Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2020, Тошкент вақти: 21:52

OzodDayjest: Karimov xatolarini qizi Gulnoraning pullari hisobiga to‘g‘rilash taklif etildi


Illyustrativ surat.

Ketma-ket 3 nafar bosh prokurorga jinoiy ish ochilgani e’tirozlar uyg‘otdi. Taniqli iqtisodchi Yu. Yusupov G. Karimovaning O‘zbekistonga qaytarilgani iddao etilgan pullar taqdiri bilan qiziqdi. Qurolli kuchlar akademiyasiga o‘qishga kirishda aldov aniqlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Ketma-ket 3 nafar bosh prokurorga jinoiy ish ochilgani bu organga nisbatan e’tirozlar uyg‘otdi

Keyingi to‘rt yil ichida uch nafar bosh prokurorga jinoiy ish ochilgani, besh oy ichida 61 nafar prokuratura xodimi tamagirlikda ayblangani ushbu idoraga nisbatan haqli e’tirozlar uyg‘otmoqda (“Darakchi”, 27 iyun). “Korrupsiyaga qarshi kurashni kimlar, qaysi tashkilot vakillari olib boradi? Prokuraturadagilarmi? Qanday qilib? Axir, to‘rt yilda uch nafar bosh prokuror korrupsiyada ayblanib, ishdan olingan va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va joriy yilning besh oyida prokuratura organlarining 61 nafar xodimi tamagirlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, endi buyog‘iga nima bo‘ladi?” deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, faqat tizim xodimlari maoshini oshirish bilan bu borada ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi. Ta’kidlanishicha, prokuratura xodimlari har qanday jinoyatga jazo muqarrar ekanini nafaqat bilishi, balki amalda ko‘rishi ham lozim.

Gulnora Karimovaning milliardlari yuzasidan rasmiy tushuntirish so‘raldi

Taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov Gulnora Karimova tomonidan O‘zbekistonga qaytarilgani iddao qilingan 1,2 milliard dollar mablag‘ byudjetga kirim qilingan-qilinmagani masalasiga e’tibor qaratib, bu borada rasmiy tushuntirish so‘radi. “Davlat byudjetining daromadlar to‘g‘risidagi qaysi moddasiga ko‘ra bu kabi kirimlar amalga oshirilmoqda? Negadir shu kabi moddalar va byudjetdagi tegishli summalarni eslay olmadim”, deb yozdi Y. Yusupov. Amaldagi soliq siyosatini tanqidiy baholab kelayotgan mutaxassis vaziyatdan foydalanib mas’ullarni qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdorini pasaytirishga undagan. “Balki mana shu kirimlar QQSni 20 foizdan 12 foizga tushirishga yetar va soliq islohotidagi asosiy muammoni hal etishga yordam berar? Otasining soliq siyosatida yo‘l qo‘ygan xatosi qizining pullari evaziga to‘g‘rilansa, yomon emas-ku”, deb yozgan u.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimova nomidan bayonot tarqatildi. Unda G. Karimovaning musodara qilingan 1,2 milliard dollar mablag‘i O‘zbekiston foydasiga ishlayotgani ma’lum qilingan. Moliya vazirligi esa ushbu ma’lumotni rad etgan.

Repost.uz nashri hisob-kitobiga ko‘ra, 1,2 milliard dollar mablag‘ga 36 ta “Afrosiyob” tezyurar poezdi xarid qilish, 6 ta “Humo arena” kabi muz saroyi, metropolitenning 10 yangi yo‘nalishi, aeroportning 5 ta yangi terminali va butun boshli Tashkent City’ni barpo qilish mumkin.

Qurolli kuchlar akademiyasiga aldov yo‘li bilan o‘qishga kirish holati aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasiga jinoiy yo‘l bilan o‘qishga kirish holati aniqlandi (“Huquq”, 27 iyun). Bu haqda Toshkent harbiy prokuraturasi katta tergovchisi Yahyobek Samadov ma’lum qilgan. Akademiyaga hujjat topshirgan abiturient yigit 2018 yilning 5 iyul kuni test imtihoniga o‘ziga o‘xshaydigan tanishini kiritgan. Abiturient va uning tanishi bir-biriga juda o‘xshagani sabab tekshiruvchilar bu nayrangni sezmagan. Shu tariqa abiturient akademiya kursantlari safidan o‘rin olgan. Qayd etilishicha, mazkur jinoyat fosh etilib, noqonuniy ishga qo‘l urganlarga tegishli jazo tayinlangan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Mutlaqo begona shaxsning imtihonga kirishiga yo‘l qo‘ygan tekshiruvchilarga qanday chora ko‘rilganiga ham oydinlik kiritilmagan.

XS
SM
MD
LG