Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:22

Tramp Putinni AQSh saylovlariga aralashmaslikka chorladi


Tramp va Putin uchrashuvi. Osaka, Yaponiya
Tramp va Putin uchrashuvi. Osaka, Yaponiya

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Yaponiyaning Osaka shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Katta yigirmatalik” sammiti doirasida uchrashib, muzokara o‘tkazdi.

Tramp Putin bilan suhbat davomida u bilan “juda, juda yaxshi munosabatlarini” olqishladi, ammo Rossiya prezidentini AQShdagi saylovlarga aralashmaslik haqida ogohlantirdi.

Ikki yetakchi, shuningdek, o‘zaro munosabatlarni yaxshilash hamda Eron, Suriya va Venesueladagi vaziyatni muhokama qildi.

Oq uy e’lon qilgan bayonnomada yozilishicha, 28 iyun bir yarim soat davom etgan uchrashuv davomida ikki prezident qurollar ko‘lamini boshqarish haqida ham fikr almashgan.

Tramp va Putin o‘rtasidagi birinchi to‘liq formatdagi uchrashuv 2018 yilning iyulida Xelsinkida bo‘lib o‘tgan edi.

Xelsinki uchrashuvida Tramp Putin bilan maslahatchilarsiz suhbatlashdi va suhbat tafsilotini Kongressga ochiqlashdan bosh tortdi.

Keyingi yillarda Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovib ketdi.

2018 yilning noyabrida Rossiya Azov dengizida ikki Ukraina kemasini asir olishi ortidan Tramp Argentinada “Katta yigirmatalik” sammiti doirasida Putin bilan o‘tkazishi rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilgan edi.

Putin bu yilgi sammit arafasida Osakada biror yirik qaror berilishini kutmayotganini aytdi.

Financial Times nashrida chop etilgan maqolada yozilishicha, Putin: “Ushbu umumiy muhokamalar davomida mavjud kelishmovchiliklarni silliqlab, ilgari siljish uchun zamin yaratishimizga umid bor”, degan.

Yadroviy qurollar

Moskva va Vashington 1987 yilda imzolangan O‘rta va yaqin masofaga otiluvchi raketalarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani uzaytirish bo‘yicha ham kelisha olmay keladi.

Shartnoma joriy yilning avgust oyida o‘z kuchini yo‘qotadi.

2010 yili imzolangan va strategik yadroviy qurollarga cheklov qo‘yuvchi New START shartnomasi esa 2021 yilda o‘z kuchini yo‘qotadi.

Tramp ma’muriyati Xitoy ishtirokida shartnoma davomini ishlab chiqish haqida bosh qotirmoqda.

Financial Times bilan suhbat davomida Putin Vashington New START kelishuvini uzaytirish bo‘yicha muzokara boshlashga oshiqmayotganini yana bir bor ta’kidladi.

- Muzokaralarni hozir boshlamasak, bu tugaydi, chunki rasmiyatchiliklar uchun vaqt qolmaydi, - dedi Putin.

AQSh va Rossiya Eron va Venesueladagi vaziyat bo‘yicha ham bir-biriga zid qarashlarga ega.

Tehron ham, Karakas hamda Kremlning hamkorlaridir.

Tramp Venesuela iqtisodi inqirozga yuz tutar ekan, amaldagi prezident Nikolas Maduroni chetlatishga urinib keladi. Shu sabab Tramp Rossiyani Maduro tuzumini qo‘llashni bas qilishga chorlab keladi.

Financial Times bilan suhbatda Putin Venesuelada tuzum o‘zgarishi haqida shunday dedi:

- Bu xaos bo‘ladi. Ular [AQSh] qanday bunday ish tuta oladilar?

XS
SM
MD
LG