Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:31

Qozog‘iston g‘arbidagi neft konida chiqqan janjal sabab yuzlab xorijiy ishchilar evakuatsiya qilindi


Tengiz konidagi ishchilar o‘rtasida janjal. (Fotosurat videodan olingan)
Tengiz konidagi ishchilar o‘rtasida janjal. (Fotosurat videodan olingan)

Qozog‘iston g‘arbidagi eng yirik neft va gaz konida xorijiy va mahalliy xodimlar o‘rtasida janjal chiqishi ortidan yuzlab iordaniyalik va livanlik ishchilar evakuatsiya qilindi. Janjalda 30dan ziyod odam turli darajada jarohat olgan.

"Xudoga shukr, ularning hammasi sog‘-omon. Ular xavfsiz mehmonxonada. U yerdagi rasmiylar barcha choralar ko‘rilganiga bizni ishontirishdi va vaziyat iziga tushdi," deb yozdi Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi o‘zining tvitter sahifasida 30 iyun kuni.

Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Tengiz neft konida 107 nafar iordaniyalik ishchidan 5 nafari “yengil jarohat” olgan.

Iordaniyaning Qozog‘istondagi elchisi Yusuf Abdulg‘aniy yuzlaridan jarohat olgan ishchilar bilan Atirau shahridagi mehmonxonada suratga tushdi.

Livanning Qozog‘istondagi elchisi Giskard al-Xuriyga ko‘ra, neft konidan 150 nafarga yaqin livanlik ishchi evakuatsiya qilingan va politsiya himoyasiga olingan.

Ishchilar Livanga qaytarilishi mumkin”, deb aytgan u livanlik jurnalistlar bilan suhbatda.

29 iyun kuni ijtimoiy media tarmoqlarida Tengiz neft konida ishchilarning o‘z hamkasblarini tepkilayotgani va do‘pposlayotgani tasvirlangan video va fotosuratlar tarqaldi.

Ba’zi videolarda ishchilarning aftidan xorijiy ishchilarni boshiga stul bilan urayotgani, qonga belanib yotgan ishchilarni tepkilayotganini ko‘rish mumkin.

Ishchilardan birining Ozodlikka aytishicha, janjal xorijiy ishchilarning ijtimoiy tarmoqlarga mahalliy ishchilar tomonidan haqoratli deya baholangan foto va video suratlarni qo‘ygani ortidan boshlangan.

Al-Xuriy livanlik ishchining qozoq hamkasbi bilan tushgan surati mahalliy ishchilar g‘azabini qo‘zg‘atib yuborganini tasdiqladi.

Tengiz neft konida mehnat sharoitlarining mahalliy va xorijiy ishchilarga turli darajada ekani ham ziddiyatlarni kuchaytirib yuborgani aytiladi.

Tengiz konidagi ishchilarning Ozodlikka aytishicha, treyninglar xarajati ularning maoshlaridan bosib qolingan va ishga 15 minut kech qolganlar ham ishdan bo‘shatilgan.

Ular ish beruvchilardan qozoq ayollarini xorijiy ishchilar xizmat ko‘rsatuvchi oshxonalarga ishga olmaslikni ham talab qilganlar.

Tengiz neft va gaz konida xorijiy va mahalliy ishchilar o‘rtasida oxirgi 20 yil ichida ikkinchi bor ommaviy janjal yuz bermoqda.

2006 yilda qozoq va turk ishchilari o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqandi.

Atirau viloyati hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, turli darajada jarohat olgan 30 dan ko‘proq odamga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi hodisa yuzasidan tergov ishi ochganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG