Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 05:40

Kattaqo‘rg‘onda kanalizatsiya quvuridagi ishchi tuproq ostida qolib o‘ldi


Fojia Kattaqo‘rg‘on shahridagi Ulug‘bek Barnoev ko‘chasida qazilgan mana shu kanalizatsiya handagida ro‘y bergan.

Kattako‘rg‘on shahridagi Ergash ota xususiy klinikasi tomonidan kavlangan kanalizatsiya quvurini 26 iyun kuni tuproq bosdi va oqibatda handakda quvur montaj qilayotgan uch ishchi tuproq tagida qoldi.

Kanalitsaziya buyurtmachisi bo‘lgan klinika rahbariga ko‘ra¸ atrofdagilar tuproqni qo‘lda kavlab¸ ikki ishchini qutqarib olgan¸ ammo uchinchisining aniq joyini hech kim bilmaganidan¸ uni qo‘lda kavlab olishga to‘rt soatcha urinilgan.

Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishicha¸ yaqinlari va IIB xodimlari ishchini tirik topish umidi uzilgach¸ ekskavatordan foydalanishga qaror qilgan - ekskavator ikkinchi cho‘mich (kovsh) solganda¸ tuproq ostida qolib ketgan yigitning tanadan ajragan kallasi chiqqan.

Kattaqo‘rg‘onliklarni titratgan bu voqea tafsilotlarini tasdiqlagan Ergash ota xususiy klinikasi rahbari¸ buning baxtsiz hodisa ekani¸ voqeada hech kimning aybi yo‘qligini bildirdi.

Vrachga ko‘ra¸ 26 iyun kechqurun dafn etilgan marhumning yaqinlari o‘lim yuzasidan hech kimga da’vosi yo‘qligini bildirgan.

Uzilgan kalla yoki ekskavator kovshi jasadga tegdi?

Ozodlikka 26 iyun kungi fojia tafsilotlarini xabar qilgan guvohlardan biriga ko‘ra¸ hodisa Kattaqo‘rg‘on shahridagi Dashti Bozor qabristoni yonida kanalizatsiya uchun kavlanayotgan chuqur ichida sodir bo‘lgan.

Fojianing taxminiy joyi.
Fojianing taxminiy joyi.

Ekskavator yordamida kanalizatsiya kavlatilgan va qazilgan transheyaning ichida quvurlarni montaj qilayotgan Jahongir ismli yigitni ertalabki 9 larda tuproq bosib qolgan. Buni hech kim payqamagan, taxminan tushlik vaqtida soat 13:00 larda montajchi yigitning yo‘qligini¸ uning ertalab yamaga tushgancha qaytib chiqmaganini sezib qolishgan. Zudlik bilan uni tuproq ostidan kovlab olish uchun ekskavator bilan kovlashni boshlashdi. Birinchi kovsh tuproq olindi, ekskavator ikkinchi kovsh tuproqni olayotganda¸ tuproq tagida qolib ketgan yigitning kallasini uzib yubordi. Kechaning o‘zida kechki payti yigitning janozasi o‘qib ¸ dafn qilishdi”¸ dedi Ozodlik bilan gaplashgan kattaqo‘rg‘onliklardan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 32 yashar marhum ikki farzandning otasi¸ vaqtincha ishsiz bo‘lgan.

Marhumning ismi Jahon, 1987 yilda tug‘ilgan. Otasining ismi Nurmamat aka. Kattaqo‘rg‘on shahar So‘fi Olloyor mahallasidan. Ancha payt ishsiz bo‘lgan¸ bir qarindoshining taklifi bilan o‘sha ishga borgan ekan bechora”¸ deydi voqea tafsilotlariga yaqin kattaqo‘rg‘onliklardan biri.

Baxtsiz hodisa¸ yoki texnika xavfsizligi qoidalariga loqaydlik?

Ozodlik bilan suhbatda Ergash ota xususiy klinikasi rahbari fojia tafsilotlarini¸ ayrim juz’iy tafovut bilan tasdiqladi.

Tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining dasturi¸ prezidentimizning farmoni bo‘yicha¸ shifoxonamizni kengaytirish va zamonaviy mehmonxona qurish uchun 3 kilometr joyga kanalizatsiya tortish bo‘yicha tuman hokimi¸ shahar hokimi qaroriga muvofiq¸ vodokanalning xodimlari ishlayotgan edi. Bir yarim oydan beri 3 kilometrlik chuqur qazishayotgan edi. Eni bir yarim¸ chuqurligi 4 metrlarcha bor. Sentralniy kanalizatsiya qazish uchun 28 ta tashkilotning ruxsati olingan. Ekskavator quvurni kovlab qo‘ygan¸ ishchilar ishlayotgan bo‘lgan. Bu yigit 40 kundan beri ishlayotgan bo‘lgan. Qabriston oldiga kelganda¸ kutilmaganda tuproq bosib qolayapti. Baxtsiz tasodifda bu”¸ dedi Ergash ota xususiy klinikasi rahbari.

Unga ko‘ra¸ to‘rt metrlarcha chuqurning besh metrchasini tuproq bosgan va uchta ishchi tuproq tagida qolgan.

Tashqarida turganlar sekundda xabar berdi¸ mutaxassis chaqirib¸ hammamiz qo‘l bilan tuproqni kavlab¸ ikkitasini sog‘-salomat chiqarib oldik. Uchinchisining aniq joyini hech kim bilmagani uchun topishning iloji bo‘lmadi. Qo‘lda qidirish uch yarim-to‘rt soatga cho‘zilib ketdi. Odam tuproq tagida uzog‘i bilan 15 minutga bardosh berishi mumkin¸ ekspert to‘rt soatdan keyin tirik chiqmasligini aytdi”¸ deydi bu suhbatdosh.

Ayrim guvohlar va kanalizatsiya buyurtmachisi bo‘lgan klinika rahbari¸ voqea joyiga prokuratura¸ IIB va tuproq bosgan Jahongirning yaqinlari yetib kelgani¸ uni tirik chiqarishdan umidini uzgan oilasi¸ ekskavator bilan jasadni kavlashga rozi bo‘lganini aytdi.

Ekskavatorchi oldiniga xohlamadi – jasadning qaerdaligini bilmay¸ qazimayman dedi. Lekin melisalar bu yerni qaz¸ u yerni qaz¸ degandan keyin ilojsiz¸ qazdi. Jahongirning aka-ukalari ham shunga rozi bo‘ldi. Ekskavator kovshi jasadga tegdi¸ lekin qon chiqmadi. Uyidagilar tushungan odam ekan¸ hech kimga da’voim yo‘q deyapti”¸ dedi bu fojiaga bevosita aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan klinika vrachi.

Ozodlik ¸ yaqinlarining kanalizatsiya buyurtmachisi aytgan kabi o‘lim yuzasidan hech kimga da’vosi yo‘qligini oydinlashtirish maqsadida¸ marhum yaqinlari bilan bog‘lanishga urindi¸ ammo qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Voqea yuzasidan Kattaqo‘rg‘on prokuraturasi tergovgacha surishtiruv boshlagan¸ hozircha bu voqea bo‘yicha jinoyat ishi ochiladimi yo‘qmi¸ ochilsa kimga nisbatan ochiladi¸ bu savollarga ham javob olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni hisobga olib borish va tekshirish” haqidagi 222-moddasida:

Ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni o‘z vaqtida tekshirishi va hisobga olib borishi shart. Jabrlanuvchining talabiga binoan tekshiruv tugagan kundan e’tiboran uzog‘i bilan uch kun ichida ish beruvchi shu baxtsiz hodisa to‘g‘risida dalolatnoma berishi shart”¸ deyilgan.

Baxtsiz hodisa o‘lim bilan tugagan vaziyatda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan hatti-harakatlar Vazirlar Mahkamasining “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi Nizom”i orqali tartibga solinadi.

Bu Nizomga ko‘ra¸ Kattaqo‘rg‘ondagi kanalizatsiya quvurida tuproq bosib o‘lgan ishchi oilasiga tovon puli to‘lanish masalasida baxtsiz hodisa sabablarini o‘rganib chiqishi lozim maxsus komissiya qaror beradi.

XS
SM
MD
LG