Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2020, Тошкент вақти: 07:13

OzodDayjest: Matbuot Toshkentni “dorixona narkomaniyasi” zabt etganini yozmoqda


Illyustrativ surat.

Toshkentdagi yashirin narkomaniya fosh etildi. Temir yo‘l kassalaridagi nayranglar yuzasidan norozilik bildirildi. Jurnalist Karim Bahriev o‘zbek jurnalistikasi maqomini oshirish yo‘llari bo‘yicha qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

________________________________________________

Toshkentni dorixona narkomaniyasi zabt etgani fosh etildi

Toshkent – kayfu safoda, shaharni “dorixona narkomaniyasi” zabt etgan (www.gazeta.uz, 27 iyun). Jurnalist Nikita Makarenko surishtiruvlardan so‘ng ana shunday xulosaga kelgan. Qayd etilishicha, “Lirika” va “Regapen” savdo belgilari ostida sotiluvchi epilepsiyaga qarshi pregabalin preparati, “Andante” yoki “Selofen” nomi bilan tanilgan “Zaleplon” uyqu dorisi hamda xuddi shu nomdagi ta’sir qiluvchi moddaga ega “Tropikamid” ko‘z tomchilari Toshkentdagi eng ommabop dorixona narkotiklari hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, Pregabalin, Tropikamid va Zaleplon preparatlari faqat shifokor retsepti asosida sotilishi kerak. Ammo amalda ularni kattalar, yoshlar va hatto maktab o‘quvchilari retseptsiz sotib olmoqda va ommaviy ravishda iste’mol qilmoqda.

“Odam uchinchi-to‘rtinchi qabul qilishdayoq Pregabalinga o‘rganib qoladi. Kuniga to‘rtta tabletkadan boshlab, oxiri 14 tagacha ko‘paytirishadi. Men tabletkalar uchun kuniga 200 ming so‘mdan sarflardim. Tropikamidning bir flakoni 70 ming so‘m turadi. Dorixona narkomaniyasi o‘ziga to‘q odamlar orasida tarqalgan. Juda ko‘p pul kerak”, degan ko‘p yillik tajribaga ega sobiq narkoman.

Temir yo‘l kassalaridagi nayrang tanqid qilindi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimidagi kassalardan arzon chipta olish mushkul, sotuvchilar faqat qimmat klassga chipta qolganini aytadi (“XXI asr”, 2019 yil 24-son). Holbuki, kompaniya rasmiy sayti orqali tekshirib ko‘rsangiz, sotilmagan chiptalar ko‘p ekaniga amin bo‘lasiz. Qayd etilishicha, Toshkent temir yo‘l vokzalidagi kassirlarga hamrohingiz bilan yonma-yon joyga chipta berishini so‘rangiz, ular qo‘rslik qiladi. Poezd yurgach esa, vagon kuzatuvchilari falon ming so‘m evaziga biznes klassga o‘tkazib qo‘yishni taklif etadi. “Kimni aldayapmiz: xalqnimi yo Haqnimi? Davlatga xiyonat degani shu emasmi aslida! Ustiga-ustak turli vaj-korsonlarni ko‘rsatib, temir yo‘llarimiz zararga ishlayapti deb, har yili narx-navoni ko‘tarib ham qo‘yamiz”, deb yozadi muallif.

Taniqli qalamkash o‘zbek jurnalistikasi maqomini oshirish yo‘lini aytdi

Taniqli jurnalist Karim Bahriev o‘zbek jurnalistikasi maqomini oshirish yo‘llarini aytdi (“Oila davrasida”, 27 iyun). Unga ko‘ra, OAVga doir qonunlarning ijrosiga erishish, mustaqil va halol sud tizimini barpo etish, OAV biznesidagi cheklovlarni liberallashtirish, xalqaro tashkilotlarni O‘zbekistonga qaytarish va so‘z erkinligi bilan birga so‘z aytganlarning erkinligini himoya qilish lozim. Hozir esa milliy jurnalistika issiq-sovuq suv yoki qaynona-kelin muammosini yozish darajasida qolmoqda. “Totalitar jamiyatda demokratik matbuot bo‘lmaydi, xuddi shuningdek, demokratik jamiyatda matbuot ibtidoiy qolishining iloji yo‘q. Jamiyat demokratlashmasdan turib, uning ichidagi matbuot demokratlasha olmaydi”, deb hisoblaydi K. Bahriev.

XS
SM
MD
LG