” deyiladi tibbiy ekspertiza xulosasida.

Ayni kunning o‘zida Jur’at Meliqulov Piskent shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasiga yotqizilgan va operatsiya qilingan.

Hibs va tergov

Jur’at Meliqulovga qilingan hujumdan bir necha hafta o‘tib birin-ketin Baxtiyor Bakaev, Zafar Ikromov, Muzaffar Hasanov, Otabek Mirahmedov va Sardor Tillabaev qo‘lga olinadi.

Ammo, hujum tashkilotchisi sifatida ko‘rilgan Baxtiyor Bakaev tergov paytida ham, sud jarayonida ham o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning birortasiga iqror bo‘lmaydi.

Bakaev sud paytida uning jinoiy sheriklari deya ko‘rilgan shaxslarni “tanimasligini, ular bilan muloqotda bo‘lmaganini, Jur’at Meliqulovni tanimasligini, unga tan jarohati yetkazish haqida topshiriq bermaganini, unga tan jarohati yetkazilganligi holati yuzasidan o‘ziga hech narsa ma’lum emasligini bildirib, suddan oqlov tayinlashlikni” so‘raydi.

Qolgan sudlanuvchilar o‘zlariga nisbatan e’lon qilingan aybga qisman iqrorligini bildirgan esa-da, dastlabki tergovda “tazyiq va tan jarohatlari olganligi sababli boshqacha ko‘rsatma” berganliklarini bildirganlar.

Sud majlislarida ularning barchasi Baxtiyor Bakaev bilan tanish emasliklarini, ammo tergov paytida “IIB xodimlarining tazyiqi ostida” unga qarshi ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganliklarini aytganlar.

Sudlanuvchi Zafar Ikromovga ko‘ra, “taxminan iyul oyi boshlarida o‘zining uyali vositasidan tanishiga qo‘ng‘iroq qilgan vaqtida boshqa bir shaxsga tushib qolgan, shunda bu shaxs (Jur’at Meliqulov – izoh.) uning onasini haqorat qilganligi sababli uning qaerdaligini tanishlari orqali bilib," Piskent tumaniga tanishlari Muzaffar Hasanov va Otabek Mirahmedov bilan borgan.

Sudlanuvchi Muzaffar Hasanovning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, Jur’at Meliqulov ularning o‘ngiga “bir qo‘lida o‘roq bilan” chiqqan.

Muzaffar Hasanov o‘zi bilan olib borgan pichoqni janjal paytida Meliqulov sheriklaridan himoya qilish uchun ishlatganini aytgan.

“Adolatsiz hukm”

Sud hukmi nusxasi
Sud hukmi nusxasi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Piskent tuman sudi besh sudlanuvchini O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104 moddasi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) va 165 moddasi (“Tovlamachilik”) nazarda tutgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topgan.

26 iyunda Ozodlik suhbatlashgan Baxtiyor Bakaev advokati Berdiboy Muhammedov hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida dastlabki sud hukmiga e’tirozan kiritgan shikoyat arizasi ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

Uning ishonishicha, “sud hukmi adolatli chiqmagan”.

- Mening e’tirozim – ayblov asossiz ravishda qo‘yilyapti. Aniq dalillar bilan isbotlanmagan. Kassatsiya tartibidagi sudda ham jabrlanuvchi kimdir kelib undan pul talab qilganini aytayapti. Lekin dastlabki sud jarayonida jabrlanuvchidan pul talab qilinganini hech kim gapirgani yo‘q. Baxtiyor Bakaev oldin ham jabrlanuvchi bilan ko‘rishmagan, hujum paytida ham bo‘lmagan. Qanday qilib, Bakaev tovlamachilik va tanaga shikast yetkazishda aybdor bo‘ladi? - dedi advokat Berdiboy Muhammedov.

Uning iddao qilishicha, jabrlanuvchi Jur’at Meliqulov Baxtiyor Bakaevni suddan oldin na ko‘rgan va na gaplashgan.

-Jabrlanuvchi umuman tanimaydi uni. Ko‘rmaganam, tanimaydiyam, bilmaydiyam Bakaevni. U kassatsiya sudida ham bu narsani tan olib aytdi. Tergov jarayonida ham aytgan bu narsani, birinchi instansiyada ham aytgan, - dedi Berdiboy Muhammedov.

Ozodlik 25 iyunda Toshkent viloyati kassatsiya sudini ko‘rib chiqayotgan sudya Dilshod Tadjibaevga bog‘lanishga urindi.

Sud vakili Bakaev shikoyati bo‘yicha yakuniy hukm chiqmagunicha munosabat bildirilmasligini aytdi.

Ozodlik jabrlanuvchi Jur’at Meliqulovning o‘zidan izoh ololmadi.

FNPZ direktori

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida 2012-2013 yillarda direktor bo‘lib ishlagan Jur’at Meliqulov 2013 yil 21 oktabr kuni xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingan.

2014 yilning 20 avgustida Toshkent shahar sudi hukmi bilan, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi (o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Ozodlik Meliqulov ustidan olib borilgan 1-472/2014 raqamli jinoyat ishi xulosasini qo‘lga kiritdi.

Jur’at Meliqulov ustidan qo‘zg‘atilgan tergov hujjati
Jur’at Meliqulov ustidan qo‘zg‘atilgan tergov hujjati

Jinoyat ishi xulosasida O‘zbekiston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning eri Rustam Madumarov va Jur’at Meliqulov hamkorligiga alohida to‘xtalgan.

Unda jumladan bunday deyiladi:

2012 yil oktabridan R.Madumarov topshirig‘i bilan FNPZda ishlay boshladi. Buning uchun Madumarov undan har oy 8 million dollar to‘lab borishni talab qildi”.

Jinoyat ishidagi ayblovda yana ta’kidlanishicha, Jur’at Meliqulov FNPZda mas’ul vazifalarni bajargan besh kishi bilan birga “jinoiy til biriktirgan va o‘z vazifalarini suiiste’mol qilgan holda… FNPZ pul mablag‘larini tizimli tarzda o‘marish, pora olish, O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish va yirik miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullangan”.

55 yoshli Jur’at Meliqulov jazoga tortilishidan uch yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib, 2018 yilning fevral oyida Qarshidagi 64/49 jazoni ijro etish muassasasidan Piskentdagi 64/75-manzil koloniyaga o‘tkazildi.

XS
SM
MD
LG